Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lish ichki islohotlarni o‘tkazish vositasi - ekspert
Jahon savdo tashkilotiga (JST) a'zo bo‘lish, tom ma'noda ichki islohotni o‘tkazish vositasidir. Hukumatning JSTga a'zo bo‘lish haqidagi talabnomasi uning chuqur islohotlarni o‘tkazishga tayyorligidan darak beradi, deb hisoblaydi tashkilotning xalqaro maslahatchisi Yurgen Rixter.
«JSTga a'zo bo‘lish haqidagi talabnoma, savdo siyosati doirasida, ichki islohotlarni tizimli faollashtiruvchi hamda jadallashtiruvchi mexanizm bo‘la oladi. Qoidaga binoan, JSTga qo‘shilish, yanada kengroq tizimli islohotlar paketining sababi emas, balki uning qismi hisoblanadi. Tashkilot safiga yaqindagina qo‘shilgan aksariyat mamlakatlar a'zo bo‘lish jarayonidan ichki islohotlarni o‘tkazish va xorijiy investitsiyalarni bevosita jalb qilishda foydalanganlar», - deydi u.
22 noyabr kuni Toshkent shahridagi Wyndham mehmonxonasida tashkil etilgan “Mahalliy ishlab chiqaruvchilar raqobatbardoshligini oshirish va tashqi savdoni rag‘batlantirish yo‘llari“ mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy seminarda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikramov mamlakatning JSTga a'zo bo‘lishiga doir jarayonlarga qisqacha to‘xtalib o‘tdi.
«Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lish talabnomasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surildi va amalda bu borada ishlar davom ettirilmoqda. Ayni kunlarda Tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Fransiyada xizmat safarida bo‘lib, ushbu masalada qator muzokaralarni olib bormoqda», - deydi u.
Yirik iqtisodiy rivojlangan davlatlar o‘rtasidagi savdo urushi O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lib kirishiga ta'sir qiladimi? Shu kabi mulohazalar va tashkilotga a'zo bo‘lish borasida fikrlarini bildirgan Oliy Majlis Senati Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Alisher Kurmanov masalaga optimistik ruhda baho bermoqda.
«Umuman, O‘zbekistonda proteksionizm tendensiyalari asta-sekin yo‘qolib bormoqda. Parlament ushbu masalaga qisman aralashgan. Chunki, Prezidentimizning AQSh tashrifi chog‘ida, Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lib kirishda O‘zbekistonga ko‘mak berish bo‘yicha Amerika hukumati bilan kelishuv imzolangan», - deydi u.
Senatorga ko‘ra, «bu masalada chuqur o‘ylab, keyin qarorga kelish maqsadga muvofiq. Ayrim davlatlarda proteksionizm choralari joriy etilmoqda. Ilgari O‘zbekiston ibrat olayotgan davlatlar o‘z siyosatini o‘zgartirayotgan holda bu masalani chuqur o‘rganish lozim».
1995 yili tashkil topgan tashkilotga ayni paytda 21ta davlat a'zolik talabnomasini yo‘llagan bo‘lib, ular orasida O‘zbekiston ham bor.
«JSTga a'zo bo‘lishdan oldin biz buning ijobiy jihatlari bilan birgalikda, mamlakat iqtisodiyoti uchun ehtimoliy salbiy oqibatlarini ham o‘rganishimiz zarur. Shuning uchun, albatta, bu masalaga ehtiyotkorlik bilan yondashish zarur», – deydi Tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Sohib Saifnazarov aytib o‘tdi.
Mavzuga oid
17:12 / 28.03.2022
Galina Saidova savdoni erkinlashtirish xavflari haqida gapirdi. Iqtisodchilar u keltirgan argumentlarni rad etdi
17:50 / 21.12.2021
Importni kvotalash: Vazir izoh berdi, iqtisodchi savdoni cheklashni bas qilishga chaqirdi
16:42 / 07.12.2021
Kvotalash niqobi ostida...
09:57 / 04.11.2021