Jahon | 23:40 / 24.12.2018
38145
2 daqiqa o‘qiladi

Belarus prezidenti Rossiyani “qardosh” davlat deb boshqa atay olmasligini aytdi

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Rossiyani “qardosh” davlat deb boshqa atay olmasligini aytdi. Bu haqda “BelTa” axborot agentligi xabar berdi.  

Lukashenkoning aytishicha, Rossiyada Belarus bilan munosabatlar “qardosh” davlatlar o‘rtasidagi munosabatlardek qabul qilinmayapti.

“Men qardosh davlat deb boshqa aytmayapman, chunki menga xabar berishlaricha, Rossiyada bu qabul qilinmaydi. Go‘yoki bu tushuncha yot bo‘lgan yangi odamlar kelganmush. Nima ham qilardik, unda shunchaki sheriklar bo‘lamiz”, deb aytgan Lukashenko Rossiya bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha yig‘ilishda. 

Belarus rahbarining ta'kidlashicha, munosabatlarning “har tomonlama ko‘rinishga ega bo‘lishi” Rossiya uchun ham, Belarus uchun ham jiddiy ahamiyatga ega. 

Lukashenkoning aytishicha, Ittifoqdosh davlat doirasida imzolangan kelishuvlar “bajarilmayapti”. 

Ma'lum qilinishicha, Lukashenko Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan 25 dekabrda Moskvada uchrashadi. Ikki yetakchi o‘rtasidagi muzokaralarda joriy yildagi Belarus-Rossiya hamkorligiga yakun yasalishidan tashqari, ikki tomonlama hamkorlikning yaqin istiqboldagi eng dolzarb vazifalari ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.  

Mavzuga oid