O‘zbekiston | 11:48 / 10.12.2018
6538
4 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston hududida «Stop trafik» tadbirlari o‘tkazildi

Foto: IIV axborot xizmati

2014-2018 yillarda jinoyatchilikka qarshi kurashish to‘g‘risidagi Davlatlararo hamkorlikdagi choralar dasturi ijrosini ta'minlash hamda 2018 yil 6 oktabrda Qirg‘iziston Respublikasining Cho‘lpon-ota shahrida bo‘lib o‘tgan Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston Ichki ishlar vazirlari tomonidan erishilgan kelishuvga asosan, 22-26 noyabr kunlari besh kun mobaynida ushbu davlatlar hududida bir vaqtning o‘zida “Stop trafik” tezkor profilaktik tadbirlari o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabariga ko‘ra, odam savdosi bilan bog‘liq transchegaraviy va transmilliy guruhlar jinoiy faoliyatini oldini olish va ularni fosh etish, odam savdosi jinoyati bo‘yicha qidiruvda bo‘lgan shaxslarni aniqlash va ushlash – tadbirning asosiy maqsadi etib belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasi IIV Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi tomonidan taqdim etilgan ma'lumotga ko‘ra, tadbir davomida O‘zbekiston hududida 24 ta jinoyat aniqlangan bo‘lsa, shundan 3 tasi jinsiy ekspluatatsiya bilan bog‘liq odam savdosi jinoyati, 1 tasi voyaga yetmaganni sotish, 20 tasi fohishaxona saqlash va qo‘shmachilik jinoyatlaridir. Bunda 199 nafar ayollar fohishalik bilan shug‘ullanganliklari aniqlanib, hisobga qo‘yildi. 73 ta ma'muriy huquqbuzarlik holati aniqlandi, ya'ni 45 ta holatda fohishalik bilan shug‘ullanish, 9 ta holatda videomahsulotlar va ularni tayyorlash, 19 ta pornografik mahsulotlar bilan bog‘liq noqonuniy holatlardir. Shundan 1205 ta pornografik materiallar belgilangan tartibda olindi.

Foto: IIV axborot xizmati

Tungi klublar, saunalar va mehmonxonalarda 2440 marotaba reydlar o‘tkazildi. Huquqbuzarlikning oldini olish maqsadida 6874 ta marotaba profilaktik suhbatlar o‘tkazildi. Chegaralardan o‘tish joylarida, aeroportlarda, barcha turdagi o‘quv yurtlarida, mahallalarda, turistik firmalarda jami 6 yarim mingga yaqin targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borildi.

Foto: IIV axborot xizmati

4 ta davlatda o‘tkazilayotgan tadbirlarni umumlashtirish uchun Qozog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligida har bir davlatning vakillari ishtirokida muvofiqlashtirish shtabi tuzildi.

Qozog‘iston Respublikasida o‘tkazilgan tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi tomonidan odam savdosi jinoyati uchun qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi aniqlanib, qo‘lga olindi. Qozog‘istondan O‘zbekistonga qaytish imkoni bo‘lmagan 10 nafar fuqaro aniqlanib, ularni vatanga qaytarish choralari ko‘rildi.

Foto: IIV axborot xizmati

Qozog‘iston Respublikasining poytaxti Ostona shahri Abay ko‘chasidagi uylardan birida o‘tkazilgan tadbir natijasida 8 nafar qizlar fohishalik bilan shug‘ullanayotganliklari, ulardan 4 nafar qiz O‘zbekistondan borganliklari aniqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi vakili Ostona shahridagi “Komek” va Olmaota shahridagi “Rodnik” ijtimoiy himoya qilish muassasalarida bo‘lib, odam savdosidan jabrlangan 11 nafar vatandoshlar bilan suhbatlashib, ularni tergov ishlari yakunlanishi bilan vatanga qaytarish choralari Qozog‘iston bilan kelishib olindi.

Tadbirning yakuniy natijalari Qozog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Kriminal politsiya departamentida muhokama qilindi. Ushbu tadbir jinoyatchilikka qarshi kurashishda samarali natijalar berganligini hisobga olib, kelgusida ham davom ettirilishi kelishildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid