Jahon | 18:00 / 29.11.2018
5593
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniya qo‘riqlash kompaniyasi Kobulda besh nafar xodimi halok bo‘lganini tasdiqladi

Foto: AP

Britaniyaning G4S kompaniyasi besh nafar xodimi Kobulda kompaniya bazasiga uyushtirilgan hujumda halok bo‘ldi, yana 32 nafari jarohat oldi. Bu haqda Reuters agentligi xabar tarqatdi.

«Biz 2018 yil 28 noyabrda Kobuldagi bazalarimizdan biriga qilingan sababsiz hujum natijasida besh nafar xodimimiz halok bo‘lgani, 32 kishi jarohat olganini, ulardan besh nafari jiddiy ahvolda ekanini tasdiqlaymiz», - deyiladi kompaniya bayonotida.

Reuters’ning ta'kidlashicha, halok bo‘lganlar orasida Britaniya fuqarosi ham bor.

Chorshanba kuni Afg‘oniston poytaxti sharqiy qismida joylashgan G4S bazasiga kirish joyi yonida portlovchi qurilma bilan to‘ldirilgan avtomobil portladi. Mamlakat IIV ma'lumotlariga ko‘ra, portlashdan so‘ng bir necha qurollangan shaxs kompleksga kirgan. Hujum qilgan jangarilar va afg‘on politsiyachilari hamda harbiylar o‘rtasida otishma sodir bo‘ldi.

Reuters ma'lumotiga ko‘ra, «Tolibon» harakati Britaniya qo‘riqlash kompaniyasi bazasiga uyushtirilgan hujum uchun mas'uliyatni o‘z zimmasiga oldi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid