O‘zbekiston | 12:08 / 08.12.2018
17345
3 daqiqa o‘qiladi

Mirziyoyev inflyatsiya darajasini prognoz ko‘rsatkichlari doirasida saqlab turish uchun qanday choralar ko‘rilishini aytdi

Foto: KUN.UZ

«O‘zbekiston» xalqaro anjumanlar saroyida 7 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kunning 26 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini ushbu ayyom bilan muborakbod etib, siyosiy-huquqiy hayotimizdagi o‘zgarishlar haqida ma'ruza qildi.

Prezidentning ma'lum qilishicha, inflyatsiya darajasini prognoz ko‘rsatkichlari doirasida saqlab turish maqsadida qator chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilmoqda.

«Birinchidan, biz samaradorligi past bo‘lgan va yetarlicha yangi ish o‘rinlari yarata olmayotgan yirik davlat korxonalariga imtiyozli kreditlar ajratishni qayta ko‘rib chiqishimiz lozim. 2019 yilda kreditlar berishda byudjyet hamda O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi xarajatlari ko‘paymasligi kerak.

Ikkinchidan, milliy valyutamiz hamda iqtisodiyot barqarorligini ta'minlash uchun pul-kredit siyosatini tartibga solishning zamonaviy vositalarini joriy etishimiz zarur.

Uchinchidan, asosiy turdagi oziq-ovqat va boshqa iste'mol tovarlarini ishlab chiqaruvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashimiz va bu orqali narxlar barqarorligini ta'minlashimiz kerak. Qishloq xo‘jaligi sohasidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirishga alohida e'tibor qaratiladi.

To‘rtinchidan, strategik ahamiyatga ega bo‘lgan tovarlar bo‘yicha narxlarning shakllanish mexanizmlarini tubdan qayta ko‘rib chiqish hamda ularni faqat birja savdolari orqali sotish, shu asosda erkin raqobat muhitini yaratish talab etiladi.

Beshinchidan, aholining ehtiyojmand qatlamini ijtimoiy himoya qilish maqsadida elektr energiyasi, tabiiy gaz va kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarning bir qismini davlat tomonidan kompensatsiya qilish choralarini ko‘rishimiz lozim.

Oltinchidan, mamlakatimizda ishlab chiqarilmaydigan iste'mol tovarlari importi bo‘yicha tariflarni tartibga solishning moslashuvchan mexanizmlarini joriy qilish kerak.

Yettinchidan, respublikamizning iqtisodiy ahvoli og‘ir hisoblangan 27 ta shahar va tumanini kompleks rivojlantirish maqsadida, avvalo, yirik investitsiya loyihalarini ushbu hududlarda amalga oshirish zarur», - dedi davlat rahbari.

Mavzuga oid