Jahon | 10:58 / 30.06.2025
1806
3 daqiqa o‘qiladi

Yevropada rekord darajadagi jazirama: Fransiyada yong‘inlar, Germaniyada qurg‘oqchilik

G‘arbiy Yevropada kuchli jazirama kuzatilmoqda, bir qancha harorat rekordlari yangilandi. Germaniyada qurg‘oqchilik yana kuzatilishi mumkin, Fransiyada o‘rmon yong‘inlari boshlandi. 3 iyuldan keskin sovuq va yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda.

Foto: Regnum

G‘arbiy Yevropada 28—29 iyun, dam olish kunlari issiq jazirama kuzatildi, ko‘plab shaharlarda kunduzi havo harorati +35°C dan oshdi.

Ispaniyaning Portugaliya bilan chegaradosh El-Granado shahrida +46°C qayd etildi. Bu Ispaniyada iyun oyida qayd etilgan eng yuqori haroratdir.

30 iyun kuni Londonda harorat +35°C ga yetishi kutilmoqda, bu yil boshidan beri eng yuqori ko‘rsatkichdir. Shu kuni Buyuk Britaniya poytaxtida tennis bo‘yicha Uimbldon turniri ochiladi. Uimbldonning birinchi kuni eng issiq kun bo‘yicha yangi rekord kutilmoqda.

Germaniyada +30°C va undan yuqori harorat qayd etilgan. 2025 yilning fevral-may oylari natijalariga ko‘ra, Germaniya meteorologiya xizmati mamlakat butun tarixidagi, ya’ni 1881 yildan beri eng katta qurg‘oqchilikni boshidan kechirganini e’lon qildi. O‘shanda Reyn sathi 100 yillik eng past darajaga tushib ketdi.

Iyun oyining boshida Germaniya bo‘ylab yomg‘ir yog‘di. Ammo endi issiqlik qurg‘oqchilikni qaytarishi mumkin. «So‘nggi bir necha kun ichida deyarli yomg‘ir yog‘madi. Quruq va juda issiq bo‘lishda davom etadi. Demak, qurg‘oqchilik kuchayishda davom etadi. Bu juda issiq va quruq yoz bo‘lishi mumkin», — dedi meteorolog Dominik Yung Bild gazetasiga. Bild nashrining yozishicha, Germaniyaning ayrim hududlarida allaqachon kunduzi sug‘orish taqiqlangan.

G‘arbiy Yevropada, jumladan, Germaniyada jazirama to‘lqin kamida 2 iyulgacha davom etadi, shundan so‘ng u sharqqa tomon siljishi kutilmoqda. Prognozga ko‘ra, Germaniyada 3 iyuldan keyin yomg‘ir yog‘adi.

29 iyun kuni Fransiya janubidagi tarixiy Langedok hududida o‘rmon yong‘inlari sodir bo‘ldi. Sobiq Fonfruad abbatligi evakuatsiya qilindi. Yong‘inlar Tuluza va Narbonna o‘rtasidagi avtomagistralni har ikki yo‘nalishda yopib qo‘ydi.

Fransiya hukumati 29 iyun oqshomida jazirama tufayli favqulodda yig‘ilish o‘tkazdi. Ayrim hududlarda maktablar yopilyapti. Parijda harorat yaqin kunlarda +35°C dan oshishi kutilmoqda.

Mavzuga oid