O‘zbekiston | 09:59 / 01.01.2019
3616
8 daqiqa o‘qiladi

Vaqtincha saqlash hibsxonalaridagi shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Sog‘liqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligining “Ichki ishlar organlarining vaqtincha saqlash hibsxonalari hamda ma'muriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus qabulxonalarda saqlanayotgan shaxslarga davlat sog‘liqni saqlash muassasalarida tibbiy yordam ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Ma'muriy qamoqqa olingan shaxslarga davlat sog‘liqni saqlash muassasalarida tibbiy yordam ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, maxsus qabulxonada saqlanayotgan va ushbu muassasa tibbiyot xodimining xulosasiga ko‘ra, statsionar sharoitlarda yordam ko‘rsatilishiga muhtoj bo‘lgan shaxslarga davlat sog‘liqni saqlash muassasalarida tibbiy yordam ko‘rsatiladi.

Maxsus qabulxonadan davlat sog‘liqni saqlash muassasasiga joylashtirilgan shaxslar, ular saqlanadigan joylardagi tartibga oid cheklashlarni istisno etganda, qonun hujjatlarida belgilangan huquqlarga egadirlar va shu hujjatlarda ko‘rsatilgan majburiyatlarni bajaradilar. Ularga nisbatan g‘ayriinsoniy munosabatda bo‘lish taqiqlanadi.

Maxsus qabulxonadan davlat sog‘liqni saqlash muassasasiga joylashtirilgan shaxsga o‘zining himoyachisi bilan xoli uchrashish, qonun hujjatlaridan foydalanish imkoniyati berilishi, shikoyat, iltimosnoma va boshqa protsessual hujjatlarni yozishi uchun ixtiyorida qog‘oz va yozuv jihozlari bo‘lishi lozim.

Maxsus qabulxonaga olib kelingan shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish jarayonida atrofdagilar uchun epidemik xavf tug‘dirayotgan bemorlar (OIV kasalligi/OITSga uchragan bemorlar, silning faol shakllari, boshqa xavfli yuqumli kasalliklar, zaxm va so‘zakning yuqumli shakllari bilan kasallanganlar) aniqlangan taqdirda yoki maxsus qabulxonada saqlanayotgan shaxs saqlanish jarayonida tibbiy yordamga muhtojligini bildirganida maxsus qabulxona tibbiyot xodimi tomonidan birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatiladi.

Tibbiyot xodimining xulosasiga ko‘ra, malakali shifokor ko‘rigi lozim deb topilgan taqdirda mutaxassis shifokor chaqirtiriladi.

Mutaxassis shifokor tomonidan bemor ko‘rikdan o‘tkazilib, maxsus qabulxonada saqlash mumkinligi to‘g‘risida yozma xulosasi olinganidan so‘nggina ular maxsus qabulxonaga joylashtirilishi mumkin. Bunday hollarda ular boshqa shaxslardan alohida saqlab turiladi.

Mutaxassis shifokor tomonidan bemorga statsionar tibbiy yordam ko‘rsatilishi lozimligi to‘g‘risida xulosa qilingan taqdirda, ushbu shifokorning yo‘llanmasiga asosan bemor darhol davlat sog‘liqni saqlash muassasasiga yuboriladi.

Maxsus qabulxonada saqlanayotgan shaxslarga ixtisoslashtirilgan tibbiy yoki psixiatriya yordami ko‘rsatilishi zarur bo‘lgan hollarda, shuningdek qamoqqa olinganlarga O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha statsionar sud-tibbiy yoxud sud-psixiatriya ekspertizasi tayinlangan taqdirda, ular davlat sog‘liqni saqlash tizimining tibbiy muassasalariga joylashtiriladi.

Maxsus qabulxonada saqlanayotgan shaxslarga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish zarur bo‘lganda, ularni davlat sog‘liqni saqlash tizimining tibbiy muassasalariga olib chiqish maxsus qabulxona boshlig‘ining ruxsati bilan amalga oshiriladi. Agarda, maxsus qabulxonada saqlanayotgan shaxslarga nisbatan jinoyat ishi yuritilayotgan bo‘lsa, keyinchalik jinoyat ishini yuritayotgan mansabdor shaxs yoki organ yozma ravishda xabardor qilinadi.

Maxsus qabulxonadan shaxs davlat sog‘liqni saqlash muassasasiga yuborilayotganda maxsus qabulxona tibbiyot xodimi aniqlagan tashxisga muvofiq statsionar tibbiy yordam ko‘rsatuvchi davlat sog‘liqni saqlash muassasasiga ma'lumotnoma (yo‘llanma) bilan yuboriladi.

Davlat sog‘liqni saqlash muassasasiga maxsus qabulxonadan olib kelingan shaxslar shifoxonaning poliklinika mudiriga (qabulxona bosh navbatchi shifokoriga) maxsus qabulxona tibbiyot xodimi tomonidan berilgan ma'lumotnoma (yo‘llanma) bilan murojaat qiladi.

Bemor shifoxonaning poliklinikasi (qabulxonasi) tegishli shifokori tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi va shifokor ko‘rsatmasiga muvofiq o‘rnatilgan tartibda tegishli instrumental va laborator tekshiruvlar bajariladi.

Davlat sog‘liqni saqlash muassasalarida bemorlarga shoshilinch tibbiy yordam bepul, rejali davoga muhtoj shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 30 oktyabrdagi PQ-5216-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Farmoni hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 5 sentyabrdagi 696-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi tibbiyot tashkilotlarida O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyeti mablag‘lari hisobiga tibbiy yordam ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan belgilangan tartibda tibbiy xizmat ko‘rsatiladi.

Shifokor bemorga statsionar davoga muhtoj emasligi to‘g‘risida xulosa berganda, maxsus qabulxona tibbiyot xodimlari tomonidan ambulator davo muolajalarini o‘tkazish yoki tibbiy nazorat qilish to‘g‘risidagi tavsiyalar bilan bemorni qaytaradi.

Davlat sog‘liqni saqlash muassasasiga maxsus qabulxonadan shaxs faqat diagnostik tekshiruv(lar)dan o‘tkazish uchun yuborilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Maxsus qabulxonadan olib kelingan shaxslar tomonidan davlat sog‘liqni saqlash muassasasida davolanayotgan boshqa shaxslarga nisbatan tajovuz qilinishi yoki aksincha, shuningdek maxsus qabulxonadan olib kelingan shaxslarning davlat sog‘liqni saqlash muassasasidan qochishga urinishi kabi (favqulodda) holatlar sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida maxsus qabulxonadan olib kelingan shaxslar davlat sog‘liqni saqlash muassasasida ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan qo‘riqlash va xulq-atvorini nazorat qilish ta'minlanadi.

Maxsus qabulxonadan olib kelingan shaxslarni davlat sog‘liqni saqlash muassasasida qo‘riqlash uchun davlat sog‘liqni saqlash muassasasi tomonidan alohida xona (maxsus palata) ajratiladi va ushbu maxsus palata quyidagi talablarga javob beradigan darajada jihozlanadi:

maxsus palata binoning qaysi qavatida joylashganidan qat'i nazar derazalari ichki tomonidan temir panjaralar bilan qoplanadi;

maxsus palataga kirish eshigi temir qoplama bilan qoplanadi yoki eshikka qo‘shimcha ravishda temir panjara o‘rnatiladi;

maxsus palatadagi temir karavot va stol-stullar polga mahkamlab qotiriladi.

Maxsus palatada ortiqcha jihozlar, buyum va ashyolar joylashtirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan maxsus palataning texnik jihatdan mustahkamligi muntazam tekshirib boriladi va aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha davlat sog‘liqni saqlash muassasasi rahbariga taqdimnoma kiritiladi.

Maxsus palata bo‘sh bo‘lgan vaqtlarda davlat sog‘liqni saqlash muassasasi tomonidan oddiy palata sifatida foydalaniladi. Biroq, shoshilinch tarzda maxsus qabulxonadan shaxslar olib kelingan taqdirda maxsus palata bo‘shatiladi.

Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan maxsus qabulxonadan davlat sog‘liqni saqlash muassasasiga olib kelingan shaxsni qo‘riqlash kecha-kunduz navbatchilik asosida amalga oshiriladi.

Maxsus qabulxonadan davlat sog‘liqni saqlash muassasasiga olib kelingan bir nafar shaxs uchun 2 nafar, ikki nafar shaxs uchun 3 nafar va har bir qo‘shilgan shaxs uchun 1 nafardan ichki ishlar organlari xodimlari qo‘shilgan holda xizmatga jalb etiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid