O‘zbekiston | 12:37 / 11.01.2019
11332
3 daqiqa o‘qiladi

Isroil rivojlanishining uch ustunini O‘zbekistonda qurish imkoniyatlari muhokama qilindi

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati

Innovatsion rivojlanish vazirligida Isroilning kompaniyasining ijrochi direktori Rotem Gants (Rotem Ganz) va Isroil O‘zbek savdo palatasining bosh direktori Sari Tsvi (Sari Zvi) bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. 

Mehmonlarni Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov, vazir o‘rinbosari Yo‘lbarsxon Mansurov qabul qildi, yig‘ilishda vazirlikning boshqa mas'ul xodimlari ham ishtirok etdi.

“TecTum” kompaniyasi tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida kichik va o‘rta biznes ehtiyojlarini, muammolarni va texnologik kamchiliklarni inobatga olgan holda munitsipal va mahalliy sheriklar bilan hamkorlik qiladi.

Kompaniya texnologik tahlil va tadqiqotlardan foydalanib, biznesning eng muhim ehtiyojlarini belgilovchi o‘sish sektorlarini yaratish uchun ekotizimning eng muhim ishtirokchilari, jumladan, mahalliy va federal hukumat vakillari, notijorat tashkilotlari bilan birgalikda o‘z faoliyatini olib boradi.

Ko‘p yillar davomida kompaniya Isroil ekotizimining uch ustunini - metodologiya, texnologiya, infratuzilmani aniqlash bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazib kelmoqda. Endilikda esa ularni boshqa davlatlarga ham tatbiq etish orqali mamlakatlararo munosabatlarni yanada mustahkamlashga kirishmoqda.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati

˗ Isroil bilan O‘zbekistonning o‘xshash tomonlari bisyor, ­ ˗ dedi Rotem Gants. ˗ Deylik, bizda ham, sizning yurtingizda ham suv tanqisligi mavjud. Shu bilan birga hamisha navqiron xalqimiz bor. Isroil juda qisqa muddatlarda texnologiyalar orqali o‘z iqtisodini tiklab oldi, dunyodagi innovatsiyalarni turli sohalarga tatbiq qilish orqali rivojlangan mamlakatlar qatoriga qo‘yildi. O‘ylaymanki, O‘zbekistonga ham Isroil tajribasini joriy qilish orqali turli sohalarda muvaffaqiyatlarga erishish mumkin. Isroillik investorlarni O‘zbekistondagi muayyan soha vakillari bilan hamkorligi, rivojlangan mamlakatlarda ijobiy natijalar bergan texnologiyalarni transfer qilish orqali yurtingiz rivojlanishiga hissa qo‘shishga umid qilamiz.

Muzokaralar davomida respublika qishloq xo‘jaligi va sanoatidagi mavjud muammolarni isroillik kompaniya vakillari ishtirokida hal qilish masalalari muhokama qilindi. Xususan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining unumdorligini, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish maqsadida mavjud kamchiliklar, muammolarni aniqlash, ularni tahlil qilish va ularni yechishning qadamma-qadam rejasini ishlab chiqish zaruriyati bugungi kun talabi ekanligi qayd etildi.

Mavzuga oid