Jahon | 15:28 / 03.07.2025
1203
2 daqiqa o‘qiladi

YeI 2040 yilga borib CO2 tashlamalarini 90 foizga qisqartiradi

Yevropa Komissiyasi 2040 yilga borib Yevropada parnik gazlar tashlamalarini 1990 yilga nisbatan 90 foizga kamaytirish niyatida. Reja, shuningdek, uchinchi mamlakatlarda tashlamalarni kamaytirishni hisobga olish uchun moslashuvchanlik qoidalarini o‘z ichiga oladi.

Foto: AP

2040 yilga borib Yevropada parnik gazlar tashlamalari (SO2) 1990 yil darajasiga nisbatan 90 foizga kamaytiriladi – bu yangi majburiy vaqtinchalik maqsad Yevropa Komissiyasi (YeK) tomonidan 2 iyul, chorshanba kuni Bryusselda e’lon qilindi. «Yevropa fuqarolari iqlim o‘zgarishi oqibatlarini tobora ko‘proq his qilar ekan, ular Yevropadan harakatni kutmoqda», dedi YeK raisi Ursula fon der Lyayyen. Reglamentga ko‘ra, Yevroparlament va Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar hali uni tasdiqlashi kerak.

YeK yangi maqsadga birinchi navbatda Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida karbonat angidrid tashlamalarini kamaytirish orqali erishmoqchi. Biroq, epd agentligi ta’kidlaganidek, ayrim hukumatlar, xususan, Germaniya bosimi ostida taklifda ko‘proq moslashuvchanlikni ta’minlaydigan qoidalar mavjud. Shunday qilib, 2036 yildan boshlab Yevropa Ittifoqi davlatlari o‘zining iqlim balansiga uchinchi mamlakatlarda iqlimni muhofaza qilish bo‘yicha loyihalarni cheklangan darajada – 1990 yildagi chiqindilarning 3 foizigacha kiritishi mumkin bo‘ladi. Gap «uglerod kreditlari» deb ataladigan, ya’ni Yevropa Ittifoqiga kirmaydigan mamlakatlarda SO2 tashlamalarini kamaytirish yoki yo‘qotishni moliyalashtirish haqida bormoqda.

Birinchi navbatda sanoat, transport va qishloq xo‘jaligi korxonalari parnik gazlar chiqindilarini kamaytirishi kerak. Taklif, shuningdek, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishni ko‘paytirish hamda uglerodni ushlash va saqlash (CCS) texnologiyalarini rag‘batlantirishni ham o‘z ichiga oladi. Bu CO2 atmosferaga kirishining oldini olish va global isishni sekinlashtirish uchun amalga oshiriladi. Yevropa Ittifoqida CO2'ni yanada intensiv o‘rmonzorlar va yangi texnologiyalarni joriy etish orqali yo‘qotish yangi iqlim maqsadiga erishishga yordam berishi kerak, deb ta’kidladi YeK.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid