30 oktabrdan 8 noyabrga qadar Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi rasmiy organlari va Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) missiyasi o‘rtasida o‘tgan muhokamalarning mazmuniga doir ma'lumotlar taqdim etildi. Rasmiy organlar barcha jabhalarda iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni amalga oshirishda davom etmoqda. Muhokamalar davomida quyidagi masalalarni ko‘rib chiqishga alohida e'tibor qaratildi: iqtisodiy vaziyatni rivojlantirish istiqbollari, ayniqsa, inflyatsiya prognozlari bo‘yicha, 2019 yil byudjyeti, kreditlash bozori segmentatsiyasi pasayishi, statistikani takomillashtirish hamda texnik yordam dasturlari koordinatsiyasini yaxshilash.

Iqtisodiy vaziyatni rivojlantirish istiqbollari

Tashqi savdo o‘sishni qo‘llab-quvvatlamoqda, biroq import va eksport ma'lumotlari iqtisodiyotning erta "qizish" belgilari mavjudligini ko‘rsatmoqda. Uchinchi chorakda import o‘sishi yuqori ko‘rsatkichlarda davom etgan, bu nafaqat ichki talabning (ayniqsa, mashinalar va uskunalarga) faol o‘sishini, balki mahalliy oraliq tovarlar ishlab chiqarilishi bilan bog‘liq qiyinchiliklarni ham ko‘rsatadi. Shu bilan birga, uchinchi chorakda noxomashyo tovarlar eksporti sezilarli darajada sekinlashdi, bu, ehtimol, eksportning qisman ichki iste'molga qayta yo‘naltirilishi hisobiga qoplanuvchi ichki talab tomonidan bosimni aks ettiradi.

Tashqi pozitsiya yoki joriy operatsiyalar hisobi 2017 yildagi ijobiydan 2018 yilda salbiyga o‘zgaradi (YaIMning 3 foizi hajmidagi defitsit) va yaqin yillarda me'yoriy salbiy ko‘rsatkichlar darajasida qoladi. O‘zbekistonda keng tarqalgan fikrlarga qarshi o‘laroq, kichik tashqi defitsitlar iqtisodiyotga foyda va bu iqtisodiyotda islohotlar va modernizatsiya boshlanayotgan bir davr uchun kutilgan holat. Shu bilan birga, dastlabki bosqichda ichki talab tomonidan haddan tashqari bosimni yuzaga keltirayotgan makroiqtisodiy siyosat me'yorlariga tuzatish kiritish muhim.

Yalpi ichki mahsulot taxminan 5 foizga o‘sishda davom etgan. Uchinchi chorakda tog‘-kon sanoati, telekommunikatsiya, qurilish sohalari va ba'zi xizmatlar sektorlarida faol o‘sish saqlanib qolgan. Biroq jahon bozorlarida sotilishi mumkin bo‘lgan tovar ishlab chiqaruvchi va ayniqsa yangi ish o‘rinlarini yaratish uchun katta ahamiyatga ega sektorlarda o‘sish ko‘rsatkichlari jonlanishiga doir belgilar u qadar sezilarli emas. Ushbu sektorlardagi o‘sish suratlarining pastligi elektr energiyasi va suv kabi oraliq resurslarga ega bo‘lish bilan bog‘liq muammolarni aks ettirishi taxmin qilinmoqda. Tashqi savdoga chiquvchi tovarlar ishlab chiqariluvchi sektorlarda o‘sishni rag‘batlantirish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar (TXI)ni jalb qilishga doir ishlarni kuchaytirish zarur.