Prezident AQSh Kongressi delegatsiyasini qabul qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 noyabr kuni kongressmen Trent Kelli boshchiligidagi AQSh Kongressi delegatsiyasini qabul qildi.
Davlatimiz rahbari tarkibida AQSh Vakillar palatasi a'zolari Visente Gonsales, Ronald Estes, Rojyer Marshall va Jyennifer Gonsales Kolon ham bo‘lgan delegatsiyani samimiy qutlar ekan, kongressmenlarni AQSh parlamentiga oraliq saylov muvaffaqiyatli o‘tgani bilan tabrikladi.
Keyingi yillarda O‘zbekiston bilan AQSh o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani chuqur mamnuniyat bilan qayd etildi. Joriy yil may oyida Vashingtonda bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklikning yangi davrini boshlab bergani ta'kidlandi.
Turli yo‘nalishlar bo‘yicha ikki tomonlama aloqalar faollashdi, konstruktiv siyosiy muloqot yo‘lga qo‘yildi, parlamentlararo almashinuvlar, shuningdek, madaniy-gumanitar va ta'lim sohalaridagi hamkorlik kengaymoqda.
Savdo-iqtisodiy sohada birgalikdagi sa'y-harakatlar bilan o‘zaro savdo hajmini oshirish, O‘zbekiston iqtisodiyoti tarmoqlarini rivojlantirish va modernizatsiya qilishga AQShning yetakchi kompaniyalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari va texnologiyalarini jalb etish borasida aniq yo‘naltirilgan ishlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yil boshidan buyon o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi ikki barobar ortdi, mamlakatimizda AQSh kapitali ishtirokida 25 dan ziyod yangi korxona tashkil etildi.
Oktyabr oyida mamlakatimizda AQSh savdo vaziri Uilbur Ross boshchiligidagi nufuzli delegatsiya ishtirokida birinchi marta Amerika biznesi haftaligi o‘tkazildi.
Davlatimiz rahbari AQSh Vakillar palatasida kongressmenlar T.Kelli va V.Gonsales rahbarligida «O‘zbekiston bo‘yicha kokus» tashkil etilganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Ushbu mexanizm munosabatlarni har tomonlama kengaytirish va aniq iqtisodiy loyihalarni ilgari surishda samarali omil bo‘lib xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarga doir, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi.
Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik uchun qulay sharoitlar yaratish hamda bu boradagi qo‘shma loyihalarni, avvalo, hududlararo darajada qo‘llab-quvvatlashga alohida e'tibor qaratildi.
Kongressmenlar davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekistonda yangi bosqichda amalga oshirilayotgan hamda barcha soha va yo‘nalishlarni qamrab olgan islohot va yangilanishlarga yuksak baho berdi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash, o‘zaro manfaatli amaliy hamkorlikni kengaytirishga faol ko‘maklashishga tayyorlik ta'kidlandi.
Mavzuga oid
20:48 / 09.10.2024
Buxoroning yangi aeroporti soatiga 8 ta samolyotga xizmat ko‘rsatadi
21:49 / 08.10.2024
Mirziyoyev MDH sammitida ko‘ptomonlama hamkorlik barcha yo‘nalishlarda rivojlanganini yuqori baholadi
19:31 / 06.10.2024
Shavkat Mirziyoyev Rossiyaga boradi
16:30 / 01.10.2024