O‘zbekiston | 23:46 / 28.11.2018
10716
7 daqiqa o‘qiladi

Orolbo‘yi mintaqasi uchun BMT shafeligida maxsus fond tuzilmoqda

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-York shahridagi qarorgohida 27 noyabr kuni BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik asosida Trast fondi faoliyati boshlanishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Bu haqida O‘zA xabar bermoqda.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi, Norvegiya va Yaponiya hukumatlari tomonidan BMTning inson xavfsizligi bo‘yicha bo‘limi va qator tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda BMT maxsus tuzilmalari, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, AQShning yetakchi kompaniya va bank-moliya institutlari, xalqaro nodavlat ekologiya birlashmalari, ilmiy doiralaridan 300 ga yaqin ishtirokchi qatnashdi.

Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik asosida Trast fondini tashkil etish borasidagi mamlakatimiz tashabbusining BMT tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi O‘zbekiston va xalqaro hamjamiyat bilan mintaqada ekologik inqiroz oqibatlariga barham berish va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash, aholi turmush sharoitini oshirish yo‘lidagi faol muloqotning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Mamlakatimiz delegatsiyasi vakillari yuqori darajali tadbir avvalida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning salomi va Trast fondi faoliyatini tashkil etishdagi ko‘magi uchun minnatdorchiligini yetkazdi.

Antoniu Guterrish davlatimiz rahbariga o‘zining ezgu niyatlari va 2017 yil sentabr oyida Nyu-York shahrida o‘tgan oliy darajadagi uchrashuv chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik qilishga tayyor ekanini yetkazishni so‘radi.

Tadbirning ochilishida Antoniu Guterrish so‘zga chiqdi va Trast fondining tashkil qilinishini “Jabrlangan mintaqa tarixida yangi sahifa”, deb baholadi. Bu bejiz emas, albatta.

Bosh kotib 2017 yilning iyun oyida Orolbo‘yi hududlariga safar qilgan va jahondagi yirik ichki suv havzalaridan biri Orolning qurib borishi tufayli mintaqada izdan chiqayotgan ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan, insonlar turmush tarzi va kelajakka ishonchi so‘nib borayotganiga guvoh bo‘lgan edi. Oliy martabali mehmon bunday vaziyatga “jahon miqyosidagi talofat” sifatida qaragan edi.

Orolbo‘yi mintaqasi muammosiga jahon hamjamiyatining e'tiborini qaratish va mintaqa rivoji uchun texnik-moliyaviy resurslarni safarbar qilish Trast fondining asosiy maqsad-vazifalaridan sanaladi. Shu ma'noda Antoniu Guterrish donor hamjamiyatlar sa'y-harakatini birlashtirish imkonini beradigan ushbu tuzilma mahalliy aholining yo‘qolayotgan umidlarini qaytarish, ular uchun munosib turmush sharoiti yaratish imkonini berishini ta'kidladi.

Orol fojiasi zamonamizning eng yirik ekologik muammolaridan biriga aylanib ulgurdi. Dengiz tubidan ko‘tarilayotgan chang yiliga 80 million tonnaga yaqin tuz va zararli kimyoviy unsurlarni Sharqiy Yevropadan Himolay tog‘larigacha, Antarktida qirg‘oqlari-yu Grenlandiya muzliklariga va hatto Norvegiya o‘rmonlarigacha bo‘lgan ulkan hududga yoyayotgani “Yo‘qotilgan umidlar” iborasini teranroq anglash va muammoning nechog‘li halokatli tus olganini tushunish imkonini beradi.

Bugungi kunda ekologik inqiroz oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan harakatlarni birlashtirish O‘zbekiston tashqi siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlardan biridir. Shunga muvofiq, Orol dengizi inqirozi oqibatlarini yumshatish va Orolbo‘yi hududini rivojlantirish bo‘yicha 2013-2017 yillarga mo‘ljallangan kompleks chora-tadbirlar dasturi doirasida 500 dan ortiq loyiha amalga oshirildi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 19 sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida jahon hamjamiyati e'tiborini yana bir bor Orol fojiasiga qaratdi. Prezidentimiz tashabbusi bilan 2018–2021 yillarda Orolbo‘yi hududini rivojlantirish bo‘yicha Davlat dasturi qabul qilinishi esa, O‘zbekistonning bu kabi ekologik halokat oqibatlariga qarshi kurashdagi o‘zgarmas siyosatini o‘zida aks ettirdi.

Anjumanda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Yerniyazov ham ishtirok etdi va Orolbo‘yi mintaqasidagi ekologik vaziyatni yaxshilash, inson hayotiga halokatli ta'sirlarni yumshatish bo‘yicha davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan kompleks chora-tadbirlar haqida ma'lumot berdi. O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi tashkil etilgani hamda uning asosiy maqsad va vazifalari haqida ma'ruza qildi.

Orol dengizining qurishi dunyodagi eng yirik ekologik fojialardan biri bo‘lib, mintaqadagi hukumatlar va hamjamiyatlar uchun qator ekologik, ijtimoiy-iqtisodiy, tibbiy va gumanitar muammolarning sababchisi, deb hisoblanadi. Bugungi kunda hududda ichimlik suvi tanqisligi, turli kasalliklarning keng tarqalishi, onalar va bolalar o‘limining ortishi kuzatilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 15-16 noyabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘ldi va bu yerdagi vaziyat bilan yana bir bor yaqindan tanishdi.

Davlatimiz rahbari sa'y-harakati bilan ushbu hududda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni samarali ro‘yobga chiqarish maqsadida kelgusi ikki yilda umumiy qiymati 1,5 milliard AQSh dollari bo‘lgan 800ga yaqin loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Tadbirda Trast fondini tashkil etish tashabbusini 2015 yilda O‘zbekiston tomoni ilgari surgani qayd etildi. Anjumanda Yaponiya, Norvegiya, Nigeriya, Qozog‘iston, Jazoir, shuningdek, qator nodavlat tashkilotlar vakillari ushbu fond faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirdi. Forum doirasida O‘zbekiston hukumatining Fond jamg‘armasiga har yili 2 million AQSh dollari ajratishi ta'kidlandi. Norvegiya delegatsiyasi a'zolari ham so‘zga chiqib, mamlakat hukumatining Fond jamg‘armasiga 1,2 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratish bo‘yicha qarori haqida ma'lumot berdi.

Forum yakuni bo‘yicha matbuot anjumani tashkil qilindi. Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda ushbu forum o‘z ahamiyatiga ko‘ra nafaqat fond faoliyatida, balki Markaziy Osiyo mintaqasida ekologiya va suvdan foydalanish borasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab berishi, ilgari surilgan taklif va tashabbuslar mintaqa xalqlari farovonligini yuksaltirishga xizmat qilishi ta'kidlandi.

Mavzuga oid