O‘zbekiston | 17:54 / 10.01.2019
43772
9 daqiqa o‘qiladi

Kamomad, mahsulotlar bolalar taomigacha yetib bormasligi va «o‘lik jonlar». Maktabgacha ta'lim vazirligi ichki audit bo‘yicha hisobotni e'lon qildi

Foto: Maktabgacha ta'lim vazirligi matbuot xizmati

Maktabgacha ta'lim vazirligi ichki audit xizmatining 2018 yil yakuni bo‘yicha hisobotini e'lon qildi.

Qayd etilishicha, 2018 yil yakuni bo‘yicha 11 mlrd. so‘m moliyaviy qonunbuzilish holatlari aniqlangan va 278 ta o‘rganish hujjatlari qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga yuborilgan. Jami aniqlangan moliyaviy qonunbuzilishlardan 47,6%ini kamomad va noqonuniy xarajatlar, 27,6%ini davlat xaridi qonunchiligining buzilishi, 17,2%ini budjet mablag‘larini noto‘g‘ri rejalashtirish va 7,7%ni moddiy boyliklar ortiqchaligi va boshqa holatlar tashkil etgan.

“Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, noqonuniy xarajatlarning 40% - “o‘lik jonlar”, ya'ni maktabgacha ta'lim muassasasiga (MTM) turli lavozimlarga rasmiylashtirilgan, lekin haqiqatda muassasada ishlamaydigan xodimlar hisobiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu yo‘l bilan, MTM mudirasi “o‘lik jon” xodimlarga yozilgan ish haqlarini noqonuniy o‘zlashtirgan, ishlamaydigan “o‘lik jon” xodimlar esa noqonuniy mehnat stajiga ega bo‘lganlar. Bugungi kunda, Respublikada aholini ish bilan ta'minlash dolzarb masala bo‘lib turganda, bu “o‘lik jon”lar vijdonan ishlashni xohlovchi mutaxassis va xodimlarning o‘rnini band qilib turibdi”, - deydi Maktabgacha ta'lim vazirligi ichki audit xizmati boshlig‘i.

Ko‘p holatlarda tarbiyachi, tarbiyachi yordamchisi, kiryuvuvchi, oshxona ishchisi, farrosh kabi ish o‘rinlariga ishga joylash soxtalashtirilmoqda, bu esa o‘z navbatida muassasa faoliyatiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda. Masalan, Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi 9-sonli ixtisoslashtirilgan MTMda 19 nafar ishlamagan xodimlar uchun 592 mln. so‘m, Samarqand viloyati Samarqand tumanidagi 6-sonli MTMda - 100 mln. so‘mdan ortiq, Pastdarg‘om tumanidagi 38-sonli MTMda - 60 mln. so‘m, Xorazm viloyati Urganch tumanidagi 4-sonli MTMda – 46 mln. so‘m, Toshkent shahridagi 596-sonli MTMda - 30,4 mln. so‘m, Uchtepa tumanidagi 244-sonli MTMda – 22,8 mln. so‘m va boshqalarda ish haqlari asossiz hisobdan chiqarilgan.

Noqonuniy xarajatlarning yana bir turi, xodimlarga soxta ish haqi va mukofot pullarini yozib, naqd pullarni hisobdan asossiz chiqarishdir. Masalan, Namangan viloyati Chortoq tumanidagi 14-sonli MTMda to‘lov qaydnomalari orqali 20,8 mln. so‘m naqd pullar xodimlarga berilmasdan g‘aznadan asossiz hisobdan chiqarilgan. Xuddi shunday holat, Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi 9-sonli ixtisoslashtirilgan MTMda – 17,3 mln. so‘m, Xorazm viloyati Shovot tumanidagi 14-sonli MTMda – 35 mln. so‘m va boshqalar.

Bundan tashqari, o‘tkazilayotgan nazorat tadbirlarida ota-onalarning bolalar ta'minotiga to‘lagan pullari va xomiylik pullarini g‘aznaga kirim qilmaslik holatlari aniqlanmoqda. Shuningdek, MTMga yo‘llanmasiz bolalarni qabul qilish va o‘z navbatida yo‘llanmasiz qatnayotgan bolalar uchun to‘langan badal pullari g‘aznaga kirim qilinmasdan MTM rahbarining noqonuniy daromad manbaiga aylanmoqda. Masalan, Toshkent shahar Shayxontohur tumanidagi 226-sonli MTMda – 120,6 mln. so‘m, Jizzax viloyati Jizzax shahridagi 24-sonli MTMda - 64,3 mln. so‘m, Andijon viloyatidagi Xonabod shahridagi 1-sonli MTMda – 38 mln. so‘m, Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanidagi 36-sonli MTMda – 17 mln. so‘m, Samarqand shahridagi 58-sonli MTMda - 20 mln. so‘m va boshqalarda ota-onalarning bolalar ta'minotiga to‘lagan pullari g‘aznaga kirim qilinmagan.

Davlat xaridlari (tovar, ish, xizmatlar) qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshirilishi lozim. Ushbu qonunchilik talablariga rioya etmaslik moliyaviy qonunbuzilishga yo‘l qo‘yilganligidan dalolat beradi. Davlat xaridi qoidalari - har bir ta'minotchi o‘z mahsuloti va narxlarini erkin taklif qila olishi va sog‘lom raqobat muhitida buyurtmaga ega bo‘lishini ta'minlaydi. Ta'minotchini tanlash faqatgina rahbarga bog‘liq bo‘lmasa, korrupsiyaning xavfi ham kamayadi.

Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumani maktabgacha ta'lim bo‘limi tomonidan 249 mln. so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilish bo‘yicha shartnomalar, tanlov o‘tkazish xarid komissiyasining xulosasisiz va yurist imzosisiz tuzilgan. Auditorlar tomonidan ushbu shartnoma bo‘yicha go‘sht mahsulotlari 9 mln. so‘mga qimmat narxlarda olinganligi va mahsulotlar sifatsizligi aniqlangan.

Shuningdek, auditorlar tomonidan shartnomalar bo‘yicha mahsulotlar haqiqatda yetkazib berilmasdan, soxta hujjatlar bo‘yicha ta'minotchilarga mablag‘larni o‘tkazib berish holatlari aniqlangan. Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani maktabgacha ta'lim bo‘limi tomonidan bolalar mebellari uchun 11,5 mln. so‘m, Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidagi 40-sonli MTMga choyshablar uchun 10 mln. so‘m, Buxoro shahar 42-sonli MTMda oziq-ovqat mahsulotlari uchun 49 mln. so‘m soxta hujjatlar asosida o‘tkazilgan.

Auditorlar tomonidan o‘tkazilayotgan o‘rganishlarda albatta moddiy boyliklar inventarizatsiyasi tashkil etiladi. Inventarizatsiya natijasida aniqlangan kamomad – mulkni talon-taroj qilinganligi ehtimolidan dalolat beradi. Oddiy til bilan aytganda, oziq-ovqat mahsuloti kamomadi degani bu mahsulotlarning bolalarning taomigacha yetib bormasligidir. Ortiqcha chiqqan mahsulotlar esa aksariyat holatlarda hujjatlarga soxta yozuvlar kiritish natijasida hosil bo‘ladi: masalan, oziq-ovqat mahsulotlarini taomnomada taom pishirishda ishlatilgan deb ko‘rsatiladi, lekin haqiqatda mahsulotlar qozonga solinmaydi. Mana shu mahsulotlar turli joylarga yashirib qo‘yilganligi auditorlar tomonidan aniqlandi.

Auditorlar tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari berkitib qo‘yilgan yashirin xonalar aniqlanmoqda. Masalan, Toshkent shahar Yashnobod tumanidagi 596-sonli MTMda oziq-ovqat mahsulotlari tarozi ostiga va yashirin xonaga, Sergeli tumanidagi 292-sonli MTMda choyshablar orasiga, Xorazm viloyati Yangiariq tumanidagi 5-sonli MTMda elektroshit xonasiga, Toshkent viloyati Quyichirchiq tumanidagi 8-sonli MTMda kir yuvish xonasiga yashirib qo‘yilganligi aniqlangan.

Toshkent shahar Yashnobod tumanidagi 596-sonli MTMda yashirib qo‘yilgan oziq-ovqat mahsulotlari: go‘sht – 11,7 kg, pishgan go‘sht – 10,9 kg, tovuq go‘shti– 4 kg, shakar - 23,8 kg, choy – 0,65 kg, qand– 1,45 kg, sariyog‘– 5,5 kg, tuxum – 100 dona, sut – 2,5 litr.

Qayd etilishicha, Jizzax shahridagi 39-sonli MTM xodimlari auditorlar kelganida 27 kg. go‘sht mahsulotini kanalizatsiya chuquriga tashlab yuborishgan.

Shuningdek, MTM xodimlari tomonidan taomnomalarga o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirishlar kiritilib, soxta taomnomalar tuzilganligi aniqlangan. Namangan viloyati Namangan tumanidagi 11-sonli MTMda oshxonadagi taomnoma, oziq-ovqat mahsulotlarini hisobdan chiqarish uchun buxgalteriyaga topshirilgan taomnoma bilan solishtirilganda bir-biriga to‘g‘ri kelmasligi aniqlandi, natijada 14,7 mln. so‘mlik mahsulotlar ortiqcha hisobdan chiqarilgan.

Noqonuniy harakatlardan yana biri, ota-onalarning bolalar ta'minoti uchun to‘lovlarini hisoblashda imtiyozlarni noto‘g‘ri qo‘llashdir. Namangan viloyati Norin tumanidagi 6-sonli ixtisoslashtirilgan MTMda 2016-2018 yillarda 54,9 mln. so‘m to‘lov pullari asossiz hisoblanmagan.

Tegishli moliya yili uchun maktabgacha ta'lim muassasasiga budjetdan ajratiladigan mablag‘lar hajmi, muassasalar tomonidan berilgan hamda boshqa bir qancha ko‘rsatkichlar e'tiborga olingan holda aniqlanadi. Noto‘g‘ri hisob-kitoblar natijasida ortiqcha shtat birligi kiritilsa, budjetdan ortiqcha mablag‘ rejalashtirilishiga sabab bo‘ladi.

Masalan, Sirdaryo viloyati Guliston shahar maktabgacha ta'lim bo‘limi tomonidan MTMning shtatlar jadvaliga 8,5 ta ortiqcha shtat birligi kiritilishi natijasida 29,7 mln. so‘m ortiqcha budjet mablag‘lari rejalashtirilgan.

Maktabgacha ta'lim vazirligi auditorlari tomonidan maktabgacha ta'lim muassasalarida o‘tkazilayotgan nazorat tadbirlari poytaxtda va hududlarda muntazam ravishda olib borilmoqda, kamomad va noqonuniy xarajatlarni aniqlash va oldini olish davom etmoqda, deyiladi xabarda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid