Jahon | 08:50
649
3 daqiqa o‘qiladi

Vashington: BMT tahdidlar uchun joy emas

AQSh Rossiyaning Latviya va boshqa Boltiqbo‘yi davlatlari hududidan Ukraina dronlari uchirilishi mumkinligi haqidagi bayonotlarini keskin qoraladi. Vashington BMTni tahdidlar uchun maydon emasligini ta’kidlab, NATO oldidagi majburiyatlarini bajarishda davom etishini bildirdi.

Foto: Kun.uz

Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya 19 may kuni BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida Kreml Ukraina Latviya va boshqa Boltiqbo‘yi davlatlari hududidan hujumchi dronlarni uchirishni rejalashtirayotgani haqida ma’lumotga ega ekanini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, “NATO a’zoligi bu davlatlarni javob choralaridan himoya qila olmaydi”. Nebenzya Kiyev allaqachon Latviyaga ukrain dron bo‘linmalarini joylashtirganini ham iddao qildi. Shu bilan birga, u Rossiya razvedkasi bunday dronlar uchiriladigan joylarni aniqlay olishini ta’kidladi.

Latviyaning BMT Xavfsizlik kengashidagi vakili Sanita Pavlyuta-Deslandes Rossiya tomonining bayonotlarini “sof uydirma” deb atadi.

Ukrainaning BMTdagi doimiy vakili Andrey Melnik ham shunga o‘xshash bayonot berib, Rossiya armiyasining Ukraina fuqarolik aholisiga qarshi hujumlari 2026 yil may oyining birinchi yarmini urush boshlanganidan buyon eng qonli davrlardan biriga aylantirganini aytdi.

AQShning BMTdagi doimiy vakili o‘rinbosari Temmi Bryus Rossiya tahdidlarini qoralab, BMT “Xavfsizlik kengashi a’zolariga tahdid qilish joyi emas”ligini ta’kidladi.

“AQSh NATO oldidagi barcha majburiyatlarini bajarishda davom etadi”, — dedi u.

NATOning Yevropadagi birlashgan qurolli kuchlari oliy qo‘mondoni Aleksus Grinkevich ham Latviyaga qarshi ayblovlarni “Rossiyaning odatiy ayyorona usuli” deb atadi.

Shu bilan birga, Boltiqbo‘yi davlatlari havo hududida dronlar bilan bog‘liq holatlar davom etmoqda. 19 may kuni ertalab Estoniya osmonida ukrain droni urib tushirildi. Uni tutib qolish operatsiyasi NATOning Boltiq dengizi havo hududini patrul qilish missiyasi tomonidan amalga oshirilgan.

Ukraina Tashqi ishlar vazirligi vakili Georgiy Tixiy Rossiya radioelektron kurash vositalari yordamida Ukraina dronlarini ataylab Boltiqbo‘yi davlatlari tomon yo‘naltirayotganini bildirdi.

Shu kuni Latviyada ham Rossiya tomonidan uchirilgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan dron sabab ikki marta havo trevogasi e’lon qilindi. Latviya Milliy qurolli kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, kamida bitta dron mamlakat havo hududiga kirib, keyin uni tark etgan.

Reuters agentligining yozishicha, har ikki holatda ham NATO Havo politsiyasi qiruvchi samolyotlari havoga ko‘tarilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid