Sport | 19:30 / 15.12.2018
9512
2 daqiqa o‘qiladi

Viktor Jalilov «Andijon»da ish boshladi

Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan «Andijon» klubi rahbariyati murabbiylar shtabiga tajribali mutaxassislarni jalb etishga qaror qildi.

Klub matbuot xizmatining Tribuna.uz`ga ma'lum qilishicha, taniqli futbol mutaxassislaridan biri, «Navbahor», «Mash'al», «Paxtakor» singari nomdor jamoalarni boshqargan Jalilov Viktor Romanovich sport direktori sifatida faoliyat boshlamoqda.

Shuningdek, yana bir taniqli mutaxassis Amet Memet bosh murabbiy Ildar Sakayevga seleksiya ishlari bo‘yicha yordam beradigan bo‘ldi. Avvalroq u bosh murabbiy sifatida «Andijon»ni boshqargan.

Ayni paytda ta'tilni o‘tayotgan jamoa a'zolari 19 dekabrda Andijonda bir haftalik yig‘inga jalb etiladi va uning yakunida klubning Pro-liga g‘olibi sifatida Superligaga yo‘l olgani munosabati bilan bayram tadbiri tashkil etiladi.

Shundan so‘ng futbolchilar qisqa muddatli ta'tilga yo‘l olishadi va 3 yanvardan Toshkentda o‘quv-mashg‘ulotlarni boshlashadi. Fevral oyida jamoa Turkiyada o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini tashkil etishni rejalashtirmoqda.

Shuningdek, «Andijon» infratuzilmasi yangilanishi kutilmoqda. Xususan, «Sog‘lom avlod» stadionida:

- maydonga Niderlandiyadan chim keltirib ekiladi va u mart oyiga borib tayyor holga keladi;
- yoritkichlar darajasi 1200 lyuksga yetkaziladi;
- kompyuter yordamida boshqariladigan elektron tablo va maydon chetiga reklama shitlari o‘rnatiladi;
- tribunalarda 18 mingdan ortiq o‘rindiq butunlay yangilanadi;
- o‘rindiqlar hozirgidek turlicha emas, faqat oq va ko‘k rangda bo‘ladi;
- 1-sektorda CIP loja tashkil etiladi;
- OAV uchun alohida press-loja yaratiladi va internet bilan ta'minlanadi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid