So‘nggi paytlarda turli manbalarda bosma matbuotning keyingi taqdiri haqida har kim bilganicha bashorat qilmoqda. Kimdir internet taraqqiy etgan davrda bosma nashrlarning zamoni o‘tib bo‘lganini aytsa, yana kimdir har bir ommaviy axborot vositasining hamma zamonlarda ham o‘z o‘rni borligi bilan tasalli berishga urinmoqda.
Ammo nima bo‘lganda ham ochig‘ini aytish kerak, obuna mavsumining bu yilgi «noma'lum» holati ko‘pchilikni mana shu kabi sarosimali savollar girdobiga ilk bor tashlab qo‘ydi. Mazkur jarayonda nafaqat, gazeta yoki jurnallar muharrirlari, balki, yillar davomida tahririyatlar nonini «yarimta» qilib kelayotgan pochta va turli shakldagi tarqatuvchilarning ham boshi qotgani rost.
Gapning indallosini aytadigan bo‘lsak, ko‘pchilikni qiynayotgan savol bu — «majburiy obuna»ning bo‘lmasligidadir. Xo‘sh, haqiqatan ham shunday bo‘lsa obuna hisobidan yashab kelayotgan tahririyatlarning taqdiri endi nima kechadi?
Har gal shu mavzuda gap ketganda o‘quvchilik davrim yodimga tushaveradi. Maktab o‘qituvchilari bo‘lgan ota-onamiz oylik maoshlari hisobidan bir dunyo gazeta-jurnallarga obuna bo‘lishardi. «G‘uncha»dan tortib «Izvestiya»gacha kelardi uyimizga. Tuman markazidan 65–70 kilometr olis bo‘lishiga qaramasdan, haftada ikki marta «Pochta» mashinasi qatnardi qishlog‘imizga...
Ammo bugun shaharning qoq markazida yashasam-da, so‘nggi 10–15 yil davomida mening uyimga pochta xodimlarining yo‘li tushmadi. (Yaqin atrofimizda pochta qutisi ham yo‘q) Men ham ularni izlamadim, eslamadim... Masalaning asl mohiyati ham ana shunda...
Birinchidan, qator yillar davomida «o‘tish davri»ning o‘ziga yarasha tashvishlari bilan o‘ralashib «avval iqtisod» aqidasi (balki haqiqati) bilan nafas olishga to‘g‘ri keldi. Bozor sharoitlari davrida ma'naviy-iqtisodiy mutanosiblikni saqlash oson kechmadi. Bu jarayonda hamma sohada bo‘lgani kabi ommaviy axborot vositalari har jihatdan rivojlandi, taraqqiy etdi. Ularning turi va soni ko‘paydi, raqobat maydoni esa bo‘yiga o‘sib, eniga kengaydi.
Ayniqsa, ayrimlar bugun «sariq matbuot» deb atayotgan nashrlar xalqning eng og‘riqli nuqtalari, ijtimoiy-maishiy turmush tarzi bilan bog‘liq mayda ichir-chikirlar haqida erinmasdan, ipidan ignasigacha yozishdan charchamadi va shu orqali matbuot bozorini egalladi. Balki o‘sha davrda aholining qaysidir qatlami uchun qanaqa rangli matbuot bo‘lishidan qat'i nazar, ULAR terapiya vazifasini o‘tagandir. Buni ham tan olishimiz kerak. Va yana eng qizig‘i, bugungi «obuna vasvasa»si O‘ShA nashrlarni qattiq talvasaga ham solayotgani yo‘q...
Ochig‘ini aytganda, aksariyat siyosiy-rasmiy axborotlar, qaysidir nufuzli joyda o‘tkazilgan yig‘ilishlarning tafsilotlarini o‘z tashvishlari bilan horigan, nafaqat, o‘qituvchi uchun balki har qanday kasb egasi uchun ham maroqli deb bo‘lmaydi! Yoinki, nashrlarimiz qachongacha almashib keladigan yil fasllariga o‘xshab har mavsumda bir xil mavzudagi materiallarni takrorlayverishi kerak?















