Jahon | 20:44 / 21.11.2018
4213
2 daqiqa o‘qiladi

Karlos Gonning hibsga olinishi Nissan rahbariyatining “ishi” bo‘lishi mumkinligi ma'lum qilindi 

Renault-Nissan alyansi rahbari Karlos Gonning hibsga olinishi Renault va Nissan’ning birlashishi rejasi bilan bog‘langan bo‘lishi mumkin. Anonim manbalardan ma'lum bo‘lishicha, bu bo‘yicha qaror bir necha oy ichida qabul qilinishi kerak edi. Nissan boshqaruv kengashi bu birlashuvga qarshi bo‘lgan va bunga har qanday usul bilan yo‘l qo‘ymaslik imkonini qidirgan.

Financial Times nashri ma'lumotlariga ko‘ra, Karlos Gon Tokio aeroportida hibsga olingungacha aynan shu masala bilan shug‘ullangan. Nissan boshqaruvi bunga qat'iy qarshi chiqqan, chunki bu Renault maqomini mustahkamlashi mumkin bo‘lgan. Hozirda fransuzlarga Nissan’ning 43 foiz aksiyasi tegishli bo‘lib, bu ularga kompaniyadagi biznes jarayonlarni nazorat qilish va rahbariyat a'zolarini tanlash imkonini bergan. Bu orada Nissan Renault’ning ovoz berish huquqisiz bor-yo‘g‘i 15 foiz aksiyasiga egalik qiladi.

Asahi Shimbun nashrining ma'lum qilishicha, Tokio prokuraturasi xodimlari Nissan bilan yaqindan hamkorlik qilgan. Jumladan, huquq-tartibot idoralari Gonning samolyoti Xaneda aeroportida qo‘nishining aniq vaqtini bilishgan.

Karlos Gon daromadlarni yashirishda va kompaniya mablag‘larini maqsadga muvofiq sarflamaslikda ayblanmoqda. Ichki tergov davomida Gon kompaniya hisobiga ko‘chmas mulk xarid qilgani va uni ta'mirlatgani ma'lum bo‘lgan. Aniqlanishicha, u Rio-de-Janeyro, Bayrut, Parij va Amsterdamda bir necha milliard iyenga uylar sotib olgan. Gonga ushbu ayblov bo‘yicha 10 yillik qamoq jazosi xavf solmoqda.

Mavzuga oid