O‘zbekiston | 08:57 / 18.12.2018
9068
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston o‘z hududi orqali yuklar tranzitini soddalashtirdi

Foto: Yevgeniy Yepanchintsev

Vazirlar Mahkamasining qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi hukumatining ayrim qarorlariga O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit tashishlarda xorijiy avtotashuvchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Respublika hududi orqali o‘tuvchi transport vositalari hududga kirgan kunidan boshlab 5 kundan ortiq bo‘lmagan (ilgari 3 kun) muddatda chiqib ketishi kerak.

Bundan tashqari, xorijiy avtotashuvchilarning O‘zbekiston Respublikasi hududi bo‘ylab tranzit harakat qilishi uchun mo‘ljallangan yo‘nalishlar ro‘yxatiga 47ta yangi yo‘nalish qo‘shildi. Ularning eng ko‘pi Tojikiston (18ta yo‘nalish) va Turkmaniston (12ta yo‘nalish) bilan chegaradan kirishda mavjud.

Shuningdek, endilikda O‘zbekiston Respublikasi hududi bo‘ylab tranzit harakatlanayotgan xorijiy avtotransport vositalaridan tovarlarni milliy tashuvchilarning avtotransport vositalariga mazkur qarorda belgilangan yo‘nalishlarga kirmaydigan joylarda joylashgan (transport hujjatlarida ko‘rsatilgan) bojxona omborxonalarida bojxona nazorati ostida qayta yuklash operatsiyalarini amalga oshirishga ruxsat etiladi.

Umumiy qoidalarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali avtotransport vositalarida tranzit o‘tuvchi, shu jumladan avtomobilda xalqaro yuk tashishlarni amalga oshiruvchi xorijiy fuqarolar faqat xalqaro avtomobil qatnovi uchun ochiq bo‘lgan yo‘llar va yo‘nalish varaqasida ko‘rsatilgan yo‘nalish bo‘yicha yurishlari mumkin.

Endi mazkur bandning birinchi xatboshida nazarda tutilgan talablar O‘zbekiston Respublikasi chegaralari orqali safar yo‘nalishi qayd etilgan avtotransport vositasida (tunash uchun qayta butlangan yer usti avtotransport vositasida) turistik (notijorat) maqsadlarda tranzit o‘tayotgan chet el fuqarolariga tatbiq etilmaydi.

Maxsus yuk va harbiy kontingentlarning O‘zbekiston orqali tranziti uchun ruxsatnoma berish jarayoni tezlashdi. Ruxsatnoma berish yoki uni berishdan bosh tortish to‘g‘risida qaror qabul qilishning umumiy muddati endi ariza va barcha hujjatlar olingan kundan boshlab 20 kundan (avval 30 kundan) oshmasligi kerak. Ushbu jarayonning ma'lum bosqichlarida vaqt kamaydi. Bundan tashqari, ruxsatnomaning yangilanishi tezroq bo‘ladi (1 marcha ruxsat beriladi).

Ruxsatnoma endi 30 kun amal qiladi. Avvalgi so‘zlar («o‘ttiz kundan ortiq bo‘lmagan») hujjatni yanada qisqa muddatga berish imkoniyatini nazarda tutgan. Mudofaa vaziri yo‘qligida ruxsatnoma uning birinchi o‘rinbosari tomonidan imzolanishi mumkin. 

Mavzuga oid