21:40 / 28.12.2018
6887

Shavkat Mirziyoyev Tojikiston prezidenti bilan o‘zaro hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 dekabr kuni Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbarlari avvalo Yangi yil munosabati bilan bir-birini samimiy qutlab, ezgu tilaklar bildirdilar.

Ko‘p qirrali sheriklikni mustahkamlashning istiqbolli yo‘nalishlari va aniq loyihalari, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston – Tojikiston munosabatlarining rivoji jadal sur'at kasb etgani hamda strategik sheriklik darajasiga chiqqani alohida qayd etildi.

Bunga, avvalo, O‘zbekiston va Tojikiston rahbarlarining joriy yilda bo‘lib o‘tgan tarixiy davlat tashriflaridagi kelishuvlar natijasida erishildi.

O‘zaro vizasiz tartib joriy etildi, Davlat chegarasidagi barcha o‘tish punktlarining faoliyati qayta tiklandi. Chegaradosh hududlar o‘rtasida muntazam almashinuvlar yo‘lga qo‘yildi.

Bosh vazirlar raisligida Hukumatlararo komissiya samarali faoliyat yuritmoqda.

Davlat rahbarlari ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi sezilarli oshganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Elektr energiyasi va tabiiy gazni barqaror yetkazib berish borasida o‘zaro manfaatli hamkorlik qilinmoqda, avtomobil qatnovi va aviaparvozlar yo‘lga qo‘yildi.

Prezidentlar madaniy-gumanitar muloqot izchil kengayib borayotgani, O‘zbekiston va Tojikistonda o‘tkazilayotgan turli tadbirlarda mamlakatlarimiz ijodiy jamoalari muntazam ishtirok etayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Toshkent va Dushanbeda o‘tkazilgan «Do‘stlik kechalari» mamlakatlarimiz va xalqlarimiz madaniy-ma'naviy yaqinligining yorqin ifodasi bo‘ldi. Samarqand va Dushanbeda Navoiy bilan Jomiy haykallari o‘rnatildi.

Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik munosabatlarini O‘zbekiston va Tojikiston xalqlari farovonligi yo‘lida bundan buyon ham kengaytirish hamda mustahkamlash borasida intilishlari qat'iy ekanini ta'kidladilar.

Yakunda Prezidentlar yana bir bor yangi – 2019 yilda mamlakatlarimizning qardosh xalqlariga tinchlik, farovonlik va ravnaq tilashdi.

Top