Jahon | 21:52 / 21.11.2018
8859
2 daqiqa o‘qiladi

Jurnalistika dunyodagi eng xavfli kasblar qatorida qolmoqda

Jurnalistika dunyoning eng xavfli kasblaridan biri bo‘lib qolmoqda. Chorshanba kuni YuNeSKO shtab-kvartirasidagi yig‘ilishda taqdim etilgan Xalqaro kommunikatsiyalarni rivojlantirish dasturi (XKRD) hukumatlararo kengashi hisobotida shu haqida ma'lum qilindi. 

Hujjatga ko‘ra, 2016-2017 yillarda jahonda professional vazifasini bajara turib 182 nafar jurnalist halok bo‘lgan. O‘tgan ikki yilda eng ko‘p matbuot vakillariga amalga oshirilgan hujumlar Osiyo-Tinch okeani mintaqasida qayd etilgan bo‘lib, u yerda 54 nafar muxbir halok bo‘lgan.  Ikkinchi o‘rinda – Yaqin Sharq (50) va Lotin Amerikasi (50). Afrikada 13 muxbir, G‘arbiy Yevropa va Shimoliy Amerikada – 11, Markaziy va Sharqiy Yevropada – 4 nafar muxbir xizmat vazifasini o‘tayotganda o‘ldirilgan. 

Halok bo‘lganlar orasida ayollar sonining sezilarli darajada oshib borayotgani xalqaro dastur rahbariyatining xavotiriga sabab bo‘lmoqda. O‘tgan yili 11 nafar jurnalist ayol o‘ldirilgan, bu umumiy ko‘rsatkichning 14 foizini tashkil qiladi. Besh yil avval, 2012 yilda esa bu ko‘rsatkich 4 foizni qayd etgan.  

O‘tgan yili birinchi marta jurnalistlarning aksariyati (55 foizi) harbiy mojarolardan yiroq mamlakatlar hududlarida o‘ldirilgani jurnalistlar hamjamiyatida tashvish uyg‘otmoqda. Ilgari bunday jinoyatlarning ko‘pi qurolli mojarolar kuzatilayotgan zonalarda ro‘y berar edi. 

Hisobot mualliflarining ta'kidlashicha, bu kabi jinoyatlarning jazosiz qolayotgani yana bir muammo. Faqat 11 foiz holatdagina jurnalistlarning o‘ldirilishi bilan bog‘liq tergov ishi oxirigacha olib borilgan. 

Mavzuga oid