Iqtisodiyot | 15:24 / 22.11.2018
21283
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston valyuta konvertatsiyasi jarayonini liberallashtirdi, ammo boshqa masalalar ham yechimini kutmoqda - mutaxassis

​90-yillar o‘rtasidan to 2017 yilga qadar amalda mavjud bo‘lgan milliy valyutaning konvertatsiya qilish bilan bog‘liq muammolar tufayli O‘zbekiston xalqaro savdo uchun yopiq mamlakatga aylangandi. Import va eksport amaliyotida esa ko‘p to‘siqlar mavjud edi. Valyuta ayirboshlash jarayonini liberallashtirish ana shu to‘siqlardan birini olib tashladi, ammo sohada yechimini kutayotgan masalalar hali ko‘p, deb hisoblaydi BMT Taraqqiyot dasturi maslahatchisi Ziyodullo Parpiyev. 

22 noyabr kuni Toshkent shahridagi Wyndham mehmonxonasida tashkil etilgan «​Mahalliy ishlab chiqaruvchilar raqobatbardoshligini oshirish va tashqi savdoni rag‘batlantirish yo‘llari» mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy seminar ishtirokchisi Ziyodullo Parpiyevga ko‘ra, Prezident ushbu to‘siqlarni yengib o‘tish bilan birga, O‘zbekistonning Jahon banki Doing Businees reytingida kuchli yigirmatalikdan o‘rin egallashi borasida aniq vazifalarni belgilab bergan. 

«So‘nggi davrda O‘zbekiston mazkur reytingdagi maqomini ancha yaxshilab oldi. Masalan, 2012 yilda mamlakat 166-o‘rinda e'tirof etilgan bo‘lsa, 2018 yilga kelib, O‘zbekiston 190 mamlakat orasida 74-pog‘onaga ko‘tarilib oldi​. Bundan tashqari, u biznes uchun qulay sharoit yaratish borasida islohotlarni davom ettirayotgan mamlakatlarning kuchli 10ligida e'tirof etildi», - deydi mutaxassis. 

Parpiyevning aytishicha, Doing Businees reytingida O‘zbekiston 2019 yilgi kutilmalarga muvofiq, 2 pog‘ona pastlagan. Reyting esa 10ta indikator bahosidan kelib chiqib tuziladi. Ana shu indikatorlardan biri -  «​Xalqaro savdo» bandiga ko‘ra, O‘zbekistonda vaziyat so‘nggi yillarda o‘zgarmay kelmoqda. Mamlakat ushbu band bo‘yicha 190 mamlakat ichida 165-o‘rinda kelmoqda. 

Statistikaga ko‘ra, avto ehtiyot qismlarni import qilish chog‘ida O‘zbekiston bojxona qoidalari bo‘yicha hujjatlarni rasmiylashtirishga 174 soat va taxminan 292 AQSh dollari sarflanadi. Bu borada tadbirkor Avstriyada hech qanday mablag‘ va vaqtni yo‘qotmasligi mumkin. 

Shu tufayli bojxona ma'muriy boshqaruvi va biznes-iqlimni yaxshilash uchun jarayonlar (karantin va fitosanitar xizmati)avtomatlashtirilmoqda.  Bojxona yuk deklaratsiyasini elektron rasmiylashtirish 2014 yilda joriy etildi. Bojxonada xavfni boshqarish tizimi qo‘llanmoqda. U ma'lumotlarni to‘playdi, tahlildan o‘tkazib, bojxona xodimiga samarador qaror qabul qilishi uchun aniq ma'lumotlarni taqdim etadi. Tizim bilan yuklarni ko‘zdan kechirish jarayonidan 100 foiz voz kechish ham mumkin.

Mavzuga oid