Jamiyat | 22:17 / 27.12.2018
10873
6 daqiqa o‘qiladi

Eski bino, sovuq dahliz, nuragan devorlar... - xonqaliklarga yangi kutubxona kerak

Xorazm viloyati Xonqa tumanida istiqomat qiluvchi kishilardan Kun.uz tahririyatiga markaziy kutubxonaning abgor ahvoli haqidagi murojaat kelib tushdi.

«Xonqa tumanining markaziy kutubxonasi hozirgi kunda juda eski binoda faoliyat ko‘rsatyapti. O‘z binosi bundan taxminan 20 yil oldin buzib tashlangan. Shuni o‘rganib, maqola yozsangiz. Agar sharoit yaxshilansa, kitobxonlar juda xursand bo‘lardi. Axir yosh avlodga kitobni sevish, uni ardoqlash kerakligi o‘rgatilayotgan bir paytda, kutubxonaning ahvolini ko‘rib, farzandlarimiz shashti pasayib ketsa ajabmas», - deyilgan edi murojaatda.

Xonqa tumani markaziy kutubxonasi G‘alaba ko‘chasi 1-uyda joylashgan. 2006 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 381-sonli qaroriga asosan, Xonqa Qurilish va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji tasarrufiga o‘tkazilgan va nomi «Axborot resurs markazi» deb o‘zgartirilgan. Zamonaviy nomni olgan bo‘lsa-da, kutubxona juda eski binoda, og‘ir sharoitda faoliyat yuritayotgandi.

Ayni paytda, unda 7 nafar xodim ishlamoqda. Kutubxona fondi 88 mingdan ortiq kitobdan tashkil topgan. 2800 nafardan ortiq o‘quvchi kutubxonaga a'zo bo‘lgan.

Kutubxona o‘tgan asrning taxminan 50-yillarida barpo qilingan binoda joylashgan. U asta-sekin eskirib, nurab bormoqda.

Bir necha yil oldin gaz ta'minotidagi uzilish natijasida, kutubxonaning istish tizimi muzlab, yorilib ketgan. Ayni paytda bino isitilmayapti, uning dahliz va xonalari juda sovuq.

Kutubxonaning o‘quv zali. Xonalar yetishmovchiligi tufayli, u dahlizda tashkil qilingan. Bu yerda o‘quvchi-kitobxonlarni uchratish amrimahol, chunki dahliz juda sovuq.

Kutubxonada internet tarmog‘iga ulangan, eski rusumdagi 5ta kompyuter bor. Ulardan biri axborot–resurs xonasida turibdi.

Kitoblar maxsus stellaj va javonlarda saqlanmoqda. Kutubxona xodimlarining so‘zlariga ko‘ra, ularni saqlash me'yorlariga amal qilinyapti.

Kasb-hunar kolleji tomonidan yangi kotyol olib kelingan. U yaqin orada o‘rnatilishi va isitish tarmog‘iga ulanishi rejalashtirilmoqda.

Xonqa Qurilish va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji rahbari Bahodir Fozilov bilan uchrashib, kutubxonadagi holat bo‘yicha izoh oldik.

«Bu kutubxona 2006 yilda kollejimiz tasarrufiga o‘tkazildi. Eski binoda joylashgan. Bir necha yil oldin, gaz yo‘qligi tufayli isitish tizimi yorilib ketgan edi. Yaqinda gaz ta'minoti qayta tiklandi. Shundan so‘ng, kotyol oldik, endi isitish tizimi quvurlarini ta'mirlab, tez orada ishga tushirishni rejalashtirmoqdamiz. Gaz idorasidan texnik xulosani olsak, ishni boshlaymiz.

O‘tgan yili kollejimizni kapital ta'mirlashdan chiqardik, juda katta hajmdagi ishlar bajarildi. Endi navbat kutubxonaga kelib turibdi. Yozda uni ham o‘z imkoniyatimizdan kelib chiqqan holda kapital ta'mirlamoqchimiz», - dedi Fozilov.

2006 yil 20 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Respublika aholisini axborot-kutubxona bilan ta'minlashni tashkil etish to‘g‘risida»gi 381-sonli qarori qabul qilingan edi.

Unda Madaniyat va sport ishlari vazirligi kutubxonalarini Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, OO‘MTVning O‘rta maxsus kasb-hunar ta'limi markazi, Xalq ta'limi vazirligi ixtiyoriga o‘tkazish yo‘li bilan oliy va o‘rta maxsus ta'lim muassasalari va umumta'lim maktablari huzurida axborot-resurs markazlarini tuzish belgilab berilgan.

Bundan tashqari, axborot resurs markazlarini moliyalashtirish davlat byudjyeti hisobidan, xususan, Moliya va Iqtisodiyot vazirligi tomonidan, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash esa mahalliy hokimiyat tomonidan amalga oshirilishi ko‘rsatilgan.

Prezident qarorining 6-bandiga qaraymiz:

Belgilansinki, axborot-kutubxona va axborot-resurs markazlari faoliyatini moliyalashtirish davlat byudjyeti mablag‘lari va homiylarning mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda 2007 yilning yanvaridan boshlab axborot-kutubxona va axborot-resurs markazlarida elektron kutubxonalarni tashkil qilgan hamda ilg‘or axborot texnologiyalarini tadbiq etgan holda ushbu markazlarni kompyuterlashtirish uchun zarur mablag‘lar ajratilishini nazarda tutsin.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari axborot-resurs markazlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga ko‘maklashishni ta'minlasin.

Fikrimizcha, Xonqa tumani markaziy kutubxonasi Prezident qaroriga asosan Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, xususan, Xonqa Qurilish va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji tasarrufiga o‘tkazilgan, «Axborot resurs markazi»ga aylantirilgan, lekin uni moliyalashtirish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash masalasi e'tiborsiz qoldirilgan. 

Kutubxonani moliyalashtirish masalasini kasb-hunar kolleji zimmasiga qoldirish – tushunarsiz. Kollejning o‘zi davlat byudjyeti mablag‘lariga qarab turgan sharoitda - bu mantiqsiz. 

Eski va nurab borayotgan binoni kapital ta'mirlash g‘oyasiga ham qo‘shilmaymiz. Bu bino «yoshini yoshab bo‘lgan», u zamonaviy, shinam kutubxona talablariga mutlaqo javob bermaydi. Uni ta'mirlab, vaqtinchalik samaraga erishilganidan ko‘ra, yangi bino qurish yoki zamonaviy, shinam boshqa binoga ko‘chirgan yaxshi emasmi?

Prezident qarorida axborot-resurs markazlarining asosiy vazifalari sifatida milliy ma'naviy-axloqiy qadriyatlarni keng ko‘lamda targ‘ib qilish, xalqning madaniy-tarixiy merosidan bahramand bo‘lishni ta'minlash, ma'naviy boy va uyg‘un kamol topgan shaxsning ijodiy o‘sishi uchun imkoniyat yaratib berishi ko‘rsatib o‘tilgan. Ammo jismonan va ma'nan eskirgan Xonqa tumani markaziy kutubxonasi binosida bunga erishish amrimahol bo‘lsa kerak...

Nurmuhammad Said

Mavzuga oid