O‘zbekiston | 08:41 / 14.11.2018
7180
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident qarori: “O‘zsanoatqurilishbank”ning ustav kapitalidagi davlat ulushi oshirildi 

Foto: O‘zsanoatqurilishbank

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Parrandachilikni yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. 

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining mablag‘lari hisobidan ekvivalenti 50 million AQSh dollari miqdorida “O‘zsanoatqurilishbank” ATBning ustav kapitalidagi davlat ulushi oshirildi. 

Belgilanishicha:

“O‘zsanoatqurilishbank” ATB ustav kapitaliga yo‘naltiriladigan Jamg‘arma mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 6 yanvardagi PQ–2718-son “Oziq-ovqat, charm-poyabzal va farmatsevtika sanoatida investitsiya loyihalarini moliyalashtirish manbalarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq “O‘zsanoatqurilishbank” ATB tomonidan ochilgan kredit liniyasi mablag‘lari hisobidan ajratiladi; 

Jamg‘arma uch oy muddatda ushbu bandda ko‘rsatilgan mablag‘larni “O‘zsanoatqurilishbank” ATB ustav kapitaliga o‘tkazib berilishini ta'minlaydi; 

O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi o‘rnatilgan tartibda “O‘zsanoatqurilishbank” ATB tomonidan chiqariladigan aksiyalarni ro‘yxatdan o‘tkazilishini ta'minlaydi. 

Belgilab qo‘yilishicha:

“O‘zsanoatqurilishbank” ATB ustav kapitaliga kiritilayotgan 50 million AQSh dollari ekvivalentidagi maqsadli mablag‘lar parrandachilikni rivojlantirish sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish maqsadida boshqa tijorat banklariga ham kreditlar ajratish uchun yo‘naltiriladi; 

tadbirkorlik sub'yektlariga ushbu bandda nazarda tutilgan kreditlar bo‘yicha imtiyozlar foiz stavkasi bo‘yicha to‘lovlarning bir qismini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kompensatsiya qilish shaklida beriladi; 

“O‘zsanoatqurilishbank” ATB Jamg‘arma tomonidan ushbu bandda nazarda tutilgan mablag‘larni bankning ustav kapitaliga o‘tkazilgan kundan boshlab boshqa tijorat banklar tomonidan taqdim etilgan parrandachilikni rivojlantirish sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish maqsadida ularning hisobraqamlariga pul mablag‘larining o‘tkazilishini ta'minlaydi; 

“O‘zsanoatqurilishbank” ATB va boshqa tijorat banklari parrandachilikni rivojlantirish borasidagi loyihalarni chuqur tahlillar asosida rentabellik, samaradorlik va pul oqimlarining kredit hamda ular bo‘yicha foizlarni o‘z vaqtida qaytarishni ta'minlash salohiyatidan kelib chiqqan holda moliyalashtiradi. 

Mavzuga oid