O‘zbekiston | 09:35 / 22.12.2018
7144
3 daqiqa o‘qiladi

«Duty free» do‘konlarini litsenziyalash tartibi yangilandi

Foto:RIA Novosti

Vazirlar Mahkamasining 18.12.2018 yildagi 1028-son qarori bilan ko‘rsatilgan faoliyat turlari bo‘yicha litsenziya olish uchun ruxsat beruvchi tartib-taomillarni tartibga soluvchi nizomlar yangi tahrirda tasdiqlandi. Ular 20.03.2019 yildan kuchga kiradi, deb yozmoqda Norma.

Birinchidan, litsenziyani rasmiylashtirish uchun taqdim etiladigan hujjatlar ro‘yxati qisqartirildi. Xususan, davlat yong‘in va sanitariya nazorati organlarining xulosalarini olish kerak emas. Bundan tashqari, bojxona va erkin omborlarda saqlashga mo‘ljallangan tovarlar ro‘yxatini taqdim etish talabi bekor qilindi.
 
Boj olinmaydigan savdo do‘koni faoliyatini litsenziyalashda sotilishi mo‘ljallanayotgan tovarlar ro‘yxatini taqdim etish talabi saqlanib qoldi. Biroq endi do‘konda, uning yordamchi binolari va omborlarida bo‘lishi mumkin bo‘lgan barcha tovarlarning eng yuqori qiymatini ko‘rsatish kerak emas.
 
Bundan tashqari, bojxona va erkin omborlar sifatida foydalanish uchun mo‘ljallangan har bir hududiy alohida binolarga va ochiq maydonchalarga litsenziya olish uchun alohida ariza taqdim etish to‘g‘risidagi qoida bekor qilinmoqda.

Ikkinchidan, litsenziya elektron hujjat ko‘rinishida rasmiylashtiriladi va lisenziatga «Lisenziya» axborot tizimi orqali yuboriladi. Lisenziya da'vogari undan foydalanish uchun identifikatsiyalashning yagona tizimida (One ID) ro‘yxatdan o‘tishi kerak.
 
Ko‘rib chiqilayotgan faoliyat turlarini amalga oshirish uchun litsenziya berishning bosqichma-bosqich tartib-taomili litsenziyalashning batafsil sxemalarida ko‘rsatilgan.
 
Uchinchidan, bojxona, erkin omborlar, shuningdek «Duty free» do‘konining joylashtirilishi, jihozlanishi va asbob-uskunalar bilan ta'minlanishiga qo‘yiladigan litsenziya talablariga tuzatishlar kiritildi. Xususan, binolar va boshqa tarkibiy qismlar muvofiq kelishi kerak bo‘lgan ayrim hajmlar aniqlashtirildi. Masalan, transport uzellari va magistrallaridan olib boruvchi yo‘l bo‘ylab bojxona omborigacha bo‘lgan masofa 3 km dan oshmasligi kerakligi belgilandi. Hozir «oqilona yaqinlik» qoidasi amal qiladi.  
 
Omborlar va boj olinmaydigan savdo do‘konlari qo‘riqlash va yong‘in nazorati signalizatsiyalari bilan bir qatorda kunu tun ishlaydigan videokuzatuv tizimi bilan jihozlangan bo‘lishi kerak. Tizimlar litsenziyalovchi organ tomonidan belgilangan joylarda o‘rnatiladi va har xil tomonlardan olingan yozuvlarni 3 oy davomida ko‘rish imkonini beradi. Lisenziya olish uchun boshqa hujjatlar bilan birga o‘rnatilgan videokuzatuv vositalari to‘g‘risidagi ma'lumotlar taqdim etiladi.
 
Izoh: litsenziya berish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish muddatlari, shuningdek litsenziya berilganligi uchun undiriladigan davlat boji miqdorlari o‘zgarmadi. Lisenziya muddati belgilanmagan holda rasmiylashtiriladi.
 
Hujjat 20.03.2019 yildan kuchga kiradi.

Mavzuga oid