Jahon | 22:56 / 25.11.2018
2855
3 daqiqa o‘qiladi

Nissanʼning sobiq rahbari daromadlarini yashirganini tan olmadi

Renault va Nissanʼning sobiq rahbari Karlos Gon daromadlarini qasddan yashirgani borasidagi ayblovlarni rad etib chiqdi, deb xabar bermoqda En-Eych-Key telekanali oshkor etilmaydigan manbalariga tayangan holda.

Telekanalning ma'lumotlariga ko‘ra, Gon tergovchilarga o‘zining moliyaviy hujjatlarini soxtalashtirish niyati bo‘lmaganini aytgan.

Avvalroq Yaponiya hokimiyati Karlos Gonni 10 kunga hibsga olgan. Uni majburiy hisobdorlik bo‘yicha talablarni buzganlik, investorlar va tartibga soluvchilarga o‘zining mukofotlanishi borasida noto‘g‘ri ma'lumotlar taqdim etganlikda va Nissan mablag‘larini maqsadsiz ishlatganlikda ayblashgan.

Yaponiya ommaviy axborot vositalarining tarqatgan ma'lumotlariga ko‘ra, Tokio prokuraturasi Nissan puliga biznesmen nomiga Livan va Braziliyada xarid qilingan ko‘chmas mulk bilan ham qiziqib qolgan.

Braziliyada livanliklar oilasida tavallud topgan 64 yoshli Karlon Gon jahon avtomobilsozligining eng mashhur top-menejyerlaridan biri sanaladi. Yigirma yilcha muqaddam u Nissanʼni xarajatlarning keskin kamayishi va boshqa o‘zgarishlar natijasida yuzaga kelgan tanazzuldan qutqarib qolgan. Gon Renault, Nissan va Mitsubishi o‘rtasidagi alyans me'morlaridan biri bo‘lgan, shuningdek u “AvtoVAZ”, nemislarning “Daimler” va Xitoyning “Dongfeng” kabi va boshqa avto ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlikni kengaytirishning faol tarafdori bo‘lgan.

U 1996 yilning oxirlaridan boshlab Renaultʼda rahbar lavozimlarda ishlagan. 1999 yilda — Renault va Nissan strategik hamkor bo‘lgan chog‘da yapon kompaniyasiga ishlab chiqarish bo‘yicha direktor lavozimiga o‘tkazilgan, bir yil o‘tib u prezident va bosh direktor bo‘lgan. 2005 yildan boshlab Renaultʼning prezidenti va bosh direktori lavozimlarida birvarakayiga ishlagan, 2009 yildan direktorlar kengashiga ham rahbarlik qilgan. 2016 yilning dekabridan Mitsubishi direktorlar kengashi raisi etib saylangan.

2017 yilning aprelida Gon Nissanʼdagi rahbarlik vakolatini Xiroto Saikavaga topshirgan, biroq direktorlar kengashi raisi sifatida qolavergan. 2013-2016 yillarda Gon “AvtoVAZa” direktorlar kengashiga rahbarlik qilgan.

Renaultʼning aksiyalari dushanba kuni Parijdagi savdolarda 13 foizga pasayib, 2014 yilgi minimum darajagacha tushgan. Tokiodagi Nissan aksiyalari savdosi esa Gonning ehtimolli hibsga olinishi va haydalishi to‘g‘risidagi xabarlar ortidan ertaroq tugagan, Frankfurtda esa ularning qiymati 11 foizga arzonlagan.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid