«Mana senga olam-olam gul» – Sharq Xitoy Yangi yiliga tayyorlanmoqda
G‘arb o‘zining Yangi yilini nishonlab bo‘ldi. Bu bayram shunchalik ommalashib ketganki, uni dini va millatidan qat'i nazar dunyodagi deyarli barcha nishonlaydi. Biroq Sharqning ham o‘z Yangi yil bayramlari bor. Ha, ular bitta emas. Markaziy Osiyo xalqlari 21 mart kuni Navro‘zni nishonlashsa, sharqiy osiyoliklar yanvar va fevral oralig‘ida Xitoy Yangi yilini nishonlashadi. Bu bayramni «Oy Yangi yili» yoki rasman «Bahor bayrami» deb ham atashadi.
Agence France Press bayramga hozirlik ko‘rayotgan vetnamliklar oilasi mehmoni bo‘ldi. Bu oilada «Bahor bayrami» uchun juda muhim bo‘lgan sovg‘alardan biri tayyorlanadi.
Mamlakat poytaxti Xanoy yaqinidagi Kuan Pu Kau qishlog‘ini «tutatqi qishloq» deb ham atashadi. Bu qishloqdagi ko‘p oilalar bambuk shoxchalaridan o‘ziga xos sham tayyorlashadi. Bunday noodatiy shamlar savdosi fevral yaqinlashishi bilan tezlashadi. Chunki, odatda aynan shu oyda Xitoy Yangi yili kirib keladi. Bayram arafasida odamlar marhumlar xotirasiga qizil rangli tayoqchalar tutatishadi.
Vetnamlik oila 100 yildan buyon shu ish bilan shug‘ullanadi. Mezbonning onasi qarib qolgan bo‘lsa-da, hozir bu ishni to‘xtatmagan. Bambuk tanasi stanokda tayoqcha ko‘rinishida kesiladi. Keyin ayollar yuzlariga niqob taqib tayoqchalarni bo‘yab chiqishadi. Bu jarayon tugallangach esa tayoqchalarni havoda quritish boshlanadi.
Aynan quritish jarayoni tashqaridan qaraganda juda chiroyli ko‘rinadi. Suratdagi gul shakliga kirgan tayoqchalar aynan quritish uchun shunday qilib qo‘yilgan. Ular havoda qurigach, dastalanadi, sovg‘a ko‘rinishiga keltirilib, lentalar bilan bog‘lanadi. Lentalar pushti rangda bo‘lishi kerak.
Xoaning aytishicha, bu ishdan oyiga 430 dollar ishlaydi. Mamlakatdagi o‘rtacha ish haqi 195 dollar ekani inobatga olinsa, bu yomon pul emas, deb yozadi AFP.
«Ishingiz og‘ir, bunga yarasha pul topmayapsiz, deb o‘ylashingiz mumkin. Lekin bu pul ikkita farzandimni o‘qitish uchun yetmoqda. Ularni shifokor qilmoqchiman»,- deydi Xoa.
Endi Xitoy Yangi yili nima ekani haqida ikki og‘iz. Bu bayram odatda 21 yanvar va 21 fevral oralig‘ida nishonlanadi. Oy Quyosh va Yerning o‘rtasiga kelgan kun asosiy bayram kuni hisoblanadi. Oy Quyosh va Yerdan teng uzoqlikda joylashsa, Oy tutilishi kuzatiladi. Albatta zamonaviy texnologiyalar rivojlangan bugungi kunda hech kim Oyning holatini kutib o‘tirmaydi. Astronomlar har yili bayram sanasini e'lon qilishadi. Masalan, 2019 yilgi Xitoy Yangi yili 5 fevralda kirishi e'lon qilingan.
1911 yildan bu bayram rasman «Bahor bayrami» deb ataladi. Bayram mushakbozlik va chiroqlar o‘yini bilan boshlanib, xuddi shunday tugallanadi. Bu eng uzoq nishonlanadigan bayramlardan hisoblanadi va naq 15 kun davom etadi. Yangi Yilning birinchi kunida butun oila kechki ovqat mahalida yig‘iladi. Bu bayramni nishonlaydiganlar kechki ovqat vaqtida o‘tganlar ruhini yod etadi.
Sharqiy osiyoliklar ham o‘z bayramlarida yeb-ichishga zo‘r berishadi. Afsonalarga ko‘ra, Yangi yil vaqtida Nen ismli maxluq aylanib yuradi. Ularning aytishicha, maxluq jonliqlar va bolalarni yeyish uchun uylarga keladi. Shu sabab odamlar uylarining kirish qismida har xil yeguliklar qo‘yishadi. Nen o‘sha yeguliklarni yeb bolalarga tegmasin, deb irim qilishadi.
Yana bir afsonaga ko‘ra, Nen bir safar qizil kiyimdagi boladan qo‘rqib qochib ketgan. Shu sababli, bayram arafasida qizil kiyimlar kiyib yurish odat bo‘lgan. Chiroqlar o‘yinida ham qizil ranglardan foydalanishadi. Ayniqsa, Xitoyda bu bayramni intizor kutishadi. Fevralda bayram mushakbozligini ko‘rish uchun Xitoyga boradigan sayyohlar oqimi ham ko‘payadi.
Mavzuga oid
09:34 / 05.08.2024
Viyetnam prezidenti To Lam Kompartiya Markaziy qo‘mitasi bosh kotibi etib saylandi
11:54 / 26.08.2023
AQShning «manglayidagi qora dog‘» – amerikaliklar Vetnamdagi qishloq aholisini nega qatliom qilgandi?
18:30 / 23.05.2023
«General asirni o‘ldirdi, men fotoapparatim bilan generalni o‘ldirdim» – Vetnam urushining shafqatsizliklari tasvirlangan surat tarixi
11:11 / 23.03.2023