Osiyo Kubogida simulyatsiya bilan o‘yin vaqtini cho‘zganlik uchun alohida jazo belgilandi
O‘zbekiston termasi Osiyo Kubogi uchun BAAga yetib borganining ikkinchi kunida jamoa a'zolari va mutasaddilari hamda OFK vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Terma jamoa joylashgan mehmonxonada bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda OFKning Dubaydagi «Rashid stadium» o‘yingohi bo‘yicha bosh koordinatori Suminori Goko; musobaqalarni o‘tkazish bo‘yicha menejyer Hovand Mas'ud, Lorentso Fofi; marketing bo‘yicha menejyer Kyu Syao; media-departament vakili Laura Rodriges Rey, A'lobaydi Ziyod Muhammad hamda o‘zbekistonlik FIFA va OFK instruktori Farhod Abdullayev qatnashishdi, deb xabar bermoqda O‘FA matbuot xizmati.
Dastlab, Suminori Goko O‘zbekiston termasini musobaqada ko‘rishdan mamnun ekanini bildirib o‘tar ekan, jamoaga Osiyo Kubogida omad yor bo‘lishini tiladi. Shundan so‘ng musobaqa davomida jamoa a'zolari qatnashishi kerak bo‘lgan barcha rasmiy tadbirlar haqida ma'lumot berib o‘tdi.
Shundan so‘ng FIFA va OFK instruktori Farhod Abdullayev Osiyo Kubogi musobaqasi davomida futbolchilar ahamiyat qaratishi kerak bo‘lgan qonun-qoidalarga to‘xtalib o‘tdi; futbol o‘yini qoidalariga kiritilgan ba'zi o‘zgarishlar haqida murabbiy va futbolchilarni xabardor qildi.
Jumladan, Farhod Abdullayevning ma'lum qilishicha, Osiyo Kubogi chorak finaliga qadar uchrashuvlarda maydon ortidagi hakamlar xizmatidan foydalaniladi. Chorak finaldan boshlab esa ular o‘rniga VAR tizimi ishlaydi.
Bundan tashqari, Osiyo Kubogida simulyatsiya ishlatib o‘yin vaqtini cho‘zgan va raqibini qo‘li bilan ushlab, tortib qolgan futbolchining xatti-harakatlari uchun terma jamoa 1000 AQSh dollari miqdorida jarima to‘laydi. Havodagi to‘p uchun kurashda qo‘llarini ishga solib, hakamga bildirmasdan raqib yuziga zarba yo‘llashga uringan futbolchilarning harakatlari ham qat'iy tarzda jazolanishi bo‘yicha hakamlarga topshiriq berilgani ma'lum bo‘ldi.
Farhod Abdullayev qisqa videoroliklar yordamida murabbiy va futbolchilarga o‘yindagi vaziyatlarni namoyish qilib, hakam tomonidan jazolanmaslik uchun nimalarga ahamiyat qaratish kerakligi haqida tushuncha berib o‘tdi.
Yig‘ilish yakuniga yetgandan keyin O‘zbekiston milliy terma jamoasi a'zolari ishtirokida foto va videosessiya uyushtirildi. Uchrashuvlardan avval maydondagi tablolarda tarkib tanishtirilayotganda namoyish etiladigan videolavhalar va gol kiritilgan vaziyatlarda qo‘yiladigan roliklar uchun suratga olish ishlari tashkil etildi.
Bundan tashqari, jamoa menejyerlari va delegatsiya rasmiylari uchun yana alohida miting bo‘lib o‘tdi. Ushbu mitingda O‘FA Terma jamoalar departamenti direktori Sharofiddin Hojiniyozov, Xalqaro aloqalar boshqarmasi boshlig‘i Diyor Isametdinov, Xalqaro aloqalar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Olim Arifov, O‘FA Matbuot xizmati boshlig‘i Yoqubjon Bobojonov, terma jamoa ma'murlari Sarvar Tojiyev va Shukrullo Ashurovlar qatnashishdi.
Ushbu miting davomida terma jamoa a'zolarining mashg‘ulot o‘tkazish, o‘yinga kelish va ketish tartibi, o‘yindan avvalgi va keyingi matbuot anjumanlari, flesh-intervyular va boshqa rasmiy tadbirlar bo‘yicha muhim ma'lumotlar berib o‘tildi. Milliy terma jamoa futbolchilari va rasmiylari uchun OFK tomonidan tayyorlangan akkreditatsiyalar taqdim qilindi.
Shifokorlar uchun tashkil etilgan mitingda O‘zbekiston MTJ bosh shifokori Abror Pirriyev hamda shifokor va massajchi xodimlar qatnashishdi. Ularga ham o‘yin davomida amal qilish zarur bo‘lgan qonun-qoidalar bo‘yicha ma'lumotlar berib o‘tildi.
Mavzuga oid
10:17 / 17.04.2024
O‘zbekiston U-23 jamoasining Osiyo Kubogi uchun yakuniy tarkibi e’lon qilindi - Fayzullayev va Husanov bor
19:15 / 11.02.2024
Yig‘lagan qizaloq, finalga kelgan Infantino - Qatar Iordaniyani mag‘lub etgan bahsdan fotojamlanma
09:44 / 26.01.2024
Osiyo Kubogi guruh bosqichi yakunlari. Qanday syurprizlar bor?
18:34 / 23.01.2024