O‘zbekiston | 21:42 / 10.01.2019
5240
4 daqiqa o‘qiladi

​«Mamlakatimizda saylov qonunchiligi: kecha va bugun» mavzusidagi vebinarda qanday masalalar ko‘tarildi?

Foto: O‘zbekiston yoshlar ittifoqi

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashida «Mamlakatimizda saylov qonunchiligi: kecha va bugun» mavzusida Respublika bo‘yicha videoselektor shaklida seminar (vebinar) tashkil etildi. Unda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Alisher Sa'dullayev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Shuhrat Yakubov, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Toshkent harbiy-texnik instituti dotsenti, yu.f.n. Sherzod Zulfiqorov o‘z ma'ruzalari bilan, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi ta'lim muassasalarining boshlang‘ich tashkiloti yetakchilari tinglovchi ishtirok etdi.

Vebinarda mamlakatimizda olib borilayotgan saylov qonunchiligi, uning tarixi va istiqbollari, shuningdek joriy yilning yakunida o‘tkazilishi rejalashtirilgan saylovlarda yoshlarning o‘rni va roli borasida fikr-mulohazalar yuritildi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashining birinchi o‘rinbosari Alisher Sa'dullayev kirish so‘zi bilan vebinarni ochib berib, siyosiy islohotlarda faol ishtirok etishda yoshlarning o‘rnini oshirish va unga innovatsion yondashish orqali yoshlarning siyosiy-huquqiy savodxonligini yuksaltirish Yoshlar ittifoqining asosiy maqsadi ekanligini ta'kidladi.

Tadbir ishtirokchilari mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq O‘zbekistonda izchil amalga oshirilayotgan, jumladan, saylov erkinligini ta'minlash va saylov qonunchiligini takomillashtirish borasida hayotga tatbiq etilayotgan islohotlar fuqarolarning davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish bo‘yicha Konstitutsiyamizda kafolatlangan huquqlarini mustahkamlash yuzasidan mutaxassislarning fikrlari bilan tanishdi.

Onlayn seminarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi a'zosi Shuhrat Yakubov o‘zining «Mamlakatimizda mustaqillik yillarida saylov qonunchiligi yuzasidan olib borilgan islohotlar, istiqboldagi rejalar» mavzusidagi ma'ruzasida yurtimizda saylov tizimini takomillashtirish jarayoniga aholining keng qatlamlari, ayniqsa, yoshlarni jalb etishga alohida e'tibor qaratilayotganligini yoshlarimizning siyosiy va fuqarolik faolligini kuchaytirishga, yigit va qizlarimizda mamlakat va xalq taqdiriga daxldorlik hissini oshirishga xizmat qilishi to‘g‘risida fikr bildirib, saylov jarayonining shakllanishi, mavjud muammolar, saylov qonunchiligidagi yangiliklarga to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, saylovchilarning elektron ba'zasi yaratilishi va unda 18 yoshga to‘lgan, saylash huquqiga ega fuqarolarning ro‘yxati shakllantirilishi o‘z navbatida ma'lumotlarning aniq va to‘liqligini ta'minlashini qayd etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Toshkent harbiy-texnik instituti dotsenti, yu.f.n. Sherzod Zulfiqorov o‘z ma'ruzasida bugungi kunda saylov qonunchiligi, xalqaro tajriba va unda yoshlar faolligining ahamiyati masalalarini keng yoritib berdi. Mavzuga doir savol-javoblarda Respublika siyosiy – huquqiy ishlar yo‘nalishi yetakchisi Jahongir Fatxiddinov Fuqarolarni o‘zini o‘zi boshqarish organlarining bevosita deputatlik saylovlariga o‘z nomzodini qo‘yishi bekor qilinayotganligi va bu orqali deputat bo‘lganlar masalasiga oid savol bilan yuzlandi. Shuhrat Yakubov bunga javoban, 2019 yilda ularning vakolati tugashi va keyingi saylovlarda yangi chiqqan huquqiy me'yorlar asosida ish ko‘rilishini ma'lum qildi.

Respublika sport-sog‘lomlashtirish yetakchisi Baxtiyor Xayrullayevning Ekologik harakat deputatlari bilan bog‘liq savoliga javoban Sherzod Zulfiqorov Ekologik harakatning 1-Qurultoyi bo‘lib o‘tganligi va uning ham beshinchi siyosiy partiya sifatida shakllantirilayotganligi haqida atroflicha ma'lumot berdi.

Shahnoza Nurullayeva

Mavzuga oid