Notarius lavozimiga tayinlash bo‘yicha tanlov o‘tkazishning yangi tartibi tasdiqlandi
Adliya vazirining buyrug‘i bilan notarius lavozimiga tayinlash bo‘yicha tanlov o‘tkazishning yangi tartibi tasdiqlandi.
Norma’ning yozishicha, bungacha amal qilgan tartib 2019 yil 5 yanvardan o‘z kuchini yo‘qotdi.
Notariuslarni tanlab olish mexanizmi va tanlov o‘tkazish tartib-taomiliga o‘tgan yili jiddiy o‘zgartirishlar kiritilgan.
Notarius lavozimiga talabgor javob berishi kerak bo‘lgan talablarning qayta ko‘rib chiqilgani asosiy yangilik bo‘ldi. U 25 yoshdan kichik bo‘lmagan, oliy yuridik ma'lumotga, yuridik mutaxassislik bo‘yicha kamida 3 yillik ish stajiga ega bo‘lgan, sh.j. notarial idorada kamida 1 yil stajirovka o‘tagan, malaka imtihonini topshirgan mamlakat fuqarosi bo‘lishi mumkin. Bunda sudyalik lavozimida kamida 5 yil ishlagan yoki notarius yordamchisi yoxud adliya organlarining notarial faoliyatga rahbarlik qilish va ushbu faoliyatni nazorat qilish bilan bog‘liq lavozimlarida kamida 3 yil ishlagan shaxslar uchun stajirovkadan o‘tish talab qilinmaydi.
Tanlov o‘tkazish tartib-taomiliga oid asosiy o‘zgartirishlar yoritiladi.
Birinchidan, talabgor tanlovdan o‘tish uchun taqdim etadigan hujjatlar ro‘yxati kengaytirildi. Arizaga quyidagilarni ilova qilish zarur:
• pasport nusxasi;
• belgilangan shakldagi so‘rovnoma;
• diplom yoxud xorijiy ta'lim muassasasida olingan diplomning nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) to‘g‘risidagi guvohnomasi nusxasi;
• mehnat daftarchasining tasdiqlangan nusxasi yoki yuridik mutaxassislik bo‘yicha ish stajini tasdiqlovchi «Elektron mehnat daftarchasi» tizimidan ko‘chirma;
• sudlanganlik haqida ma'lumotnoma;
• malaka imtihonini topshirganligi (qayta topshirganligi) haqida hududiy adliya organi huzuridagi malaka komissiyasining qaroridan ko‘chirma (malaka imtihonini topshirgan, lekin notarius lavozimida 3 yil mobaynida ishlamagan fuqarolar uchun).
Ko‘rsatilgan hujjatlar Adliya vazirligiga elektron shaklda taqdim etiladi.
Ilgari amal qilgan tartibga ko‘ra ishchi organ malaka komissiyasining qaroridan ko‘chirmani, shuningdek adliya organlari tizimida ishlayotgan shaxslarning ma'lumoti va mehnat staji to‘g‘risidagi ma'lumotlarni mustaqil ravishda olgan. Shu sababli ularning mehnat daftarchasi va diplom taqdim etishi talab qilinmagan. Bundan tashqari, ro‘yxatga so‘rovnoma va sudlanganlik haqida ma'lumotnoma qo‘shildi.
Taqdim etiladigan hujjatlar alohida fayllar ko‘rinishida (o‘lchami 10 Mb dan oshmaydigan) rasmiylashtiriladi va PDF formatida skaner qilingan holda jo‘natiladi.
Ikkinchidan, tanlov o‘tkazilishi haqidagi e'lon OAV va Adliya vazirligining saytida (adliya boshqarmalarining saytlarida) hamda «Inson va qonun» gazetasida joylashtiriladi. Tanlov o‘tkazilishi haqida xabar qilingan kundan boshlab hujjatlarni taqdim etish muddati bir oydan 15 kungacha qisqartirildi.
Uchinchidan, Talabgor Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududlarida joylashgan notarial idoralaridagi notarius lavozimiga da'vogarlik qilayotgan bo‘lsa, mazkur hududlarda doimiy propiskaga ega bo‘lishi haqidagi majburiy mezon bekor qilindi. Ya'ni poytaxt va poytaxt viloyatida propiskaga ega bo‘lmay turib ham notarius bo‘lib ishlash mumkin.
To‘rtinchidan, tanlov suhbat tarzida o‘tkaziladi (ilgari – og‘zaki-yozma ravishda). Savollarda quyidagi sohalar qamrab olinadi:
• davlat va jamiyat qurilishi hamda ijtimoiy-siyosiy sohadagi islohotlar;
• fuqarolik huquqi;
• notariat.
Savollarga tayyorlanish uchun 20 daqiqagacha vaqt ajratiladi. Javoblar 10 ballik tizimda baholanadi.
Ilgari tanlov ijtimoiy, huquqiy va notariat sohasidagi 5 ta savolga yozma va og‘zaki javob berish asosida o‘tkazilib, ularga tayyorlanish uchun 90 daqiqa vaqt ajratilardi.
Imtihondan o‘tuvchilarning uyali telefon, boshqa aloqa va telekommunikatsiya vositalari, kitob hamda shpargalkalarni tanlovga olib kirishi taqiqlanadi. Tanlov o‘tkazish kuni va joyi u o‘tkazilishidan 5 kun oldin Adliya vazirligining veb-saytida e'lon qilinadi.
Beshinchidan, notarius lavozimiga tayinlangan, biroq oxirgi 3 yilda notarius, notarius yordamchisi, notarius stajyori yoki notarius kotibi lavozimida ishlamagan shaxslar Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan dastur bo‘yicha bir oylik amaliyotni o‘taydilar. Buning ustiga amaliyot murabbiyi – amaliyot sohasi bo‘yicha yetarli tajriba va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan hamda kamida 3 yil lavozimda ishlayotgan notarius belgilanadi.
Hujjat 5.01.2019 yildan kuchga kirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq notarius lavozimiga tayinlash bo‘yicha tanlov o‘tkazish tartibi belgilanishi xabar qilingandi
Mavzuga oid
16:01 / 05.11.2024
Zulfiya nomidagi davlat mukofoti talabgorlarini tanlash tartibi belgilandi
19:41 / 30.10.2024
Toshkentga to‘rtta kirish darvozasi quriladi
12:25 / 01.07.2024
Notariusga bormasdan amalga oshiriladigan notarial harakat turlari ko‘paydi
09:08 / 27.06.2024