O‘zbekiston | 21:07 / 14.01.2019
17826
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida fermer xo‘jaliklari yer maydonlari maqbullashtirilmoqda

Shu yilning 9 yanvar kuni Vazirlar Mahkamasining “Fermer xo‘jaliklarni va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari yer maydonlarini maqbullashtirish hamda qishloq xo‘jaligi ekin yerlaridan samarali foydalanishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi.

Qarorga asosan, Toshkent viloyati Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan viloyatdagi bir qancha fermer xo‘jaliklarining yer maydonlari maqbullashtirilmoqda.

Tashkilotning viloyat kengashi raisi o‘rinbosari Zoyir Eshnayev ushbu jarayonga to‘xtalar ekan, jumladan hozirgi kunga qadar qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanishda uchrayotgan tizimli muammolarni sanab o‘tdi.

Ochig‘i, bog‘dorchilik, uzumchilik, meva sabzavotchilik kabi yo‘nalishlarga yer ajratishda maydalashib ketilgan.

Paxta-g‘allachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarini tashkil etishda ham 10-15 gektardan ekin yerlari ajratilganligini tan olish kerak.

Shuningdek, fermerning yillik biznes rejasini tuzish va ijrosini nazorat qilish uddalab bo‘lmas vazifaga aylanib qolgan.

Fermer xo‘jaliklari yer maydonlariga ekinlarni joylashtirish va hosildorlikni belgilash hamda ayrim qishloq xo‘jaligi ekinlarini shartnomaga asosan ko‘p yoki kam ekilishini boshqarish ishlari murakkablashib ketganiga ham alohida urg‘u berish zarur.

Bundan tashqari, tizimda ayrim ekin yerlari nomutaxassis, yerni qadriga yetmaydigan shaxslarning qo‘liga o‘tib qolishi – yerlarning meliorativ holatini yomonlashishga ham olib kelgan.

Hukumatimizning qarori bilan fermer xo‘jaliklari yer maydonlari maqbullashtirilishi yerdan maqsadli foydalanish va yer ijara shartnomasi talablarini so‘zsiz ijrosini ta'minlanishi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishiga zamin yaratildi.

Kelgusida fermer xo‘jaliklarini yiriklashishi bilan ularni ishlab chiqarish faoliyati to‘g‘ri yo‘lga qo‘yiladi, tuzilgan kontraktatsiya shartnomalarining bajarilishi, mahsulot sotishdan tushgan mablag‘larning bank hisob varaqlari orqali aylanishi hamda debitor-kreditor qarzdorliklari va moliyaviy holatini hisob-kitobi ham yaxshilanadi.

Bundan tashqari, fermer xo‘jaliklari faoliyatida qo‘shimcha tarmoqlar tashkil etish, zarur qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan ta'minlash, moddiy-texnika resurslaridan samarali foydalanish holatini nazorat va tahlil qilib borilishi osonlashadi.

Toshkent viloyati fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari
Kengashi raisi o‘rinbosari Zoyir Jumayevich Eshnayev

Mavzuga oid