O‘zbekistonda yerga egalik qilish shakli o‘zgaradimi?

Yo‘l kengayishi, ko‘pqavatli binolar qurilishi vajida uylarning, tadbirkorlik obektlarining buzilishi haqidagi xabarlar ko‘payib qoldi. So‘nggi vaqtlarda OAVda ham bu mavzuga e'tibor qaratilmoqdaki, qurilish masalasidagi ayrim holatlarda ochiq-oydin qonun buzilishi kuzatilyapti.
Aksariyat e'tirofiga ko‘ra, oddiy aholining «tinchi buzilishi», tadbirkorning «mehnatiga kuyib qolishi»ga nima sabab bo‘lyapti? Bu ishlarning huquqiy asosi bormi?
Yer kodeksining 16-moddasiga ko‘ra, yer davlat mulki — umummilliy boylikdir, undan oqilona foydalanish zarur, u davlat tomonidan muhofaza etiladi hamda oldi-sotdi qilinmaydi, ayirboshlanmaydi, hadya etilmaydi, garovga qo‘yilmaydi, O‘zbekiston Respublikasining qonunlarida belgilangan hollar bundan mustasno.
Ta'kidlangan istisno holatlar shu kodeksning 18-moddasida belgilangan, ya'ni yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkalariga bo‘lgan mulk huquqi savdo va xizmat ko‘rsatish sohasi obektlari ular joylashgan yer uchastkalari bilan birga xususiylashtirilganda vujudga keladi.
Diplomatiya vakolatxonalari va ularga tenglashtirilgan, O‘zbekiston Respublikasida akkreditatsiya qilingan xalqaro tashkilotlarning yer uchastkalariga mulk huquqi ularga o‘zlari vakolatxona binosi sifatida foydalanayotgan imorat yoki imoratning qismlari, shu jumladan vakolatxona boshlig‘ining qarorgohi ular joylashgan yer uchastkalari bilan birga, shuningdek mazkur vakolatxonalarning imoratlarini qurish uchun yer uchastkalari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda realizatsiya qilinganda vujudga keladi.
Diplomatik korpusi xodimlarining, O‘zbekiston Respublikasida akkreditatsiya qilingan matbuot vakillarining, firmalar, kompaniyalar va xalqaro tashkilotlar doimiy vakolatxonalari xodimlarining, chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxonalarda doimiy asosda ishlovchi shaxslarning, shuningdek, respublikada doimiy istiqomat qiluvchi va yashash uchun guvohnomasi bo‘lgan shaxslarning yer uchastkalariga bo‘lgan mulk huquqi ularga uy-joy binolari shu binolar joylashgan yer uchastkalari bilan birga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda realizatsiya qilinganda vujudga keladi.
Qolgan barcha hollarda yerdan quyidagi ko‘rinishlarda foydalanish mumkin:
Doimiy egalik huquqi — tashkilotlar, muassasalarga qishloq va o‘rmon xo‘jaligi yerlari uchun beriladi.
Ijara huquqi — fermer xo‘jaliklariga beriladi.
Meros tariqasida o‘tadigan umrbod egalik huquqi — faqat O‘zbekiston fuqarolariga dehqon xo‘jaligini yuritish, shaxsiy turar joy va jamoaviy bog‘dorchilik uchun beriladi.
Doimiy yoki vaqtincha foydalanish huquqi — O‘zbekiston fuqarolariga, sanoat, transport va boshqa qishloq xo‘jaligi bo‘lmagan tashkilotlarga, chet el investitsiyasi mavjud bo‘lgan muassasalar, xalqaro tashkilotlarga, chet ellik yuridik va jismoniy shaxslarga beriladi.
Umuman olganda, O‘zbekistonda yerdan foydalanish tartibi sobiq Sovet davridan meros qolgan an'analarga asoslangan.
Yerga egalik qilishning «sovetcha» moduli
Tarixiy manbalarda keltirilishicha, sovet tuzumi o‘rnatilgunga qadar O‘zbekiston hududida xususiy yer davlat yeri bilan bir qatorda mavjud bo‘lgan.
Yanada uzoqroqqa nazar tashlansa, xonliklar va amirliklar davrida amaldorlar va harbiylar alohida xizmatlari uchun hukmdor tomonidan tanho (tuhfa sifatida beriladigan va meros tarzida o‘tadigan) yerlari bilan taqdirlangan. Sovet totalitar tuzumi ostida o‘tgan yigirmanchi asrning 30-yillarida xususiy yerlari tortib olingan va o‘zlari olis hududlarga «quloq» qilinganlarning ayrim qismi xuddi shu tanho yerlari egalarining avlodlari edi.
Tarixchi Sunnat Berdiyevning dalolat berishicha, 1917 yilda dastlab «Yer to‘g‘risidagi dekret» qabul qilinadi, shuning asosida barcha yerlar davlat ixtiyoriga o‘tkaziladi va dehqonlar ijarachiga aylandi. 1929 yil oxirida hukmron kommunistik partiya yerlarni ommaviy ravishda jamoalashtirish va quloq xo‘jaliklarini tugatish borasida muhokamalarni boshlaydi. 1930 yil yanvarda esa bu to‘g‘risida rasmiy buyruq ham chiqqan, ya'ni yer o‘rtada, hamma baravar mehnat qiladi, boy ham, kambag‘al ham bo‘lmaydi. Hammaga birlamchi ehtiyoji uchun maosh to‘langan.
O‘sha paytlar yerlarni jamoalashtirish (kolxozlashtirish) jadal sur'atlarda kechdi. 1929 yil yanvarda 29 ming, 1930 yil yanvarda 224 ming, atigi ikki oydan keyin esa yana 393 ming xo‘jalik sovetcha kolxozga birlashtirildi. Bu jarayon aholini qo‘rqitish, ta'qib etish bilan birga amalga oshirilgan. Zo‘rma-zo‘raki o‘rnatilgan kolxoz rejimi o‘tgan asrning 90-yillariga qadar amal qiladi.
Xorij tajribasi
Yer uchastkalariga nisbatan mulk huquqi turli mamlakatlarda, turlicha cheklovlar bilan bo‘lsa-da, belgilangan.
AQShda yer uchastkasi shaxslarga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lishi, oldi-sotdi, garov va boshqa shartnomalar obekti bo‘lishi mumkin.
Rossiyada yer mulkdori o‘zining mulk huquqini qonunchilikka zid bo‘lmagan ravishda amalga oshirishi, belgilangan maqsadda foydalanishi, atrof-muhitga zarar yetkazmasligi kabi shartlar o‘rnatilgan. Yer uchastkalari davlat tomonidan belgilangan tartib, shartlar va maqsadlarda xususiylashtiriladi (masalan, chet ellik shaxslarga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan, chegara oldi hududlaridagi yerlar xususiylashtirishga berilmaydi).
Xitoy Xalq Respublikasida esa yer davlat mulki hisoblanadi, u xususiylashtirilmaydi.
Turkiyada yer ayrim cheklovlar bilan xususiylashtiriladi. U oldi-sotdi, hadya, garov kabi shartnomalar obekti bo‘lishi mumkin.
Tartib o‘zgaradimi?
O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi olib boriladigan regulation.gov.uz saytida Adliya vazirligi tomonidan «Qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashmagan yer uchastkalariga xususiy mulk huquqini bosqichma-bosqich joriy etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident qarori loyihasi taqdim etilgan.
Qaror 2019 yil 1 iyuldan kuchga kirishi rejalashtirilgan bo‘lib, unga ko‘ra:
- yuridik shaxslar va yakka tadbirkorlar o‘zlariga tegishli bo‘lgan savdo va xizmat ko‘rsatish obektlarini u joylashgan yer bilan birga xususiylashtirishi;
- O‘zbekiston fuqarolari, shuningdek, fuqaroligi bo‘lmagan, ammo O‘zbekistonda doimiy istiqomat qiluvchi shaxslar yashash uchun o‘zlariga ajratilgan yer uchastkalarini xususiylashtirishi;
- yuridik shaxslar, yakka tadbirkorlar, shuningdek, O‘zbekiston fuqarolari davlat ko‘chmas mulk obektlariga egalik qilishlari mumkin bo‘ladi.
Qaror muhokamasida xususiylashtiriladigan yerga nisbatan yer solig‘ini bekor qilish va unga mulk solig‘ini joriy qilish haqida fuqarolar tomonidan taklif bildirilgan va bu ko‘pchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri bo‘yicha davlat qo‘mitasi taqdim etgan ma'lumotga ko‘ra, bunday loyiha O‘zbekiston tarixida birinchi marta amalga oshirilmoqda. Ko‘zlangan asosiy maqsad yerga xususiy egalikni joriy etish orqali iqtisodiyotni rivojlantirish hamda raqobatni kuchaytirishdir.
Shuningdek, 2019 yilda qonun loyihalarini ishlab chiqish va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish dasturida hozir amalda bo‘lgan Yer kodeksining qayta ko‘rib chiqilishi haqida aytilgandi. Yangi tahrirdagi Yer kodeksidagi o‘zgarishlar ham asosan yer uchastkalariga egalik tartibini o‘zgartirishga qaratilishi ma'lum qilingan.
Aslini olganda, bundan avval ham yerga xususiy egalikni joriy qilish masalasida harakatlar bo‘lgan. 2006 yil 24 iyulda «Yuridik shaxslar va fuqarolarning binolari hamda inshootlari bilan band bo‘lgan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida» Prezident farmoni (PF-3780-son) chiqqan.
Unga ko‘ra, 2007 yil 1 yanvardan boshlab yuridik shaxslar o‘zlariga qarashli inshootlar joylashgan yer uchastkalarini xususiylashtirish, 2008 yil 1 yanvardan boshlab esa O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarga yakka tartibda uy-joy qurish va turar-joy binosiga xizmat ko‘rsatish uchun ajratilgan yer uchastkalarini xususiylashtirish huquqi berilishi ko‘zda tutilgan edi. Farmon ijrosi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining 147-sonli qarori ham chiqqan. Biroq, shu yo‘nalishda keyinchalik hech qanday amaliy harakat amalga oshirilmagan.
Norma.uz portalida keltirilgan ma'lumotlarga ko‘ra, o‘shanda yerga egalikka doir islohotning amalga oshmaganiga ikki narsa sabab bo‘lishi mumkin:
- birinchidan, yerni xususiylashtirgan shaxs, mulkdor, undan foydalanuvchi, ijarachi — barchasi bir xil miqdordagi yer solig‘ini to‘laydi. Demak, yerni sotib olishdan hech qanday iqtisodiy manfaat mavjud emas;
- ikkinchidan, shaxs yerni xususiylashtirganligi yoki qilmaganligidan qat'iy nazar yer uchastkasining davlat va jamiyat manfaatlari yo‘lida olib qo‘yilishidan kafolatlanmagan.
Yuqorida zikr etilgan masalaga qaytsak, qurilish, buzilish atrofida ko‘paygan mashmashaning ildizi qayerda?
O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 37-moddasiga asosan yer uchastkasi yoki uning bir qismi davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer egasining roziligi bilan yoki yerdan foydalanuvchi va ijarachi bilan kelishilgan holda tegishincha tuman, shahar, viloyat hokimining qaroriga yoxud O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan olib qo‘yilishi mumkin. Davlat va jamoat ehtiyojlari deganda esa:
- mudofaa va davlat xavfsizligi, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ehtiyojlari, erkin iqtisodiy zonalarni tashkil qilish va ularning faoliyat yuritishi uchun yerlarni taqdim etish;
- xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish;
- foydali qazilmalar konlarini aniqlash va qazib chiqarish;
- avtomobil va temir yo‘llari, aeroportlar, aerodromlar, aeronavigatsiya obektlari va aviatexnika markazlari, temir yo‘l transporti obektlari, ko‘priklar, metropolitenlar, tonnellar, energetika tizimi obektlari va elektr uzatish tarmoqlari, aloqa tarmoqlari, kosmik faoliyat obektlari, magistral quvurlar, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini qurish (rekonstruksiya qilish);
- aholi punktlari bosh rejalarini O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjyeti mablag‘lari hisobidan obektlarni qurish bo‘yicha bajarish, shuningdek, qonunlar va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilgan boshqa hollar tushuniladi.
Bu Vazirlar Mahkamasining 97-son qarori bilan tasdiqlangan «Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi to‘g‘risida»gi Nizomida bayon etilgan.
Albatta, xuddi shu nizomda mulkdorga yetkazilgan zarar to‘liq qoplanganidan keyingina yer uchastkasini olib qo‘yishga ruxsat berilishi belgilangan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining ma'lum qilishicha, yer munosabatlari bo‘yicha murojaatlar kelib tushganda qo‘mita mahalliy hokimliklarga amaliy yordam berishlari yuzasidan murojaat qilishi mumkin.
Biroq inshootni rostlash uchun ketadigan vaqt va mehnat nuqtai nazaridan bu holat tadbirkorlar uchun noqulaylik tug‘dirishi, ayniqsa, investorlarni ikkilantirishi amaliyotda kuzatilayotgan va huquqshunoslar tomonidan ta'kidlanayotgan holatdir.
Loyihasi muhokama qilinayotgan qaror 2006 yildagi farmon bilan, oradagi 12 yil vaqtni inobatga olmaganda, albatta, deyarli bir xil mohiyatga ega. Mazkur loyihaning investorlarga qulaylik yaratish, raqobat muhitini yaxshilash, iqtisodiyotni rivojlantirishda qanchalik rol o‘ynashini esa vaqt ko‘rsatadi.
Saodat Abdurahmonova
Mavzuga oid

22:29 / 09.08.2023
Uyni ijaraga berish yoki olish bilan bog‘liq huquqiy masalalar bayon etildi

23:51 / 19.12.2022
Toshkent shahar hokimiyati yangi quriladigan uylardan xonadon sotib olishda e’tiborli bo‘lishga chaqirdi

17:59 / 25.10.2022
Uy olishdagi xatolar

17:55 / 06.10.2022