Bir teatrda navbatdagi spektakl boshlanmasdan oldin, parda ortidan zalga qaragan aktyorlardan biri grimxonaga yugurib keladi va «qo‘rqmanglar, hayajonlanmanglar, biz ulardan ko‘pmiz», deydi. Bu eski latifa. Yangisini «So‘g‘diyona» – «Mash'al» o‘yinini televizorda sharhlagan Xayrulla Hamidov to‘qidi – «stadionga tashrif buyurgan muxlislar tarkibini ham bemalol tanishtirib o‘tsa bo‘ladi».
Xuddi mana shunday sharoitda Superligaga o‘tish o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. O‘tgan mavsumda yuqori ligada o‘ynagan «So‘g‘diyona» va OTMK kamtarona tarzda Pro-liganing ikkinchi va uchinchi jamoalari bo‘lgan «Mash'al» va «Istiqlol» ustidan g‘alaba qozonishdi. Jizzaxliklar shu bilan to‘rtinchi bor mana shunday o‘tish o‘yinida qatnashishmoqda va barchasida muvaffaqiyat qozonishgan. Umuman, 2000 yildan buyon ba'zida yil oralab o‘tkazilib kelinayotgan o‘tish o‘yinlarida doim yuqori ligadan «tushgan» klublar g‘alaba qozonib, ligadagi o‘rinlarini saqlab qolishgan.
Bu o‘yinlar o‘z holicha ikki holatni izohlab beradi. Birinchisi, mavsum boshida, aniqrog‘i, o‘tgan mavsum oxirida Superliga jamoalari sonini qisqartirgan tashkilotchilarning «agar Superligadan ko‘proq jamoalarni pastga tushirsak, Pro-liga ham raqobatbardosh bo‘lib, kuchayadi», degan iddaolari noto‘g‘ri ekanini isbotlaydi. Ikkinchisi, raqiblar o‘rtasida saviya farqining katta ekani, umuman bunday o‘yinlarni o‘tkazishdan mantiq yo‘qligini ham namoyon etib beradi. Bu shubhasiz. Xo‘sh, o‘tish o‘yinlarini o‘tkazish shartmi?
Biror bir liganing kuchini, saviyasini aniqlashning turli mezonlari bor. Masalan, yetakchi klublarning xalqaro maydondagi ishtiroki yoki chempionlikka kurashuvchi jamoalarning qanchalik ko‘pligi va hokazo.
Yana bir o‘ziga xos o‘lchov bor – ushbu ligadan quyida bo‘lgan liganing saviyasi. Ya'ni, ushbu ligaga chiqish uchun kurashuvchi jamoalarning saviyasi qay darajada? Mavzuni sal aniqlashtiradigan bo‘lsak, Pro-ligamizda Superliga saviyasidagi, Superliga jamoalari bilan tarkib, saviya, byudjyet jihatidan bellasha oladigan klublar bormi? Javobni bilamiz. Albatta yo‘q!
Afsuski, O‘zbekistonda bu ikki liga orasida yer bilan osmoncha farq saqlanib qolmoqda. Superliga klubining byudjyeti bir necha barobar ko‘p. Superliga klublarida sezilarli darajada saviyaliroq futbolchilar to‘p suradi. O‘zimizni aldab nima qilamiz, o‘tish o‘yinlaridan oldin ham «So‘g‘diyona» va OTMK raqiblarini yengib, ligada qolishlarini hammamiz bilib turgandik.
Shu yerda bir paradoksal fikr aytmoqchiman. Superliga va Pro-liga saviyasi o‘rtasida juda katta farq bor ekan, demak o‘tish o‘yinini o‘tkazishdan mantiq yo‘q. Aslida «So‘g‘diyona» yoki OTMK (yoki ikkalasi) birinchi ligaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushib ketib, «Mash'al» va «Istiqlol» (yoki ulardan biri) Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritish kerak edi. Qizig‘-a, Superliga jamoalarining pastdagilardan kuchli ekanini aytib turib, nega «Mash'al» Superligada qatnashishi kerak edi, deyapman?

















