Jamiyat | 14:26 / 18.01.2019
6343
5 daqiqa o‘qiladi

“Yoshlar press-klubi”ning navbatdagi sessiyasida maktabgacha ta'lim tizimidagi masalalar muhokama qilindi

Kuni kecha “Yoshlar press-klubi”ning “Maktabgacha ta'lim: muammo, islohot, yechim” mavzusida navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiya muhokamasida spiker sifatida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligining rahbar va mas'ul xodimlari, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi mas'ul xodimlari, Toshkent davlat pedagogika universitetining tajribali pedagoglari, MTM mudiralari, yosh oila vakillari, jurnalistlar, talabalar, Yoshlar ittifoqi faollari ishtirok etdi.

Foto: Yoshlar press-klubi

Ushbu press-klub O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida” 2017 yil 5 iyuldagi PF-5106-son farmoni, “Maktabgacha ta'lim tizimini boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018 yil 30 sentyabrdagi PQ-3955-son qarori, 2018 yil 28 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan topshiriqlar ijrosini ta'minlash, maktabgacha ta'lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlardan aholini, ayniqsa yosh oilalarning xabardorligini oshirish maqsadida tashkil etildi.

Foto: Yoshlar press-klubi

Ta'kidlash joizki, bugun mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning barcha jabhalarida tub islohotlar o‘tkazilmoqda. Bu o‘zgarishlar Maktabgacha ta'lim vazirligini ham chetlab o‘tgani yo‘q. Prezident tashabbusi bilan 2017 yilning 30 sentyabrida Maktabgacha ta'lim vazirligi tashkil etildi. O‘tgan davrda vazirlik maktabgacha ta'lim tizimini barqaror rivojlantirishga yo‘naltirilgan islohotlar va o‘zgarishlarni amalga oshirdi.

Foto: Yoshlar press-klubi

Jumladan, maktabgacha ta'lim tizimini yaxlit uzluksiz ta'lim tizimining muhim bo‘g‘ini sifatida yanada takomillashtirish, bolalarni har tomonlama intellektual, ma'naviy-estetik va jismoniy rivojlantiruvchi zamonaviy ta'lim dasturlari va texnologiyalarini ta'lim-tarbiya jarayoniga joriy etish, ularning maktabga tayyorgarlik darajasini tubdan oshirish ko‘zlandi.

Foto: Yoshlar press-klubi

Maktabgacha ta'lim muassasalari tarmog‘ini rivojlantirishni tavsiflovchi asosiy ko‘rsatkichlar biri bu – 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalarni MTMga joylashtirishdir. Bugungi kunda respublikada 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan 2,5 milliondan ortiq bolalar mavjud. Ulardan 941 078 nafari maktabgacha ta'lim tizimiga joylashtirish yoshida. Ayni damda ularning 37,7 foizi maktabgacha ta'lim tizimiga qamrab olingan. Maktabgacha ta'lim tizimida bolalarning qamrab olinishi 2017 yilning sentabr oyida 27,7% ni tashkil etgan edi.

Foto: Yoshlar press-klubi

Davlat va xususiy maktabgacha ta'lim muassasalari tarmog‘i ham sezilarli darajada rivojlandi. 2017 yilda respublikada 5211 ta maktabgacha ta'lim muassasasi mavjud bo‘lgan bo‘lsa, 2018-yilga kelib 6 669 taga yetdi. Shulardan 5641 tasi jamoat, 639 tasi xususiy va 389 tasi davlat-xususiy sherikchiligi asosida ish yurityapti.

Foto: Yoshlar press-klubi

Nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish va maktabgacha ta'lim xizmatlari sohasiga biznesni jalb qilish maqsadida davlat-xususiy sherikchiligi bo‘yicha qator qarorlar qabul qilindi. 2018 yil boshida nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalari soni 257 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2018 yilning dekabr oyida 1028 taga yetdi.

Foto: Yoshlar press-klubi

Press-klub sessiyasida o‘tgan yil davomida amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi. Maktabgacha ta'lim tizimi faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qonunchilikdagi o‘zgarishlar, MTTga qabul yoshi, yosh oilalar farzandlari va maxsus sohalar vakillarini MTMga qabul qilish bo‘yicha imtiyozlar, imkoniyati cheklangan bolalarni MTMga qabul qilish jarayoni, nodavlat maktabgacha ta'lim tizimi faoliyatining o‘ziga xosligi, MTMda gigiyena va bolalar ovqatlanishi, ta'lim metodologiyasi, tili, pedagog kadrlar salohiyati kabi qator masalalar muhokama qilindi. Takliflar berildi.

Foto: Yoshlar press-klubi

Xulosa, o‘rnida ta'kidlash joizki, O‘zbekiston yoshlar ittifoqiga murojaat qilgan yosh oila vakillari, qolaversa, ko‘rsatuv orqali butun respublikamizdagi yosh oilalar maktabgacha ta'lim tizimidagi qator yangiliklar, islohotlar haqida aniq, lo‘nda, asosli ma'lumotlarni olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Mavzuga oid