Toshkent viloyatida sodir bo‘lgan dahshatli YTH 4 kishining umriga zomin bo‘ldi
5 dekabr kuni Toshkent viloyati Ohangaron tumani Qamchiq dovoni hududidan o‘tuvchi xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan A-373 “M39 Guliston-Bo‘ka-Angren-Qo‘qon-Andijon-O‘sh” avtomobil yo‘lining 214-kilometrida dahshatli yo‘l-transport hodisasi ro‘y berdi. «Neksiya-2» yengil mashinasining IVECO rusumli avtokranning orqa tomoniga kelib urilishi oqibatida yengil mashinada bo‘lgan 4 kishi, shu jumladan haydovchi Q.B. olingan jarohatlardan hayotdan ko‘z yumgan. Bu haqda Toshkent viloyati IIB YHXB Kun.uz’ga ma'lum qildi.
Dastlabki xulosalarga ko‘ra, 1985 yilda tug‘ilgan haydovchi Q.B. soat kechki 18-45 atrofida «Neksiya-2» avtomobilini Angren-Namangan yo‘nalishida boshqarib ketayotib, uxlab qolgan va yo‘l qurilish ishlarida xizmat ko‘rsatayotgan hamda beton to‘siqlarni joylayotgan IVECO rusumli maxsus avtokranning orqasiga urilib, to‘qnashuv sodir etgan. Yengil mashina ichidagi 1992 yilda tug‘ilgan Q.F, 1999 yilda tug‘ilgan F.H. hamda 1936 yilda tug‘ilgan A.K.lar ham olingan jarohatlardan avtohalokat joyida vafot etishgan. Yana bir yo‘lovchi, 1995 yilda tug‘ilgan O.A. Angren shahar tibbiyot birlashmasi markaziy shifoxonasiga yotqizilgan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shu munosabat bilan, Toshkent viloyati IIb YHXB va Kun.uz tahririyati ham aholiga transport xizmatini ko‘rsatuvchi haydovchilarga murojaat qilib, uzoq safarga yo‘lga chiqishdan avval me'yorida dam olish, avtoulovni texnik sozligiga ishonch hosil qilish, avtomashinani tegishli hujjatlar asosida boshqarish, ogohlantiruvchi yo‘l belgilariga e'tiborli bo‘lish hamda umuman yo‘l qoidalariga og‘ishmay amal qilishni tavsiya qilib qoladi.
Mavzuga oid
13:38 / 08.11.2024
Misr Toshkent viloyatida ko‘chmas mulk sohasiga investitsiya kiritmoqchi
21:15 / 07.11.2024
Toshkent viloyatida isitish mavsumi 8 noyabrdan boshlanadi
11:53 / 06.11.2024
Zoyir Mirzayev Toshkent viloyati hokimi lavozimiga tasdiqlandi
22:14 / 05.11.2024