Sport | 18:31 / 30.11.2018
13911
2 daqiqa o‘qiladi

Mirjalol Qosimov: «Sal vaqtliroq ta'tilga chiqib qo‘ydik»

«Bunyodkor» bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov «Paxtakor»dan uchralgan yirik mag‘lubiyatga (0:4) jamoa a'zolari hali mavsum tugamay ta'til haqida o‘ylay boshlaganliklarini sabab sifatida keltirib o‘tdi. Bu haqda Tribuna.uz xabar bermoqda.

«Nihoyat, chempionatimizni tugatdik. «Bunyodkor» yomon o‘yin ko‘rsatgani yo‘q. O‘z muxlislarining mehrini qozondi, deb o‘ylayman.

«Paxtakor»ni ham haqli g‘alaba bilan tabriklayman, chunki biz sal vaqtliroq ta'tilga chiqib qo‘ydik. Lekin bu ham – yigitlar uchun katta tajriba. Futbolda har bitta o‘yinga tayyorgarlik ko‘rish kerak.

Natijaga qaramay, bolalardan faxrlanaman va ulardan minnatdorman. Endi, ko‘p gap eshakka yuk deyishadi-yu. Ta'tilga chiqdik, yaxshi dam olsak bo‘ldi, eng keraklisi – shu», – deb aytib o‘tdi Qosimov.

Tribuna.uz muxbirining ma'lum qilishicha, «qaldirg‘ochlar» ustozi yanvarda BAAda o‘tadigan Osiyo kubogida O‘zbekiston terma jamoasiga omad tiladi.

Eslatib o‘tamiz, moliyaviy muammolar girdobida qolgani aytilayotgan «Bunyodkor» noyabr oyi o‘rtalarida FIFA talabiga ko‘ra 6 ochkodan mahrum qilingach, chempionat tugashiga 2 tur qolganida bronza uchun kurashdan chiqdi va yakunda to‘rtinchi o‘rinni egalladi.

Mavzuga oid