O‘zbekiston | 11:57 / 08.12.2018
5134
2 daqiqa o‘qiladi

Parlament palatalarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qo‘mitalar tashkil qilinadi

Foto: KUN.UZ

«O‘zbekiston» xalqaro anjumanlar saroyida 7 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kunning 26 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini ushbu ayyom bilan muborakbod etib, siyosiy-huquqiy hayotimizdagi o‘zgarishlar haqida ma'ruza qildi.

Qayd etilishicha, davlat va jamiyat rivojiga, xalqning adolatga bo‘lgan ishonchiga jiddiy putur yetkazadigan xavf – korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi keskin kurashish borasida ham aniq choralar ko‘rildi.

Mana shunday og‘ir jinoyatni sodir etgan 1 ming 177 nafar mansabdor shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan.

«Korrupsiyaga qarshi kurashda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar qanchalik harakat qilmasin, xalqimiz bu jirkanch illatga murosasiz bo‘lmas ekan, ta'sirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatmas ekan, bu baloga qarshi samarali kurashni tashkil eta olmaymiz.

Bu illat bilan nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, balki har bir jamoa jiddiy kurashishi kerak. Shuning uchun har bir davlat idorasida jamoatchilik tomonidan nazorat qilinadigan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha o‘z ichki dasturlari bo‘lishi shart», - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bildirilishicha, AQSh, Rossiya, Buyuk Britaniya, Bolgariya, Gretsiya, Latviya, Estoniya kabi ko‘plab mamlakatlarning parlamentlarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha komissiya va qo‘mitalar mavjud.

«Ana shu ilg‘or xorijiy tajribalar va Konstitutsiyamiz talablari asosida Oliy Majlis palatalarida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qo‘mitalar tashkil qilishni taklif etaman. Ushbu qo‘mitalar barcha bo‘g‘indagi davlat idoralarida korrupsiyaga qarshi kurashni yanada kuchaytirishga vakillik organi sifatida munosib hissa qo‘shishi lozim», - deya ta'kidlab o‘tdi davlat rahbari.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid