«Kun.uz» tahririyatiga Ichki ishlar vazirligi Samarqand akademik litseyi o‘quvchisidan murojaat kelib tushdi.
Unda shunday deyiladi: «Litseyda 800 nafarga yaqin o‘quvchi o‘qiydi. Ammo litsey oshxonasiga 100 kishi sig‘adi xolos. Oshxonada gigiyenik qoidalar unutilgan. Tekshiruvchilar kelganda bular oldindan ogohlantiriladi. Bizga hatto hayvon ham yemaydigan ovqat pishirishadi. Somsa (molning kalla-pochasidan), perashkisi yog‘ga bo‘kib yotadi. O‘qituvchilar va direktorimizga boshqa turdagi ovqatlar pishiriladi. Bizga hatto bir necha kunlik qaylani ham beraverishadi. Men o‘sha ovqatlar tufayli oshqozonimdan qattiq aziyat chekayapman.
Qolaversa, biz IIV Samarqand akademik litseyida o‘qib, haligacha forma bilan ta'minlanganimiz yo‘q. Forma uchun pulni shu yilning iyul oyida yig‘ib berganmiz. Forma faqat 1-kurs o‘quvchilariga berilgan. Tekshiruvchilar kelishganda ular yig‘ilishga chiqishadi. Hammasi ko‘zbo‘yamachilik. Hatto isitish tizimi yo‘q. Xonalar sovuq».
Mazkur murojaat borib o‘rganildi.

Ushbu litseyda 775 nafar o‘quvchi o‘qiydi. Murojaatda aytilganidek, haqiqatan ham litsey oshxonasi 100 o‘ringa mo‘ljallangan.

– Kelgusi yili dastur asosida 200 o‘rinli oshxona quriladi, – deydi litsey direktori Aktam Usmonov. – Ayni vaqtda loyihalash ishlari davom etmoqda.
Ma'lum bo‘lishicha, ayni vaqtda litsey o‘quvchilari o‘z hisoblaridan ovqatlanishadi. Oshxonada nonushta, tushlik va kechki tanovul uchun taomlar tayyorlanadi.
Ammo oshxonadagi sanitariya holatini yaxshi deb bo‘lmaydi. Bosh oshpaz oshxona oxirgi marta qachon davlat sanitariya-epidemiolgiya nazorati markazi tomonidan tekshiruvdan o‘tkazilganini ham aytib bera olmadi.


O‘sha kuni tayyorlanayotgan taomlar tibbiyot xodimi nazoratidan o‘tmagan. Taomlar sifatiga hech kim javob bera olmaydi. Bosh oshpaz bu holatni oshxonaga biriktirilgan hamshira kelmay qolgani bilan izohladi.
















