«MYu» Pikfordni futbol tarixidagi eng qimmatbaho darvozabonga aylantirmoqchi
«Manchester Yunayted» «Everton» darvozaboni Jordan Pikfordni sotib olishga jiddiy bel bog‘lagan.
Express nashri ma'lumotiga ko‘ra, mankunianliklar ushbu darvozabon uchun 80 mln yevrodan ortiq mablag‘ to‘lashga tayyor. Bu transfer amalga oshsa, Pikford futbol tarixidagi eng qimmatbaho darvozabonga aylanishi mumkin.
Ayni vaqtda «qizil iblislar»ning birinchi raqamli darvozaboni — David de Xea klub bilan yangi shartnoma tuzishdan bosh tortmoqda.
Bundan avvalroq «MYu» ispaniyalik darvozabon bilan shartnomani avtomatik ravishda 2020 yilga qadar uzaytirishga tayyorligi, ammo futbolchi rozilik bildirmayotgani haqida xabar berilgandi.
Ayni vaqtda 24 yoshda bo‘lgan Pikford «Everton»ga 2017 yilning yozida «Sanderlend»dan 28,5 mln yevro evaziga kelib qo‘shilgandi. U joriy mavsumda Angliya chempionatida 13 o‘yinda darvozani qo‘riqladi va 15 gol o‘tkazdi. Shu bilan birga, ikki marta penaltini bartaraf etib, 4ta o‘yinda darvozasi daxlsizligini saqladi.
Ma'lumot uchun, ayni vaqtda dunyoning eng qimmatbaho darvozaboni Kepa Arrisabalaga hisoblanadi, u shu yilning yozida 80 million yevro evaziga «Atletik»dan «Chelsi»ga kelib qo‘shilgandi.