Qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha eng ko‘p berilgan savollarga javoblar
2019 yil 1 yanvardan boshlab, yillik oboroti 1 milliard so‘mdan oshgan yuridik shaxslar qo‘shilgan qiymat solig‘ini (QQS) to‘laydilar. Davlat soliq qo‘mitasining matbuot xizmati QQS bo‘yicha eng ko‘p berilgan savollarga javoblarni taqdim qildi.
1. Korxona 2018 yilda 1 mlrd. so‘mdan ortiq oborot qilgan va qo‘shilgan qiymat solig‘iga o‘tish yuzasidan xabarnoma olgan, lekin ushbu korxona 2019 yilda 1 mlrd. so‘mdan kam oborot qilsa keyinchalik soliqlar qaysi tartibda to‘lanadi?
Ushbu korxona 2019 yil davomida umumbelgilangan tartibda soliq to‘lashi lozim bo‘ladi. Agar 2019 yilda korxona 1 mlrd. so‘mdan kam oborot qilsa uning soliq solish rejimi 2020 yilda qayta ko‘rib chiqiladi.
2. Korxonaning shaxsiy kabinetiga umumbelgilangan tartibda soliqlarni shu jumladan qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lashga o‘tish uchun kelib tushgan xabarnoma haqida ma'lumot bering.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 iyundagi PF-5468-sonli farmoniga asosan, 2019 yil 1 yanvardan boshlab o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha yillik oboroti (tushumi) 1 milliard so‘mdan oshgan yoki yil davomida belgilangan chegaraviy miqdorga yetgan korxonalarni umumbelgilangan soliqlarni to‘lashga, jumladan, QQS to‘lashga o‘tkazish belgilanganidan kelib chiqib, ushbu xabarnoma soliq majburiyatlarini bajarilishi yuzasidan manzilli maslahat xizmatlarini ko‘rsatish maqsadida yuborilgan.
3. Korxonaning shaxsiy kabinetiga umumbelgilangan tartibda soliqlarni to‘lashga o‘tish yuzasidan yuborilgan xabarnoma qabul qilinganidan so‘ng, qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tish uchun ariza qanday tartibda jo‘natiladi?
Xabarnomada QQS to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tish uchun ariza shakliga havola qo‘yilgan bo‘lib, ushbu havola orqali ariza shakliga o‘tiladi va rasmiylashtirib yuboriladi. Arizago‘y avtomatik tarzda QQS to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkaziladi va belgilangan shakldagi guvohnoma shaxsiy kabinetga qayta yuboriladi. Shuningdek, QQS to‘lovchisi sifatida davlat soliq inspeksiyalarida tashkil etilgan “Maslahat xizmatlarini ko‘rsatish” darchalari orqali ham ro‘yxatdan o‘tish mumkin.
4. Korxona bir nechta faoliyat turlari bilan shug‘ullansa va har bir faoliyat turi bo‘yicha yalpi tushumi 1 mlrd. so‘mdan kam miqdorni tashkil qilsa shaxsiy kabinetiga xabarnoma keladimi?
Korxonaning yillik aylanmasi barcha faoliyat turlari bo‘yicha umumiy tarzda aniqlanadi. Agarda korxonaning umumiy yillik aylanmasi belgilangan miqdorga yetsa, ya'ni 1 mlrd. so‘mdan oshganda korxona umumbelgilangan soliqlarni to‘lashga o‘tishi lozim bo‘ladi, bunda korxonaning shaxsiy kabinetiga xabarnoma kelganligi yoki kelmaganligi ahamiyatga ega emas.
5. Ishlab chiqarish hamda avtomobillarga gaz (metan) to‘ldirish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxonaning oboroti (tushumi) 1 mlrd. so‘mdan oshsa 2019 yil 1 yanvardan umumbelgilangan tartibda soliqlarni to‘lashga o‘tadimi?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 iyundagi PF-5468-sonli farmoniga asosan, 2019 yil 1 yanvardan boshlab o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha yillik oboroti (tushumi) 1 mlrd. so‘mdan oshgan yoki yil davomida belgilangan chegaraviy miqdorga yetgan barcha korxonalarni umumbelgilangan soliqlarni to‘lashga o‘tkazish belgilangan.
6. Korxonaning yillik oboroti (tushumi) 1 mlrd. so‘mdan oshganda 2019 yil 1 yanvardan umumbelgilangan soliqlarni to‘lashga o‘tsa, QQS to‘lamaydigan firma bilan shartnoma tuzgan holda tegishli ishlarni amalga oshirsa 2 baravar QQS to‘lanadimi?
Qo‘shilgan qiymat solig‘i ikki baravar to‘lanmaydi, ammo korxonada hisobga olinadigan QQS mavjud bo‘lmaydi.
7. 2019 yildan yillik aylanmasi 1 mlrd.so‘mdan oshgan yagona yer solig‘i to‘lovchilari bo‘lgan fermer xo‘jaliklari ham QQS to‘lashga o‘tadimi?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 iyundagi PF-5468-sonli farmoniga asosan, yagona yer solig‘i to‘lovchilari uchun amaldagi soliqqa tortish tartibi saqlanib qolinadi.
8. Avtomobillarga yonilg‘i quyish faoliyati bilan shug‘ullanadigan korxona yillik yalpi tushumi 1 mlrd. so‘mdan oshganda realizatsiya qilingan yonilg‘i uchun QQS qanday hisoblanadi?
Soliq kodeksining 204-moddasiga asosan baholari (tariflari) davlat tomonidan tartibga solinishi nazarda tutilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) realizatsiya qilinganda, soliq solinadigan baza belgilangan baholardan (tariflardan) kelib chiqqan holda aniqlanadi.
9. Korxonaning 2018 yil yakuni bilan yillik oboroti 1 mlrd. so‘mdan oshgan. Ushbu korxona 2019 yil 1 yanvardan ombordagi mavjud qoldiq tovarlar realizatsiya qilinganda QQS hisoblanadimi yoki yo‘qmi?
Korxona 2019 yil 1 yanvardan umumbelgilangan tartibdagi soliqlarni to‘lashga o‘tsa, 2018 yil yakuni bilan uning omborida qolgan tovarlari ham QQS bilan sotiladi.
10. 2019 yilning 1 yanvaridan boshlab korxona tomonidan bojxona imtiyozlarini qo‘llagan holda import qilingan tovarlar ichki bozorga realizatsiya qilinganda qanday tartibda QQS hisoblanadi?
Agar amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarda ushbu tovarlarni ichki bozorda realizatsiya qilinishi uchun QQSdan imtiyozlar nazarda tutilmagan bo‘lsa, belgilangan tartibda QQS to‘lanadi.
11. Kuniga yuzdan ortiq buyurtmachilarga, shu jumladan YaTTlarga tovarlarni realizatsiya qiluvchi korxonalar uchun elektron hisobvaraq-fakturalarni to‘ldirishda qanday qulaylik mavjud?
Elektron hisobvaraq-fakturalar shakllantirilganda xaridorning STIR raqami kiritilsa, uning rekvizitlari avtomatik tarzda shakllanadi va ushbu shakllangan elektron hisovaraq-fakturalarni yuborish juda qulay va ortiqcha xarajatlarning oldi olinadi, jumladan qog‘oz tejaladi.
12. Yuridik shaxs korporativ karta orqali tovar xarid qilganida yuk xati (hisobvaraq-faktura) olishi shartmi?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 30 oktyabrdagi PF-5564-sonli Farmoniga asosan, 2018 yil 1 noyabrdan boshlab yuridik shaxslar tomonidan naqd pulsiz hisob-kitoblarni oldi-sotdi shartnomalarini tuzmasdan invoys (hisob-faktura) berish orqali korporativ bank kartochkalaridan foydalangan holda amalga oshirilishini nazarda tutuvchi tartib joriy etilgan. Shunga asosan yuridik shaxs tomonidan korporativ karta orqali tovar xarid qilganda hisobvaraq-faktura olinishi shart.
13. Chakana savdo faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan korporativ karta bilan savdo sotiq qilinganda, hisobvaraq-faktura rasmiylashtiriladimi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 30 oktyabrdagi PF-5564-sonli Farmoniga asosan 2018 yil 1 noyabrdan boshlab, yakka tartibdagi tadbirkorlar (YaTT) tomonidan naqd pulsiz hisob-kitoblarni oldi-sotdi shartnomalarini tuzmasdan invoys (hisob-faktura) berish orqali korporativ bank kartochkalaridan foydalangan holda amalga oshirilishini nazarda tutuvchi tartibi joriy etilgan. Shunga asosan YaTT korporativ karta orqali tovar sotganda hisobvaraq-faktura rasmiylashtirishi shart.
14. Elektron hisobvaraq-faktura qanday yuborildi?
Davlat soliq qo‘mitasining my.soliq.uz sayti orqali shaxsiy kabinetga kiriladi va elektron hisobvaraq-faktura moduli orqali yuboriladi.
15. Elektron hisobvaraq-fakturalarni rasmiylashtirishda uni printerdan chiqarib, yozma ravishda tasdiqlash shartmi?
Shart emas.
16. Turistik xizmat ko‘rsatilganda, hisobvaraq-fakturalarda QQS ko‘rsatiladimi?
Agar ko‘rsatilayotgan xizmatlar qonun hujjatlari asosida QQSdan ozod qilingan bo‘lsa, rasmiylashtiriladigan hisobvaraq-fakturalarda QQS ko‘rsatilmaydi.
17. Hisobvaraq-fakturalarni elektron tarzda kiritganda, ushbu elektron hisobvaraq-fakturalar korxonaning QQS hisoboti 7 va 8 ilovalariga avtomatik tarzda biriktiriladimi?
Rasmiylashtirilgan elektron hisobvaraq-fakturalar asosida QQS hisob-kitobi 7-8 ilovalarini avtomatik tarzda shakllanishini ta'minlash yuzasidan bugungi kunda tegishli ishlar olib borilmoqda.
18. Qurilish korxonasi soddalashtirilgan tartibda yagona soliq to‘lovchisi hisoblanib, markazlashgan mablag‘lar hisobidan qurilishni amalga oshirsa, QQS to‘laydimi?
Soliq solishning soddalashtirilgan tartibi nazarda tutilgan soliq to‘lovchilar Soliq kodeksining 349-moddasiga asosan, qurilishi moliyalashtirishning markazlashtirilgan manbalarini jalb etgan holda, tanlov savdolari asosida amalga oshirilayotgan obektlar bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lash majburiyati yuzaga keladi.
19. QQS bo‘yicha Soliq kodeksining qaysi moddalarida imtiyozlar mavjud?
Soliq kodeksining 208-211-moddalarida QQS bo‘yicha soliq imtiyozlari belgilangan.
20. Korxona import qilingan tovarlari uchun bojxonada to‘llangan QQS yillik soliq hisobotida hisobga olinadimi?
Soliq kodeksining 218-moddasiga asosan, import qilingan tovarlar bo‘yicha bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida byudjyetga to‘langan QQS summasini hisobga olish huquqiga ega bo‘ladi.
21. Eksport qilingan tovarlar uchun QQS dan imtiyoz bormi?
Soliq kodeksining 212-moddasida asosan, tovarlarni chet el valyutasida eksportga realizatsiya qilish oborotiga nol darajali stavka bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘i solinishi belgilangan.
22. O‘zbekiston Respublikasi rezidenti O‘zbekiston Respublikasi norezidentiga transport xizmati ko‘rsatganda QQS qanday tartibda hisoblanadi?
Soliq kodeksining 216-moddasiga asosan xalqaro yo‘nalishda tashish xizmatlariga nol darajali stavka bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘i solinadi.
23. Korxona import asosida dori vositalarini olib keladi, bojxona to‘lovlarida QQS imtiyozidan foydalanadi, shunda qanday tartibda to‘langan QQS hisobga olinadi?
Soliq kodeksining 218-moddasiga asosan, import qilingan tovarlar bo‘yicha bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida byudjyetga to‘langan QQS summasini hisobga olish huquqiga ega bo‘ladi. Agar import qilingan tovarlar bo‘yicha soliqni byudjyetga to‘lashdan ozod etish tarzida bo‘shagan mablag‘larni aniq maqsadlarga yo‘naltirish sharti bilan imtiyoz berilgan bo‘lsa ham qo‘shilgan QQS hisobga olinadi. Agar realizatsiya qilish oborotlari Soliq kodeksining 208-moddasiga asosan QQSdan ozod qilingan bo‘lsa, bojxona to‘lovlari bo‘yicha maqsadli imtiyozlar belgilangan bo‘lsa ham QQS hisobga olinmaydi.
24. Yagona yer solig‘i to‘lovchisi bo‘lgan fermer xo‘jaligi o‘ziga tegishli bo‘lgan transport vositalari yordamida boshqa xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga ko‘rsatgan texnika xizmatlari bo‘yicha QQS to‘lashi kerakmi?
Soliq kodeksining 363-moddasiga asosan, qishloq xo‘jaligi mahsulotini yetishtirish va qayta ishlash bilan bog‘liq bo‘lmagan faoliyat turlarini amalga oshirishda yagona yer solig‘i to‘lovchi mazkur faoliyat turlari bo‘yicha alohida-alohida hisob yuritishi va yagona soliq to‘lovini yoki qat'iy belgilangan soliq to‘lanishi nazarda tutilgan faoliyat doirasida qat'iy belgilangan soliqni to‘lashi shartligi belgilangan. Qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lash majburiyati vujudga kelmaydi.
25. Korxona alkogol mahsulotlarni ulgurji savdosi bilan shug‘ullanadi, korxona mahsulotlarni sotganda qaysi qiymatidan QQS hisoblaydi?
QQS realizatsiya qilinayotgan tovarlarning qiymatidan kelib chiqqan holda, ya'ni Soliq kodeksining 204-moddasiga asosan, sotish qiymatidan kelib chiqqan holda hisoblanadi.
Mavzuga oid
08:40 / 09.09.2024
Eksport qiluvchilar uchun QQS qoplash tartibi soddalashtirildi
13:50 / 05.09.2024
XMT loyihalariga yetkazilgan tovarlar uchun mahalliy ishlab chiqaruvchilarga QQS qaytariladi
07:53 / 04.09.2024
Ayrim tadbirkorlarga QQSning bir qismi qaytariladi
13:35 / 12.02.2024