O‘zbekiston prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra 2019 yil 1 iyuldan boshlab viloyat va tuman (shahar) darajasidagi statsionar sog‘liqni saqlash muassasalarida aralash moliyalashtirish tizimi joriy etiladi, bunda kafolatlangan bepul tibbiy xizmat hajmiga kirmaydigan davolash turlari pullik asosda amalga oshiriladi. Shuningdek, 2019 yil 1 iyuldan boshlab ayrim davolash-profilaktika muassasalari ishlab chiqilgan investitsiya loyihalari asosida belgilangan tartibda investorlarga ishonchli boshqaruvga beriladi hamda 2021 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston Respublikasida majburiy tibbiy sug‘urtalash bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Bir necha yildan buyon Kanadaning turli shaharlaridagi shifoxonalarda faoliyat yuritib kelayotgan Obidxon Mamadaliyev Kun.uz’ga O‘zbekiston tibbiyot tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar va xorij tajribasi xususida o‘z fikrlarini bayon etdi.

Tibbiy sug‘urta aholi uchun qanday naf keltirishi mumkin?

Birinchidan, tibbiy sug‘urta hammaga kerak, har bir inson uchun zarur narsa. Aholi sog‘ligini yanada yaxshiroq muhofaza qilish, har bir tibbiy jamoani, tibbiyotni rivojlantirish, tibbiy xizmatlarni yuqori sifat bilan ta'minlash uchun majburiy tibbiy sug‘urta albatta kerak. Chunki bugungi kunda respublikadagi tibbiy xizmat ko‘rsatish standarti jahon standartlariga to‘g‘ri kelmaydi.

Tibbiy sug‘urtaning fuqaro uchun afzallik tomoni shundaki, u bitta tibbiy muassasaga, ya'ni poliklinikaga bog‘lab qo‘ymaydi. Fuqaro qo‘lidagi tibbiy sug‘urta polisi bilan mamlakatning istalgan yeridagi o‘zi xohlagan tibbiy muassasaga murojaat qilish, xizmat talab qilish huquqiga ega bo‘ladi.

Buning mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ham katta ta'siri bo‘ladi. Majburiy tibbiy sug‘urtaga o‘tish orqali ko‘plab odamlar ish bilan ta'minlanishi mumkin. Ya'ni yangi sug‘urta kompaniyalari tashkil etiladi, har bir shifoxonaning o‘z moliya mutaxassislari paydo bo‘ladi. Ko‘plab xususiy tibbiyot muassasalari ochiladi.

Bora-bora tibbiyot sohasi o‘zini-o‘zi ta'minlashga o‘tadi va tibbiyot ham soliq to‘lovchiga aylanadi. Bu faqatgina doimiy ravishda narxni oshirib borish degani emas, balki yaxshi xizmat ko‘rsatgan tibbiyot muassasalari rivojlanib boradi, yaxshi xizmat ko‘rsata olmagan muassasa esa o‘z-o‘zidan yo‘qolib ketadi.