Jamiyat | 19:10 / 10.01.2019
12784
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida ro‘y bergan YTHda 1-sinf o‘quvchisi halok bo‘ldi

Foto: KUN.UZ

Toshkent viloyati Quyichirchiq tumanida yengil avtomobilning 1-sinf o‘quvchisini urib yuborishi oqibatida bir oilaning farzandi vafot etdi. 2019 yil 7 yanvar kuni soat taxminan 14:30 larda  Quyichirchiq tumanida, «Neksiya» rusumli avtomobil haydovchisi K.N. qatnov yo‘lini chap tomondan o‘ng tomonga kesib o‘tayotgan 2011-yilda tug‘ilgan piyoda A.I.ni urib yuborgan. Piyoda A.I. og‘ir tan jarohatlari oqibatida Quyichirchiq tuman markaziy shifoxonasida hayotdan ko‘z yumgan. Bu haqda viloyat IIB YHXB Axborot xizmati Kun.uz’ga ma'lum qildi.

Dastlabki tergov oldi surishtiruv ma'lumotlariga ko‘ra, ta'til kunlari ota-onasining nazoratidan chetda qolgan 1-sinf o‘quvchisi A.I. yo‘l yuzida joylashgan do‘kondan chiqib, yo‘lni belgilanmagan qismidan yugurib o‘tayotgan vaqtida ushbu yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. Holat yuzasidan haydovchiga nisbatan O‘zR Jinoyat kodeksining 266-moddasi, ya'ni «transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish»ning tegishli qismi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ta'kidlash o‘rinliki, deyiladi xabarda, Toshkent viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan maktab o‘quvchilari, mas'ul xodimlar hamda ularning ota-onalari ishtirokida o‘quvchilar tomonidan yo‘llarda harakatlanish qoidalari, maqsadsiz ravishda avtomobil yo‘llarda yurmaslik borasida targ‘ibot suhbatlari o‘tkazilishiga qaramasdan shunday mudhish hodisa ro‘y bergan. 

Shu munosabat bilan ota-onalardan jondan aziz farzandlarini qarovsiz qoldirmaslik, avtomobil yo‘liga ularni yolg‘iz chiqarmasliklarini tavsiya qilamiz.

Mavzuga oid