XX asrda sodir bo‘lgan ikkita jahon urushi bir necha millionlab insonlarning halok bo‘lishiga, o‘nlab mamlakatlarning vayron bo‘lishiga sabab bo‘ldi.

Biroq o‘sha urushlardan keyin ham odamzotning aqli kirmadi. Oqibatda, 1950-yillar boshida Koreya yarimorolida fuqarolar urushi, 1965-1975 yillarda Vetnam urushi, 1979-1989 yillarda Afg‘on urushi, 1990-yillar boshida Bolqon yarimorolidagi fuqarolar urushlari sodir bo‘ldi.

2001 yilda AQSh avval Afg‘onistonga, so‘ng 2003 yilda Iroqqa bostirib kirdi. Dunyo endi tin olaman deganda 2022 yil 24 fevralda Rossiya Ukrainaga bostirib kirdi. Yana odamlar halok bo‘ldi, shahar va qishloqlar vayronaga, millionlab insonlar qochoqqa aylandi.

Ikkinchi jahon urushidan so‘ng sodir bo‘lgan urushlar orasida Vetnam urushi alohida ajralib turadi. Bu urushda Koreya yarimorolida bo‘lgani kabi bitta millat ikkiga ajralib, o‘zaro urush olib boradi.

Shimoliy Vetnam SSSR yordamida mamlakatda kommunistik tuzum o‘rnatadi va janubda AQSh yordamida tuzilgan Vetnam Respublikasiga bostirib kiradi. Oqibatda urushga AQSh ham qo‘shiladi.

Shimolliklar SSSRdan keng ko‘lamda harbiy yordam olgan bo‘lsa, janubliklarga AQSh harbiylari yordamga keladi va qonli urush 10 yil davom etadi. Oxir-oqibat bu urush AQShning mag‘lubiyati va shimolliklar tomonidan janubning bosib olinishi bilan tugaydi.

Vetnam urushida har ikki tomon ham juda katta talafotlar beradi, yuz minglab harbiylar va tinch aholi vakillari halok bo‘lgan, odamlar qochoqqa aylanadi.

Vetnam urushi barcha uchun fojia edi. Mamlakatni birlashtirib, kommunistik tuzum o‘rnatmoqchi bo‘lgan shimolliklar, ularga qarshi chiqqan janubliklar, janubliklarga yordamga borgan AQShlik harbiylar – bularning barchasi o‘sha urushning qurbonlari bo‘lishadi.

Quyida Vetnam urushi paytida shimolliklar tarafdori bo‘lgan partizan yigitni otib tashlagan politsiya generalining achchiq taqdiri haqida hikoya qilamiz. Bu hodisaning mashhur bo‘lishiga bitta fotosurat sabab bo‘lgandi.

Hodisa

1968 yil 30 yanvar kuni to‘satdan Janubiy Vetnamning turli shaharlariga shimoldagi kommunistlar armiyasi va ularni qo‘llovchi Janubiy Vetnamni ozod qilish milliy fronti a’zolari hujum uyushtiradi. Poytaxt Saygon va yana o‘nga yaqin shahar hujum ostida qoladi.