Kichik zilzilalardan qanday xavf bor – mutaxassis fikri
So‘nggi paytda O‘zbekiston va unga yaqin hududlarda yer qimirlashi ko‘p kuzatilmoqda. Jurnalistika rivoji bilan har qanday ma'lumot zum o‘tmay, internet saytlarda paydo bo‘lyapti. Aslida vaziyat qanday? Nega zilzilaga xos silkinishlar soni ortmoqda?
Favqulodda vaziyatlar vazirligining seysmoprognostik monitoring respublika markazining statistik ma'lumotlariga ko‘ra, 2018 yil boshidan beri shu kungacha sodir bo‘lgan sezilmaydigan zilzilalar soni 108tani tashkil etgan. Nisbatan yuqori magnitudali zilzila shu davrda 14 marotaba bo‘lgan. Kuchli, vayronkor zilzila (6 – 9 ball) esa qayd etilmagan.
Fizika-matematika fanlari doktori, professor Qahhorboy Abdullabekovning aytishicha, zilzilalar fasllarga qarab o‘zgarib turadi va ayni jarayonga iqlimning ta'siri kuzatiladi.
«Zilzilaning 2ta turi mavjud: mayda va kuchli. Kuchli zilzila mavsumiy xarakterga ega emas. U yilning istalgan paytida sodir bo‘lishi mumkin. Ikkinchi turdagisi, aksincha, fasllarga mos ravishda o‘zgarib turadi. Bahor-kuz oylarida nisbatan ko‘proq sodir bo‘ladi, chunki ushbu davrda keskin iqlim o‘zgarishi kuzatilib, yog‘ingarchilik bo‘ladi. Yer qatlamida namlik ortadi va yerosti jinslarining o‘zgarishi natijasida zilzila paydo bo‘ladi va tabiiy holat deb qabul qilinadi», deydi G.Mavlonov nomidagi seysmologiya instituti xodimi Abdullabekov.
Mintaqadagi eng katta yer silkinishi 1911 yili 5 fevralda Rixter shkalasi bo‘yicha 9 ballni tashkil etgandi. Uning oqibatida, Murg‘ob oqimini o‘zgartirib, tog‘ bag‘rida tabiiy ko‘l paydo bo‘lgan. Keyinchalik, bevosita Toshkent shahrida 1966 yili yuz bergan mash'um tabiiy ofat barchani larzaga soldi. Tonggi soat 5.23 daqiqa o‘tganda yuz bergan yer silkinishi oqibatida 2 million kvadrat metr maydondagi uy-joylar, 236ta ma'muriy bino, taxminan 700dan ortiq savdo va ovqatlanish binolari, 181ta ta'lim muassasasi, 36 madaniy binolar, 185 tibbiy muassasa va 245ta sanoat korxonalari yaroqsiz holatga keldi. Albatta, o‘zbek xalqi har qanday kuchdagi yer silkinishidan xavotirga tushishi tabiiy.
O‘zbekistonning seysmik xaritasiga e'tibor bersangiz, sharqiy hududlarda zilzila g‘arbga nisbatan kuchliroq seziladi, chunki aynan shu joylarda tog‘ hosil bo‘lish jarayoni kechmoqda. Ma'lumki, Yer sathining o‘sishi natijasida sekinlik bilan tog‘ hosil bo‘ladi. Markaziy Osiyoda shu holat yuz beryapti.
«O‘z-o‘zidan aniq bo‘ladiki, tekisliklarda zilzila tog‘li hududlarnikidan 1 ball pastroq seziladi. Yer sathi tog‘li joylarda 1 sm, tekisliklarda esa 3-4 mm ko‘tariladi. Ushbu nomutanosiblik natijasida uzilish paydo bo‘ladi. Yer ostida yoriqlar bo‘ladi va ular bir-biriga nisbatan suriladi. Natijada zilzila sodir bo‘ladi. Yer shari yirik plitalardan iborat va ular harakatlanadi. Markaziy Osiyoda janubdan Hindiston plitasi shimolga Yevrosiyo plitasiga qarab yiliga 1 sm suriladi. Oqibatda, yer sathi o‘sib, tog‘ formatsiyasi boshlanadi. Jarayon davomida tabiiy ravishda zilzila yuz beradi», deya ayni holatga tarif beradi professor Abdullabekov.
Olimning fikricha, qisqa va mavsumga xos kuzatilayotgan zilzilalar katta yer silkinishining kuchini kamaytiradi. Bu hodisa Yer ostidagi tarangliklarga yumshoqlik beradi. Shunday qilib, vahima qilishga o‘rin yo‘q. Shunga qaramay, hech qanday texnika yer silkinishini avvaldan aniqlash imkoniyatiga ega emas.
Muhabbat Ma'mirova
Mavzuga oid
07:30 / 17.10.2024
Afg‘onistonda sodir bo‘lgan zilzila kuchi Surxondaryoda sezildi
18:44 / 16.10.2024
Turkiya sharqida yana kuchli zilzila sodir bo‘ldi
15:52 / 09.09.2024
Marokashdagi zilzilaga bir yil to‘ldi. Aholi hanuz chodirlarda yashab, hukumat va’da qilgan yordamni kutmoqda
07:30 / 09.09.2024