Maktabda zamonaviy mehnat xonasi ochildi
Koreya Respublikasining «Asiana Airlines» aviakompaniyasi va «Friendasia» tashkiloti tomonidan o‘ziga xos loyihaga qo‘l urildi.
Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi 1822 nafar bola bilim olayotgan 244-umumta'lim maktabining sobiq o‘quvchisi, hozirda faol tadbirkor Jamshid Esenbayev tashabbusi bilan o‘quvchilarni kasbga yo‘naltirish va zamonaviy texnologiyalar asosida ta'lim berish maqsadida ilk bor «Chiroyli sinf» loyihasi ish boshladi.
Loyiha doirasida maktabdagi texnologiya fani xonalari tubdan yangilanib, 200 million so‘mdan ziyod mablag‘ sarflandi. O‘g‘il bolalarga hunar o‘rgatish uchun mo‘ljallangan mashg‘ulot xonasi 20 turdagi (payvandlash uskunalari, kompyuter, turli stanoklar va hokazo), qizlarning mehnat ta'limi xonasi esa 26 turdagi (muzlatkich, dazmol doska, idishlar to‘plami, tikuv mashinalari) zamonaviy jihozlar bilan ta'minlandi.
«Ushbu loyiha asosida uch tomonlama shartnoma imzolanib, 40 kun ichida «Clobel avtotransservis» tashkiloti tomonidan ta'mirlash ishlari amalga oshirildi. Ikki mamlakatning ta'lim sohasidagi hamkorligi pedagoglarning har ikki tizimdagi eng a'lo usul va metodlarini o‘rganishiga imkoniyat yaratadi. Qolaversa, bolalikdan kimdir hunar egallashga, kimdir til o‘rganishga va yana birov hisob-kitobga qiziqadi. Bu qobiliyatni shakllantirishda maktabda o‘tiladigan texnologiya darslari, ushbu fan mashg‘ulot xonalariining yetarli jihozlar bilan ta'minlanishi juda muhim. Zamonaviy o‘quv jihozlari bilan ta'minlangan xonalarda amaliy mashg‘ulot o‘tayotgan o‘g‘il-qizlar milliy hunarmandchilik, pazandachilik, yog‘och o‘ymakorligi, chilangarlik va dizayn yo‘nalishida saboq olmoqda», – deydi Yashnobod tumani XTB mudiri o‘rinbosari Nodirjon Hayitov.
Eng so‘nggi texnologiyalar bilan jihozlangan ushbu mashg‘ulot xonalaridagi zamonaviy darslar hozirdanoq o‘z samarasini bera boshladi. Yoshligidan ixtirochilik, konstruktorlik sohalariga qiziqib kelgan 14 yoshli o‘quvchisi Iskandar uchun o‘zi o‘qiydigan 244-umumta'lim maktabidagi ushbu «Chiroyli sinf» loyihasi ayni muddao bo‘ldi. U o‘zi yaratgan yangi robotcha va o‘ziyurar mashina bilan Xalqaro innovatsiyalar haftaligida faol ishtirok etib, ko‘rgazma ishtirokchilarining e'tirofiga va maxsus sovringa sazovor bo‘ldi. Innovatsion sinfdagi mashg‘ulotlarda yana yangi-yangi ixtirochilar, konstruktorlar, dizaynerlar kashf etilishiga ishongan holda, Yashnobod tumanida boshlangan ushbu tashabbus mamlakatimizdagi boshqa maktablarda ham davom etishiga umid bildirilgan.
Mavzuga oid
09:00 / 09.09.2024
Toshkentda kuchli ta’sir qiluvchi dorilarni sotayotgan shaxs ushlandi
07:28 / 15.07.2024
Toshkentda aholi yashash xonadonida yong‘in sodir bo‘ldi
17:10 / 07.06.2024
Toshkentda yo‘l chetidagi daraxtga borib urilgan Lacetti haydovchisi vafot etdi
13:11 / 03.06.2024