O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki rasmiy saytida import operatsiyalari bo‘yicha valuta konvertatsiyasiga cheklovlar joriy etilishiga doir chiqishlarga o‘z izohini berdi.
«So‘nggi vaqtlarda ommaviy axborot vositalarida import operatsiyalari bo‘yicha valuta konvertatsiyasiga cheklovlar joriy etilayotganiga doir chiqishlar tarqatilmoqda.
Ma'lumki, 2017 yilning sentabr oyidan boshlab barcha xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga ichki valuta bozorida joriy xalqaro operatsiyalar bo‘yicha hech qanday cheklovlarsiz xorijiy valutani erkin xarid qilish huquqi berildi.
Erkin konvertatsiya amaliyoti joriy etilganidan buyon xorijiy valutani sotish va xarid qilish bo‘yicha valuta operatsiyalari hajmi bir necha barobarga o‘sdi.
Xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga valuta mablag‘larini sotish bo‘yicha operatsiyalar shu yilning yanvar-sentabr oylarida 2017 yilga ko‘rsatkichlarga nisbatan qariyb 3 barobar o‘sgan, valuta mablag‘larini xarid qilish esa 2 barobardan ziyodga ko‘paygan.
Joriy yilning avgust oyida xorijiy valuta xarid qilgan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar soni 7,6 mingni tashkil etgan, 2018 yilda bu ko‘rsatkich 4,1 mingni, 2017 yilda esa 340 tani tashkil etgan.
Bir vaqtning o‘zida iqtisodiyotni erkinlashtirish va shaffoflashtirish bilan bir qatorda davlat ishtirokidagi xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar faoliyatining samaradorligini oshirish hamda milliy ishlab chiqaruvchilarni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashda davlat resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Biroq, amaliyotda davlat xaridlarini amalga oshirish chog‘ida davlat resurslarini mamlakatda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan (sifati bo‘yicha ham, narxi bo‘yicha ham qolishmaydigan) mahsulotlar importiga sarflanayotgani ularning bahosi oshirib ko‘rsatilayotgani, zarur marketing tadqiqotlari o‘tkazilmasdan, faoliyat uchun zarur bo‘lmagan mahsulotlar olib kirilayotgani kuzatilmoqda, bu esa davlat mablag‘larining oqib chiqib ketishi va muzlatilishiga sabab bo‘lmoqda.
Bu holda, yuqorida qayd etilgan holatlarga yo‘l qo‘yilmasligi uchun Hukumat tomonidan davlat xaridlari, investitsion va boshqa dasturlar doirasida alohida davlat kompaniyalarining import shartnomalarini ekspertizadan o‘tkazilmoqda, bunda ishlab chiqarish va investitsion loyihalarda ko‘rsatilgan narxlarga mosligi, xuddi shunday sifat va narxga ega mahsulotlar ichki bozorda borligiga e'tibor qaratilmoqda.









