Birovning haqidan qo‘rqmaslik nimadan dalolat beradi? Albatta, qalb ko‘zining yumuqligidan. Hayotda shunday insonlar borki, ular o‘z nafslari yo‘lida qo‘shnisini, do‘stini va hatto qarindoshini ham ayab o‘tirmaydi – ularning haqini tap tortmay yeydi. So‘nggi kunlarda odamlarni ishlatib, ularning pullarini bermay, yallo qilib yurgan “shovvoz”lar anchagina. Ular o‘zlaricha “davring keldi, qandingni ur”, deb yurishgan bo‘lsada, ammo bir kunmas-bir kun qonun oldida, albatta, javob berishadi. Yaratgan huzuridagi hisob esa barchasidan qattiq va alamli bo‘ladi.

KUN.UZ tahririyatining elektron pochtasiga kelgan navbatdagi maktub mazmuni bilan tanishar ekanmiz, beixtiyor ana shular haqida o‘yladik. Quyida voqea tafsilotlari keltiriladi.

“Assalomu alaykum. Biz bundan ikki yil avval oilamizni boqish uchun Qozog‘istonga bordik. Jami 4 kishi edik. F.A ismli o‘zbek yigiti ish topishda vositachi bo‘ldi. Maoshimiz har bir kishi uchun 300 AQSh dollaridan edi. 45 kunda ishimizni tugatdik. Uyga qaytishimiz uchun yo‘lkira, pasportlarimiz va maoshimizni F.A.dan so‘radik. U kelib pasportlarimizni va yo‘lkiraga pul berib, uyimizga jo‘natib yubordi. Maoshimizni esa ortimizdan jo‘natib yuborishga va'da berdi.

Oradan 21 kun o‘tib pullarimiz keldi, ammo shunda ham 15 kunlik ish haqimiz (150 dollar) qolib ketdi. F.A bizga qo‘ng‘iroq qilib, Qozog‘istonga kelishimizni, ish borligini, qolgan pullarni ham berishini aytib, yoniga chaqirdi. Unga ishonib, 4 kishi yo‘lga chiqdik. Ish boshlandi. Oradan 15 kun o‘tdi, 1 oy o‘tdi, biroq maoshdan darak bo‘lmadi. Pul so‘ragan edik 200 AQSh dollari berdi. Bir kishiga pul kerak edi, unga jo‘natdik. 2 oycha ishlab uyga qaytdik, ammo pul ololmadik.

Uyga kelsak, yana bizga qo‘ng‘iroq qilib, katta ish olganini, ko‘pchilik bo‘lib kelishimiz zarurligini, qolgan pulimizning hammasini berishini aytib, chaqirib qoldi. 6 kishi bo‘lib yana bordik. Ammo yana o‘sha gap, puldan darak bo‘lmadi. Bir sherigimizning otasi og‘rib qolganligi uchun 15 kun deganda O‘zbekistonga qaytib ketdi. 5 kishi bo‘lib yana 2 oy ishladik. Ishlar tugadi. F.A.dan pulimizni so‘rasak, ortlaringdan jo‘nataman, deb va'da berdi. U pullarni uzog‘i bilan 5 kunda olishini aytdi. Shu sabab uning yoniga akam qoldi, biz 4 kishi uyga qaytdik. Akam u yerda 15 kun bir o‘zi ishladi. 3 kishiga 300 AQSh dollaridan, 2 kishiga esa 200 AQSh dollaridan, jami 1300 AQSh dollari jo‘natdi, o‘zlari ham uyga qaytdilar. Ammo bu pullar kelishilgan mablag‘ emasdi. Shu bois F.A.ga qo‘ng‘iroq qilib, qolgan pullarni so‘radik. Ammo u hozir qo‘lida pul yo‘qligini aytdi.

Qolgan kishilar ham pullarini so‘ray boshlashdi. O‘rtaga men bilan akam qolib ketdik. Odamlarning oilalari uyimizga kelib janjal ham qilib ketishdi. Biz F.A.ning yoniga borib, pullarni so‘radik. U bir oy ichida qilib berishini aytdi. 1 oy akam ikkimiz o‘sha yerda yana ishladik. Ammo pul berilmadi. Unga tegishli joyga arz qilishimizni aytdik. Istagan joylaringga boringlar, pul yo‘q dedi. Pasportlarimiz uning qo‘lida edi, bermadi. Uyga ketamiz desak, ishni tugatib ketasanlar dedi. Uning bir do‘sti bor edi. millati turk, o‘zi Qozog‘iston fuqarosi. Shu pasportlarimizni olib kelib berdi. Qo‘limizda pul bo‘lmagani uchun yo‘lkiraga uydan pul so‘rab, qaytib ketishga majbur bo‘ldik.