Yevropada musulmon ayollar faoliyatiga to‘sqinlik davom etmoqda

Yevropada musulmonlar, ayniqsa musulmon ayollarni siyosat yoki ijtimoiy sohaning yuqori qatlamlarida qabul qilish avvalgidek muammoligicha qolmoqda. DailySabah Belgiya mustaqil deputati Mohinur O‘zdemirning bayonotiga asoslanib, shu haqida xabar berdi.
O‘tgan haftada AQShda o‘tgan oraliq saylovlar natijasida mamlakat tarixida birinchi marta ikki musulmon siyosatchi Vakillik palatasiga saylandi. Ilhan Omar va Rashida Tlaib bilan bir qatorda ilk marta tub amerikalik va lotin Amerikasi ayollari ham vakillikka saylandi. 12 yoshida Somalidan qochqin sifatida AQShga kelgan Ilhan Umar Vakillik palatasining hijobdagi birinchi vakilasi bo‘ldi.
Yevropaning aksariyat mamlakatlarida musulmonlar eng yirik nasroniy bo‘lmagan vakillar hisoblanadi. Belgiya, Fransiya, Germaniya va Niderlandiya kabi G‘arbiy Yevropa mamlakatlarida yashovchi musulmonlar 4-10 foizni tashkil qiladi. Shunga qaramay, G‘arbiy Yevropa siyosatida musulmonlarga yetarlicha e'tibor qaratilmagan.
Kontinental Yevropaning 5 foizini tashkil qiluvchi 26 milliondan ziyod musulmon hatto siyosat va ijtimoiy sohalardan tashqarida ham o‘z diniy majburiyatlarini amalga oshirishda muammolarga duch kelmoqda. Masalan, islom olamining eng katta bayramlaridan biri Iyd Al-Adha (Qurbon hayiti) vaqtida aksariyat Yevropa davlatlarida qurbonlik keltirishda qiyinchiliklarga duch kelinadi.
Minoralarsiz masjidlar qurilishiga bosim kuchayib borayotgan bir vaqtda ba'zi mamlakatlar bu masjidlarda ishlovchi diniy personal Avstriya yoki Belgiya ruhoniylari tomonidan saylanishi kerakligiga oid qarorga keldi.
Yevropada musulmonlarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari ko‘paymoqda, bunda jabrlanuvchilar asosan – musulmon ayollar. Umumiy hisobda Yevropa va Belgiyada islomofobiya qurbonlarining 60 va 76 foizini ayollar tashkil qiladi.
Ayni damda butun kontinental Yevropada faqat birgina hijobli ayol – asli turkiyalik bo‘lgan mustaqil deputat Mohinur O‘zdemir. O‘zdemir nima uchun islomofobiya ko‘proq ayollarga yo‘naltirilganiga izoh berdi: “Chunki musulmon, hijobdagi ayollar ko‘zga darhol tashlanadi. Avtomobil urib ketishi mumkin. Endi jismoniy hujumga ham o‘tishmoqda”.
Bugunga kelib milliy parlamentga saylangan hijobli ayollar yo‘q. Mohinur O‘zdemir esa kontinental Yevropada mahalliy parlamentga saylangan yagona hijobli deputat hisoblanadi. Uning deputatlik faoliyatiga nisbatan ham to‘siqlar bo‘lgan, biroq konstitutsiya bunga yo‘l qo‘ymagan.
Yevropa parlamentiga kirgan birinchi musulmon deputat ayol hisoblangan O‘zdemir 1984 yilda Belgiyaning Shayerbekida tug‘ilgan. Mamlakatdagi uchinchi turklar avlodi vakili bo‘lgan O‘zdemir Libre de Bruxelles universitetida sanoat qurilishi sohasida magistr darajasini olgan. U fransuz, golland va ingliz tillarini biladi. 2009 yilda siyosatga kirib kelgan va Gumanistik demokratik markaz (CDH) deputati sifatida Bryussel parlamentiga saylangan.
O‘zdemir o‘zi misolida Yevropada musulmon ayol sifatida siyosat yuritish qiyin ekanini ta'kidlaydi, zero uning tanilishiga to‘sqinlik qilganlar bo‘lgan. Uning aytishicha, bunday holatlar Yevropaning konservativ mamlakatlarida ko‘proq kuzatiladi.
O‘zdemirning so‘zlariga ko‘ra, Yevropada populizm avjiga chiqmoqda, Yevropa o‘z muammolariga yechim topish o‘rniga ularda “aybdorlar”ni izlamoqda.
“Belgiyada odatda hijobdagi ayolga ishlashga ruxsat beriladi. Biroq diniy erkinlikka qaramay, aksariyat ish o‘rinlari hijobli ayollar ishlashiga imkon bermaydi. Ba'zi universitetlar o‘z obektlarida hijobli ayollarning ta'lim olishiga yo‘l qo‘ymaydi. Ko‘pchilik bu haqida gapirmaydi. Agar siz bu muammolarni muhokamaga olib chiqadigan bo‘lsangiz, g‘alaba qozonish imkoningiz ancha past bo‘ladi. Tuzilma tizimni bloklaydi, buning natijasida esa ko‘plab bilimli musulmon ayollar bandlik sohasida kamsitishlarga duch keladi”, - deydi O‘zdemir.
U masjidlarga hujumlar siyosat tomonidan qoralanmasligini qo‘shimcha qildi. Ayolning so‘zlariga ko‘ra, hujumlar normal holat kabi qabul qilinmoqda, qat'iy jazo yo‘qligi natijasida esa irqchi guruhlar hujumda davom etmoqda.
Boshqa tomondan, Mohinur O‘zdemirning fikricha, Yevropa mamlakatlaridagi terroristik hujumlar va suriyalik qochqinlar qit'ada islomofobiyaning o‘sishiga katta ta'sir ko‘rsatgan. Yevropa davlatlari bugungi kunda immigratsiya va muhojirlarga qarshi chiqayotgani bunga yorqin misoldir.
Mavzuga oid

10:10
Nemis kompaniyalarining O‘zbekiston bozoriga kirishi osonlashtiriladi

15:28 / 03.07.2025
YeI 2040 yilga borib CO2 tashlamalarini 90 foizga qisqartiradi

10:58 / 30.06.2025
Yevropada rekord darajadagi jazirama: Fransiyada yong‘inlar, Germaniyada qurg‘oqchilik

21:51 / 26.06.2025