Sport | 21:55 / 19.10.2024
11714
3 daqiqa o‘qiladi

Superliga o‘yini yarim soatga to‘xtab qoldi. PFL o‘yin komissarining IIB bo‘linmasiga olib ketilishi bo‘yicha bayonot berdi

O‘zbekiston Professional futbol ligasi Superliga 21-turi doirasida bugun, 19 oktyabr kuni «Lokomotiv» - «Bunyodkor» (2:3) uchrashuvi ikkinchi bo‘limi kech boshlangani yuzasidan rasmiy axborot berdi.

Tribuna.uz sayti Toshkent viloyatining «Do‘stlik» stadionidagi o‘yin tanaffusi cho‘zilgach, o‘yingohdagi manbasiga tayanib, «Lokomotiv» - «Bunyodkor» uchrashuvi o‘tkazilishiga ma’sul bo‘lgan PFL komissari Qudrat Madrayimov va tartibni saqlash xodimlari o‘rtasida nizo kelib chiqqani, oqibatda uchrashuv komissari IIB xodimlari tomonidan bo‘linmaga olib ketilgani haqida xabar bergan edi. PFL vaziyatga oydinlik kiritdi.

«Superliga 21-turidan o‘rin olgan «Lokomotiv» — «Bunyodkor» bellashuvining 2-taymi belgilangan vaqtdan 32 daqiqa kech boshlandi. Sababi uchrashuv uchun javobgar bo‘lgan Liga komissarining telefoni Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumani IIB xodimlari tomonidan olib qo‘yilgan va uning o‘zi ichki ishlar bo‘limiga olib ketilgan», - deyiladi PFL xabarida.

Ligaga ma’lum bo‘lishicha, «Bunyodkor» klubi rasmiysi hamda IIB xodimi o‘rtasida bahsli vaziyat yuzaga kelgan. Oqibatda tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining og‘zaki ko‘rsatmasiga ko‘ra, Superliga o‘yinida faoliyat olib borayotgan VAR mashinasi hamda stadion hududida bo‘lgan uchrashuv rasmiylariga qarashli avtomashinalarni majburiy ravishda stadion avtoturargohidan olib chiqish uchun evakuator jalb etilgan. Shundan keyin Liga komissari bunday holatda uchrashuvni davom ettirib bo‘lmasligini tushuntirishga uringan vaqtida uning telefoni olib qo‘yilib, komissar go‘yoki ichki ishlar organi xodimining qonuniy talablarini bajarmagani ro‘kach qilinib, u stadiondan olib chiqilgan. 

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi hamda PFL rahbariyatining sa’y-harakati evaziga komissar stadionga yetib kelgan. Bu vaqt davomida uchrashuv hakamlari ikkinchi bo‘limga chiqmagan. 

«Endilikda Liga komissar bildirgisi asosida mazkur ishni o‘rganib chiqadi. Shuningdek, «Do‘stlik» stadioni, «Lokomotiv» va «Bunyodkor» klubi rasmiylari ham bu borada o‘z pozitsiyasini taqdim etadi. Shundan so‘ng Liga ichki ishlar organi xodimlariga huquqiy baho berilishini so‘rab yuqori turuvchi tashkilotga murojaat kiritadi», - deyiladi PFL rasmiy bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, ushbu uchrashuvning 2-bo‘limi 30 daqiqalik kechikish bilan boshlangach, «Metallurg» - «Andijon» o‘yini ham 17:15da emas, yarim soatlik kechikish bilan boshlandi.

Ma’lumot uchun, bu «Do‘stlik» stadionida ro‘y berayotgan birinchi bunday voqea emas. Avvalroq, 25 avgust kuni o‘tgan «Lokomotiv» - «Qizilqum» o‘yinida ham ushbu stadionda shunga o‘xshash holat kuzatilgan edi.

Mavzuga oid