Jamiyat | 17:16 / 26.03.2019
6717
4 daqiqa o‘qiladi

Uzbekistan fashion week: memorandumlar, ko‘rgazmalar va xorijlik mutaxassislardan mahorat darslari

“Yoshlar press-klubi”da Uzbekistan fashion week xalqaro moda haftaligiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda BAA, Iordaniya, Italiya, Fransiya, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston kabi mamlakatlarning mashhur dizaynerlari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi qoshidagi “Yosh dizaynerlar Kengashi” vakillari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.

Anjuman qatnashchilari loyiha maqsadi va uning dasturi bilan tanishib chiqdi. 5 kunlik dastur doirasida Ikat Day: Uzbekistan fashion week - 2019’ning maxsus dizaynerlari va ishtirokchi dizaynerlari bilan uchrashuv, yosh dizaynerlar liboslari ko‘rgazma va yarmarkasi, yurtimizda faoliyat olib borayotgan dizaynerlarning moda uylariga sayohat hamda Ikat adras matosi to‘plamlari namoyishi o‘tkaziladi.

Shuningdek, “Metrics” xalqaro moda akademiyasi asoschisi rossiyalik dizayner  Yekaterina Aslamova tomonidan yosh dizaynerlar uchun mahorat darslari tashkil etiladi. Haftalik “Haute couture”, “PRET-A-PORTE” ko‘rgazmalari va “ASHI Studio” nufuzli xalqaro brendining liboslar namoyishi bilan o‘zgacha tus olishi kutilmoqda.

— Mazkur haftalik orqali zardo‘zlik, kashtachilik yo‘nalishlaridagi o‘zbek moda brendlarini dunyoga tanitmoqchimiz, — deydi “Yosh dizaynerlar Kengashi” raisi. — Loyihada milliy liboslar, kundalik kiyimlar va xalqaro miqyosdagi maxsus liboslar ko‘rgazmasini namoyish etib, 4 nafar xalqaro moda haftaliklari prezidentlari bilan o‘zaro hamkorlik memorandumlari imzolashni rejalashtirganmiz.

Muloqotda yosh dizaynerlar 27 mart kuni bo‘lib o‘tadigan “Imidj” tanlovining final bosqichi, hakamlar hay'ati a'zolari tarkibi va baholash mezonlari bilan bog‘liq savollarga javob olishdi. Spikerlar yosh dizaynerlarni 25-26 may kuni Buxoroda o‘tkaziladigan “Ipak va ziravorlar” xalqaro festivaliga taklif etdi.

Loyiha dasturi asosida mahalliy va xorijlik dizaynerlarda qiziqish uyg‘otgan Xalqaro moda haftaliklari prezidentlari bilan uchrashuv o‘tkazilishi ta'kidlandi. “Uzbekistan fashion week - 2019” xalqaro moda ko‘rgazmalari Toshkent, Samarqand hamda Buxoro shaharlarida bo‘lib o‘tadi. 29 mart kuni xorijlik dizaynerlar qadimiy va hamisha navqiron Samarqand bo‘ylab sayohat qiladi. 30 mart Ko‘hna va boqiy Buxorodagi “Buxoro Brilliant Silk” korxonasi faoliyati bilan tanishtiriladi.

Loyihada qatnashayotgan chet ellik dizaynerlar bilan tajriba almashinuvi davomida yosh dizaynerlarning ijodiy salohiyati oshiriladi. Qolaversa, yangi iqtidor sohiblari kashf etiladi.

Haftalik davomida xorijlik dizaynerlar va o‘zbek dizaynerlari o‘rtasida biznes hamkorlik shartnomalari tuziladi. Yosh dizaynerlarimiz so‘nggi 2 yil davomida Sharq mamlakatlari orasida nom taratgan “ASHI Studio” brendi vakillari bilan fikr-mulohazalar almashib, 2019 yilgi moda yo‘nalishidagi yangiliklar, milliylik va zamonaviylik uyg‘unligidagi yangicha yondashuvda ishlangan liboslar dizayni bo‘yicha o‘z bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlab oladi.

—13 yoshimdan buyon dizaynerlikka qiziqaman. Aynan shu sohada tahsil olganman. O‘tgan yildan boshlab professional tarzda faoliyat yurita boshladim, – deydi Dubay shahridagi “Honey Mona” brendining asoschisi Mona Hussayn Muhammad Odeh. —Asosan uzun, zamonaviy ko‘rinishdagi “ Abaya” nomli ayollar liboslarini yarataman. Mazkur haftalik orqali o‘zbek milliy matolari va liboslari haqida ma'lumotga ega bo‘lib, mamlakatning o‘ziga xos milliy urf-odatlari va qadriyatlari bilan tanishib chiqmoqchiman. Shu qatorda o‘zim yaratgan liboslarni ko‘rgazma qilishni ham rejalashtirganman.

Mavzuga oid