Xorijdan qaytgan o‘zbekistonlik yoshlar bandligini ta'minlashga ko‘maklashuvchi loyiha ishga tushirildi
Aholisining 60 foizini yoshlar tashkil etgan mamlakatimizda ishsizlik muammosini bartaraf etish, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir qator loyihalar amalga oshirilib kelinmoqda. Xorijda ishlab qaytgan yoshlarga e'tibor namunasini O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan start berilgan yangi loyihada ko‘rishimiz mumkin. Yoshlarni munosib mehnatga jalb etish va ularning tashabbuskorliklarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ushbu loyiha orqali xorijda ishlab, yashash manzillariga qaytib kelgan yoshlar bilan uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Loyiha shu yilning yanvar oyidan mart oyiga qadar yurtimizning barcha hududlarida o‘tkazilmoqda.
Dasturga muvofiq ravishda “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi, O‘zbekiston yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash markazi hamda “Yosh fermerlar” Kengashi nodavlat-notijorat tashkilotlari tomonidan barcha mahallalarda tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo‘lgan yoshlar uchun o‘quv-seminarlari, shaxsiy tomorqadan samarali foydalanish mavzusida taqdimotlar, yoshlarning yirik ishlab chiqarish korxonalari va sanoat zonalariga sayohatlarini tashkil etilyapti. Har oyda o‘ntadan mahallalar tanlab olinib, xorijda ishlab yashash manzillariga qaytib kelgan yoshlar bilan tadbirkorlik va bandlik, munosib mehnat, salomatlik va gigiyena, diniy-ma'rifat yo‘nalishlarida o‘quv-seminarlar bo‘lib o‘tadi.
Respublika bo‘ylab o‘tkazilayotgan tadbirlar natijasida xorijga ishlash va o‘qishga ketib, O‘zbekistonga qaytib kelgan yoshlarning muammolari o‘rganilib, mutasaddi idoralar vakillari bilan mavjud muammolarni bartaraf etish choralari ko‘riladi. Yoshlarga bo‘sh ish o‘rinlari taklif etish, ularning tadbirkorlik bilimlarini oshirish, bandligini ta'minlashga ko‘maklashiladi.
Loyihaga doir tadbirlarning dastlabkisi Navoiy viloyatida O‘zbekiston yoshlar ittifoqining Qiziltepa tuman Kengashi tomonidan tashkil etildi. Unda mahallalardagi yoshlar bilan ochiq muloqot qilindi.
Xususan, tumandagi “G‘amxo‘r”, “O‘rtaqo‘rg‘on” va “Xo‘jaqo‘rg‘on” mahalla fuqarolar yig‘inlarida hamda Navoiy shahridagi “Zarafshon” mahalla fuqarolar yig‘inida xorijga chiqib, ishlab qaytgan yoshlar uchun mehnat xavfsizligi va muhofazasi, salomatlik va gigiyena qoidalariga bag‘ishlangan bir qator o‘quv-seminarlar o‘tkazildi. O‘zga yurtga Vatan sog‘inchi va oila a'zolarining diydoriga ilhaq bo‘lib, o‘z uylariga qaytgan yoshlar “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasining faoliyatiga katta qiziqish bildirishdi.
Tadbirkorlik qilish istagidagi yoshlarga mazkur jamg‘armadan imtiyozli kredit olish, o‘z biznes loyihasini yaratish va uni amalga oshirish bo‘yicha maxsus mahorat saboqlari berildi.
—Yoshlar bilan uchrashuv va ochiq muloqotlarni o‘tkazishimizdan asosiy maqsad xorijda ishlab, yashash manziliga qaytgan yoshlarning muammolarini hamkor tashkilotlar bilan birgalikda o‘rganish, ijobiy hal qilish, ularning chet elga chiqib ketishlarining oldini olish, eng asosiysi, ishsizlik muammolarini bartaraf etishdan iborat, – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqining Navoiy viloyat Kengashi bo‘lim mudiri Nazirjon Qayumov.
Loyihadagi tadbirlarning navbatdagisi To‘rtko‘l tumanining “O‘zbekiston” hamda “Otayurt” ovul fuqarolar yig‘inlarida ham o‘tkazildi. Yoshlar bilan uchrashuvda To‘rtko‘l tumanidagi mutasaddi tashkilot rahbarlari, uzoq muddatga ishlash uchun chet ellarga ketib, yashash manziliga qaytib kelgan yoshlar va ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi. Muloqotda hozirgi kunda tumanda tadbirkorlik qilayotgan yoshlar va ularning imkoniyatlaridan kelib chiqib yaratilgan bo‘sh ish o‘rinlari hamda chet elda ishlab yashash manziliga qaytib kelgan yoshlarga tadbirkorlik faoliyati va ularga yer ajratib berish uchun yaratilayotgan imkoniyatlar bilan atroflicha tanishtirildi.
Jizzax viloyatining barcha tuman-shaharlarida ham yoshlar takliflarini o‘rganish, muammolariga yechim topish, bandligini ta'minlash, yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olishga doir sayyor qabullar tashkil etildi. Mazkur uchrashuvlarda hudud yoshlari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi. Ularni qiynayotgan muammolarga yechimlar topilib, ko‘plab masalalarga ijtimoiy-huquqiy ko‘mak ko‘rsatildi. Ayniqsa, xorijda ishlab, yashash manziliga qaytib kelgan yoshlar mamlakatimizda ularga qaratilayotgan e'tibor va imtiyozlar haqida batafsil ma'lumotlarga ega bo‘lib, o‘zlari uchun munosib ish topish hamda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun imtiyozli kredit olishga muvaffaq bo‘lishyapti.
— 4 yil Rossiya davlatida ishlaganman. Musofirlikda hayot kechirish, Vatan, ota-ona va yaqinlardan uzoqda mehr-e'tiborga muhtojlik, yurt sog‘inchi azobini juda yaxshi bilaman, — deydi arnasoylik Bobur Zulinov. —Ayniqsa, kuchga to‘lgan paytimda o‘z yurtimda qiziqqan sohamda ishlamasdan, o‘zga yurtda qora mehnatda umrim o‘tayotganiga achinardim. Internet saytlari orqali O‘zbekistonda yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlardan doim boxabar bo‘lib turardim. 2018 yilda O‘zbekistonga qaytib keldim. Bolaligimdan musiqaga qiziqib, bu sohada ma'lum bilim va ko‘nikmalarim ham bor. Shu bois ishlab topgan pulimga musiqa va ovoz yozish jihozlarining bir qismini sotib oldim. Hozir tumanimizdagi Musiqa va san'at maktabida musiqa va ovoz yozish bilan shug‘ullanaman. Jihozning qolgan qismi uchun kredit olish maqsadida Yoshlar ittifoqining sayyor qabuliga keldim. “Yoshlar —kelajagimiz” jamg‘armasi orqali imtiyozli kredit olishim mumkinligini aytib, shu yerning o‘zida manzilli rejaga kiritishdi.
Bundan tashqari Zomin tumanida o‘tkazilgan sayyor qabulda tog‘li hudud hisoblangan “Pishag‘ar” qishlog‘ida yashovchi 27 yoshli Gulbahor Abdullayeva ham oilaviy sharoitidagi moddiy qiyinchiliklar sabab shu kunga qadar fuqarolik pasporti olmaganini aytdi. Gulbahorning murojaatini tuman ichki ishlar bo‘limi hamda tuman prokuraturasi atroflicha o‘rganib, joyida ijobiy hal etishga kirishdi.
— Yoshlarning bitta bo‘lsa ham muammosi bor ekan, ularga yechim topish, muammoni o‘rganish va bartaraf etish uchun harakatni to‘xtatmasligimiz lozim, — deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Jizzax viloyat Kengashi raisi Dilmurod Xudoyshukurov. —Hududdagi yoshlar bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish va ularning intilishini rag‘batlantirish asosiy vazifamizdir. Shu bois yil boshidanoq ushbu vazifani amalga oshirishga kirishdik.
Yoshlarni munosib mehnatga jalb etish va ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tadbirlar barcha viloyatlarda o‘tkazilmoqda. Mart oyiga qadar yoshlarni ish bilan ta'minlash, xorijiy mamlakatlarda ish topish, mehnat xavfsizligi va muhofazasi yuzasidan xorijda ishlashga ketish istagida bo‘lgan hamda qaytib kelgan yoshlar uchun kerakli tavsiyalar berib boriladi.
Loyiha doirasida tashkil etilayotgan tadbirlarda xorijdan qaytgan barcha yoshlar ishtirok etishi mumkin.
Mavzuga oid
17:48 / 28.09.2019
«Qolipga solingan fikrlar yoshlarga qiziq emas» - Yoshlar ittifoqini o‘zgartirishga intilayotgan Alisher Sa’dullayev bilan suhbat
15:50 / 25.06.2019
Namanganliklar «Yoshlar va qonun» tanlovida peshqadam bo‘ldi
15:59 / 17.06.2019
Zamonaviy texnologiyalarga qiziquvchi yoshlar uchun «Digital Generation Camp» yozgi oromgohi tashkil etildi
15:46 / 15.06.2019